Muxlis maktubi: yo‘llarda o‘limlar kamayishi uchun haydovchilarni o‘qitish tizimi isloh qilinishi kerak
Assalomu alaykum, hurmatli Kun.uz tahririyati. Men bir necha yillardan beri sizlarning muxlisingizman. Toshkent shahrida istiqomat qilaman.
Oxirgi paytlarda juda ko‘plab yo‘l-transport hodisalari o‘lim bilan tugash holatlari qayd etilmoqda. Ayniqsa, kuni-kecha saytda e'lon qilingan, Samarqand viloyatida ikki norasidaning yo‘l-transport hodisasida halok bo‘lgani haqidagi maqola meni ushbularni yozishga undadi.
Yaqin-atrof mahallada ham ko‘plab insonlar yaqin insonlaridan judo bo‘lganligi haqidagi xabarlar kelib turadi. Bunday holatlarni eshitib achinmasdan qolmaysan, yuraging eziladi, albatta.
Sizga yo‘llayotgan maktubimdan maqsad — shunday holatlarni kamaytirish uchun taklif berish va bunday vaziyatning asl sabablarini biroz yoritish.
O‘zim 6 yillik tajribaga ega haydovchiman. Hozirgi kunda yuqorida tilga olingan kabi holatlarni kamaytirish maqsadida mutasaddi xodimlar tomonidan anchagina ishlar olib borilmoqda, albatta. Lekin kasalni davolash emas oldini olish kerak, deganlaridek, masalani har tomonlama chuqur o‘rganish lozim.
Hech kimga sir emaski, hozirgi kunda haydovchilik guvohnomasini hamma ham o‘qib-o‘rganib, o‘zlashtirish davomida transport vositasini barcha qoidalariga amal qilgan holda boshqarishga tayyor bo‘lib, o‘z kuchi bilan olmaydi.
Shu kunlarda otam Toshkent shahridagi avtomaktablardan birini tamomladi. O‘qish uchun 1.700.000 so‘m to‘ladi. Qiziq tarafi — har bir qoldirilgan dars “stavkasi” 35.000 ming so‘mdan ekan. Umuman darslarda qatnashmasdan haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lish — 300 ming so‘m. Ichki imtihonlar 35.000 ming so‘m. YHXBda imtihondan o‘tish ham — 300 ming so‘m!
Tizimni qarang, ajoyibligini! Yana qaytarib aytamanki, bu hech kimga sir emas. Hammasi oshkora, ochiq-oydin. Achinarli tarafi — shu pullarni olayotganlar, farzandlariga yedirayotganlar, uy qurib, to‘y qilayotganlar poraxo‘rlik ortidan harom pul topishayotganini bilisharmikan?!
Shu pullarni olayotganlar yaqinlaridan kimdir mashina ostida qolib, o‘zi yetim qolib yoki qon yig‘lab farzand dog‘ida adoyi tamom bo‘layotgan qanchadan-qancha odamlar borligi haqida bilisharmikan?!
Shu pullarni olayotganlar agar o‘zining bolasi yaqini qarindoshlarini yaqindagina haydovchilik guvohnomasini pulga sotib olib o‘quvsiz qonun qoidalardan bexabar holda bosib ketsa qanday munosabatda bo‘lisharkan?
Shu pullarni olayotganlar yaqindagina Samarqand viloyatida ikki farzandidan ayrilib qon yig‘lab qolgan ota-ona va ularning yaqinlari qanday ahvolga tushishgani hech o‘ylab ko‘rishganmikan?
Yoki harom pullar bilan oziqlangan jasadga bunday narsalarni his qilish umuman begonami? Harom pullar bilan boqib katta qilgan farzandlari ertaga kim bo‘ladi? Tamagir poraxo‘r, o‘g‘ri muttaham bo‘ladimi?
Bir juma ma'ruzasida imom domla “Yo‘l-transport hodisasida odam o‘ldirib qo‘ygan kishining gunohiga haydovchilik guvohnomasini sotgan, o‘qitmagan mutasaddi kishilar ham sherik bo‘ladi”, degandi. Albatta, qars ikki qo‘ldan chiqadi, deganlaridek faqat pora oluvchi emas beruvchilar ham bu ishlarda teng sherik.
Haydovchilik guvohnomasi olish uchun o‘qiyotgan kishilarga maslahatim: barcha ishlarni chetga surib, ta'til olib, bor-yo‘g‘i 3 oylik o‘qishda puxta tayyorlanib o‘qib, o‘rganib, imtihonlarni o‘z kuchlari bilan topshirib, “namunali haydovchi” bo‘lib yetishishsin. Hech qanday tayyorgarliksiz poraxo‘rlarni “boqib”, ertaga yo‘llarda ham hammaning “asabiga” tegib, ota-onasi-yu, o‘rgatgan ustoziga “rahmat” keltirib, o‘zining, yaqinlarining, yo‘l harakati ishtirokchilarining hayotini xavf ostiga qo‘yib yurgandan ko‘ra, puxta tayyorgarlik bilan o‘qib olishsin!
Agar pul tama qilish haydovchilik guvohnomasini olishda qandaydir to‘siqlarga duch kelishsa mutasaddi tashkilotlarga xabar berishlarini so‘rab qolardim. “Hamma berar ekan, bermasa bo‘lmas ekan”, deb “poda” kabi fikrlashmasin.
O‘zim ham 2013 yil haydovchi degan nomga ega bo‘lganman. O‘sha paytlarda ham hozirgidek 150.000 so‘m bermasa o‘tkazmas ekan, degan safsata, bo‘lmag‘ur gaplar yurgan.
Puxta tayyorgarlik 3 oylik mehnat bilan 10 daqiqada hech qanday “to‘lovlarsiz” haydovchilik guvohnomasini olganman. Zero, o‘qish o‘zimiz va yaqinlarimiz uchun kerak.
Afsuski, bizda haydovchilarning qay darajada “madaniyatli” ekani hech kimga sir emas. Yo‘llarda oddiy elementar qoidalarni aksar haydovchilar bilmasligi achinarli holat. Ayniqsa, chet ellarga transport vositasini boshqarib qaytgan kishilar u yerlardagi haydovchilar bilan bizning haydovchilar orasidagi farq yaqqol sezilishini aytishadi.
To‘g‘ri, hech kim ona qornidan haydovchi bo‘lib tushmaydi. Modomiki mavjud tizimda turli qing‘irliklarga yo‘l qo‘yib, sifatsiz haydovchilarni tayyorlayotgan ekanmiz, demak, chet el haydovchi tayyorlov tizimlaridan o‘rganadigan narsalarimiz ko‘p.
Yuqoridagilarni inobatga olib mutasaddi tashkilot va rahbarlardan haydovchilik guvohnomasi uchun o‘qitish tizimini takomillashtirish, poraxo‘r, tamagir xodimlar ustidan chora ko‘rishni so‘rab qolardim. Bir necha kishining hayotiga zomin bo‘lingandan keyin u yerga kamera qo‘yib, kecha-yu-kunduz YPX xodimi navbatchilik qilib, qancha yo‘l belgilari-yu yotiq chiziqlar chiziladi, lekin bo‘lar ish bo‘lib bo‘lgan bo‘ladi. O‘lgan odamlar qaytib kelmaydi.
Botirjon Xudoyqulov,
Toshkent shahri.