Tilanchilik uchun javobgarlik belgilanmoqda: Bunda yana nimalarga e'tibor qaratish kerak?
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi yig‘ilishida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi tilanchilarni javobgarlikka tortishga oid qonun loyihasi qizg‘in muhokamalar asosida ko‘rib chiqildi.
Unga ko‘ra, tilanchilik faoliyati bilan shug‘ullanganlarni ma'muriy javobgarlikka, so‘ng shunday harakatlarni yana takroran sodir etsa, jinoiy javobgarlikka tortish belgilanmoqda. Bunday qilmish uchun taklif etilgan jazo choralarini belgilashda ham tegishli kodekslar xususiyatidan kelib chiqib yondashilgan.
Albatta, bu aksariyat aholi kundalik hayotida duch keladigan holat hisoblangani uchun ham fuqarolarimiz tomonidan Normativ-huquqiy hujjatlar muhokamasi portalida va ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilindi. Ayrimlar ushbu loyihani ma'qullasa, yana boshqalar bunga qarshi fikrda ekanligi ayon bo‘ldi.
Kezi kelganda, ushbu qonun loyihasi tashabbuskorlari, avvalo, jamiyatdagi dolzarb masalani hal etish yuzasidan qonunchilikka qo‘shimcha kiritishni taklif etganini ijobiy baholash mumkin. Chunki so‘nggi vaqtlarda ko‘chalarda, jamoat joylarida tilanchilik bilan shug‘ullanadiganlar ko‘payib borayotganligi bu mavzuni jiddiy o‘rganishni taqozo qildi. Ularning, ayniqsa, serqatnov yo‘llarda turib avtomobil haydovchilaridan pul so‘rashi yoki yosh bolalarni ko‘tarib olib yoki ergashtirib, odamni rahmini keltirishga urinishlari, turli jamoat transportlariga chiqib tilanchilik qilishlarini ko‘pchilik yaxshi biladi. Afsuski, bu holatlar kamaymayapti. Hozirga qadar bunday qilmish uchun qonunchilikda aniq javobgarlik belgilanmaganligi ham mazkur muammoning ildiz otishiga sabab bo‘lmoqda, deyish mumkin.
Qonun loyihasiga muvofiq, avvalo, jamoat joylari, ya'ni aeroport, vokzal, park, dam olish maskanlari, bozorlar va savdo majmualari hududlari, bekatlar, avtomobil yo‘llari, madaniy meros obektlari joylashgan hududlarda tilanchilik faoliyatini amalga oshirganlarga nisbatan javobgarlik belgilanishi nazarda tutilmoqda.
Shu o‘rinda afsuslanarli bir holat xususida to‘xtalib o‘tish joiz. Ya'ni, tilanchilik qiluvchi shaxslardan guruhlar tuzib, turli darajada imkoniyati cheklanganlarni nogironlik aravachalariga o‘tqazib, jamoat joylariga joylashtiradigan, ular orqali “tadbirkorlik” qiladigan “uddaburon”lar ham borligini nazardan chetda qoldirib bo‘lmaydi. Qonun loyihasida bunday “uddaburon” shaxslarga nisbatan jazo yanada jiddiyroq tarzda belgilanganligi ayni muddaodir. Chunki ular oddiy tilanchilar sonining ko‘payishiga sababchi bo‘lmoqda. Fikrimizcha, javobgarlikni qo‘llashda shu jihatga ko‘proq e'tibor qaratilishi zarur.
Masalaning yana boshqa bir jihati ham bor. Mamlakatimizda turizmni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan sa'y-harakatlarga ham bunday illatlar o‘z salbiy ta'sirini ko‘rsatishi ehtimoldan xoli emas. O‘zbekistondagi eng chiroyli go‘shalarni, go‘zal tarixiy obidalarimizni zavq va qiziqish bilan kuzatayotgan kishi qarshisidan biror “uddaburon” yo‘llagan tilanchining chiqishi, tabiiyki, sayyohning ham dilini xira qiladi.
Ko‘pni ko‘rgan insonlar, nuroniylarning fikricha, haqiqiy nochor, iqtisodiy qiyinchilikka uchraganlarning ham kamdan-kam qismi tilanchilik qiladi. Negaki, halol rizq topishga odatlangan xalqimiz azaldan bunday ishlardan or qiladi. Tilanchilik qiluvchilarning ko‘pchiligi mehnat qilmasdan yashashga o‘rgangan, boshqalar hisobiga kun ko‘ruvchi shaxslar ekanligini jamoatchilik fikridan ham anglash qiyin emas.
Fikrimizcha, faqat javobgarlikni qo‘llash yo‘li bilangina emas, balki bu borada tushuntirish-targ‘ibot ishlarini ham kuchaytirish zarur. Diniy ta'limotlarda ham mazkur qilmishlar qoralanib, insonlarni halol mehnat qilib, turmush kechirishga chaqirilgan. Bu borada din ulamolari ham ushbu masalaga o‘z munosabatlarini bildirishsa, diniy manbalarda, shariatda bunday qilmishlarning jazosi haqida OAVda chiqishlar qilishsa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi.
Ushbu qonun loyihasi birinchi o‘qishda kontseptual jihatdan ma'qullandi. Uni ikkinchi o‘qishga tayyorlashda normalar yanada aniqlashtiriladi.
Deputatlar ham mazkur hujjatni keyingi o‘qishlarga tayyorlash va qabul qilish jarayonida, kam ta'minlangan, haqiqatda ham nochor hamda yolg‘iz, boquvchisi yo‘q pensionerlarni, shuningdek, majburlikdan mazkur ishga qo‘l urganlarni imkon qadar javobgarlikka tortilmaslikning huquqiy mexanizmlarini aniq belgilanishiga harakat qilishlari zarur.
Albatta, tilanchilar soni, ularning asosiy joylashuvi, bunday shaxslardan tuzilgan guruhlar, ulardan foydalanib daromad olayotgan “tadbirkor”lar, ularning jamiyatga yetkazayotgan ziyoni haqida tahliliy ma'lumotlar ham chuqur o‘rganiladi. Shuningdek, iqtisodiy qiyinchilik orqali shunday ishlarga majbur bo‘lganlarning holati tahlil qilinib, ularga sharoit yaratish masalalari ham ko‘rib chiqiladi.
Shuni unutmaslik lozimki, qonunda muayyan javobgarlik belgilanishi targ‘ibot va tarbiya vazifasini ham o‘taydi. Chunki javobgarlik mavjudligining o‘zi ham bunday qilmishlardan ko‘pchilikni qaytaradi. Zero, qonunning tarbiyaviy funksiyasi ham mavjud.
Shuningdek, qonunning vazifasi faqatgina javobgarlikka tortish emas, balki jamiyatda tartib o‘rnatishdir. Mazkur qonunning qabul qilinishi jamiyat hayotidagi bir illatni bartaraf etishga, jamoat joylarida bu borada tartib o‘rnatilishiga xizmat qiladi.
Shuhrat Yakubov,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi
O‘zbekiston “Adolat” SDP fraksiyasi a'zosi
Mavzuga oid
10:40 / 06.11.2024
Psixologik yordam ko‘rsatish qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik belgilandi
13:38 / 23.10.2024
Yerdan foydalanish haqidagi qonunchilik talablarini buzganlik uchun javobgarlik kuchaytiriladi
07:50 / 09.10.2024
Qasddan badanga yengil shikast yetkazganlik uchun javobgarlik yengillashtirildi
12:29 / 21.09.2024