O‘zbekiston | 19:12 / 05.11.2018
20800
5 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda Bojxona instituti qayta tashkil etildi​

Foto: Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasining Oliy harbiy bojxona instituti O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasining Bojxona instituti etib qayta tashkil etildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ​2 noyabr kuni imzolangan “O‘zbekiston Respublikasi bojxona organlari kadrlarini tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorda shunday deyiladi. 

Qarorga muvofiq, yangidan qayta tashkil etilgan Bojxona instituti bojxona organlari xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish bo‘yicha ixtisoslashtirilgan oliy ta'lim hamda ilmiy-metodik muassasa sifatida belgilandi.

Institutda bojxona ishi sohasidagi xalqaro standartlarni hisobga olgan holda ikki bosqichli “Bojxona ishi” va “Yurisprudentsiya (iqtisodiy xavfsizlikni huquqiy ta'minlash)” mutaxassisliklari bakalavrlarni hamda “Bojxona ishi (faoliyat turlari bo‘yicha)” va “Soliq va bojxona huquqi” mutaxassisliklari bo‘yicha magistrlarni tayyorlash amalga oshirilishi nazarda tutilgan.

Hujjatda mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha malaka talablari, o‘quv rejalari va dasturlarining amaliyotga yo‘naltirilganlik jihatini kuchaytirish orqali kadrlar tayyorlash sifatini oshirishga alohida e'tibor qaratilgan. Jumladan, bitiruvchilarda yetarli amaliy ko‘nikmalarni shakllantirish maqsadida 2018-2019 o‘quv yilidan nomutaxassislik fanlarning hajmini kamaytirish va mutaxassislik fanlari hajmini oshirish hisobidan uch yillik nazariy kurs hamda hududiy bojxona boshqarmalarida bir yillik stajirovka o‘tashdan iborat o‘qitish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

Mutaxassislik sohasidan bilim va malaka bilan birgalikda xorijiy tillardan birini mukammal bilish, kasbiy faoliyatda axborot kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish ko‘nikmasiga hamda mustahkam irodaga ega bo‘lish zamonaviy bojxonachi uchun zarur bo‘lgan muhim kompetensiyalar sirasiga kiradi. Shu bois, kursant va tinglovchilarni psixologik bardoshliligini oshirish va xorijiy tillarni o‘rganishni zamonaviy tizimini joriy etish maqsadida Til va psixologik tayyorgarlikni rivojlantirish markazi faoliyat yuritadi.

Institut o‘quv jarayonida axborot kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish hamda samarali boshqaruv tizimini joriy etish bo‘yicha ishlab chiqiladigan Kompleks chora-tadbirlar dasturida trenajyer-imitatsion komplekslar va moslashuvchan avtomatlashtirilgan trenajyerlarni joriy etish hisobiga kursantlarni nazariy va amaliy tayyorlash texnologiyalarini takomillashtirish, o‘quv videofilmlari va elektron o‘quv modullari hisobiga ta'lim resurslari bazasini shakllantirish, professor-o‘qituvchilar va kursantlarning global axborot-huquqiy resurslaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish nazarda tutilmoqda. Xususan, institut Axborot resurs markazini “Elektron ta'lim” milliy tarmog‘iga beg‘araz asosda ulanishini, shuningdek Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasining axborot-kutubxona fondiga va yetakchi xorijiy axborot-kutubxona resurslari fondlaridan uzluksiz foydalanish imkoniyat yaratiladi.

Professor-o‘qituvchilar tarkibi yuqori darajadagi kasbiy va pedagogik mahoratga, shu jumladan bojxona organlarida amaliy ish tajribasiga ega bo‘lgan mutaxassislar bilan mustahkamlanadi, mutaxassislik fanlari o‘qituvchilarini bevosita bojxona organlarida muddati bir yilgacha bo‘lgan maqsadli rotatsiya qilish amalga oshiriladi.

Qaror bilan bojxona organlari rahbar kadrlarini tayyorlash uchun o‘qish muddati 3 oydan iborat bo‘lgan “Bojxona menejmenti” oliy kurslari joriy etilganligi bu boradagi ishlarni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqadi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi bilan birgalikda institutda o‘qitiladigan fanlar va predmetlar bo‘yicha yangi avlod darsliklari va o‘quv qo‘llanmalari tayyorlanadi.

Bojxona ishining dolzarb muammolari bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish, natijalarini chop etish uchun Institut huzurida “O‘zbekiston bojxona axborotnomasi” davriy ilmiy jurnali faoliyat yuritadi. Institut xodimlariga Davlat bojxona qo‘mitasining Maxsus jamg‘arma mablag‘lari hisobidan lavozim maoshining 70 foizi miqdorida oylik ustama belgilandi.

Mavzuga oid