Jamiyat | 15:30 / 07.11.2018
6578
4 daqiqa o‘qiladi

Yil boshidan buyon Samarqandda oziq-ovqatdan 57 kishi zaharlandi va bir kishi vafot etdi

Foto: Depositphotos

So‘nggi oylarda ko‘p hududlarda ommaviy zaharlanish bilan bog‘liq, jamoatchilik o‘rtasida katta rezonans keltirib chiqargan hodisalar qayd etildi. Samarqandda hot-dog yeb zaharlangan 27 kishi voqeasi viloyat favqulodda komissiyasining zudlik bilan o‘tkazilgan yig‘ilishi mavzusi bo‘ldi, deb yozadi «Narodnoye slovo».

Tadbirda umumiy ovqatlanish sohasidagi tashvishli tendensiyalar haqida signal beruvchi faktlar ochiqlandi.

«Yil boshidan buyon viloyatda oziq-ovqatdan zaharlanish bilan bog‘liq beshta hodisa qayd etildi, ularning natijasida 57 kishi jabrlandi va bir kishi vafot etdi. Zaharlanish sabablari sifatida uy sharoitlaridan tayyorlangan konserva mahsulotlari, umumiy ovqatlanish joylarida texnologik va sanitariya-gigiyena qoidalariga xilof ravishda tayyorlangan ingridiyentlardan foydalanish ko‘rsatib o‘tilgan. Masalan, eng so‘nggi holat — Sartepa massivida hot-doglardan ommaviy zaharlanish sababi qo‘lbola mayonez bo‘lgan», — deb qayd etgan o‘z hisobotida Samarqand viloyat davlat sanitariya-epidemiologiya nazorat markazi rahbari O.Boyqobilov.

Shuningdek, zararli qo‘shilmalarga ega taom bilan savdo qilgan inson kerakli tarzda ro‘yxatdan o‘tmasdan tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullangani, fast-fud esa talabga mutlaqo javob bermaydigan sanitariya-gigiyenik sharoitlarda tayyorlangani ma'lum bo‘ldi. Bu yerda hattoki ishlatilgan oshxona anjomlarini yuvish uchun suv ham bo‘lmagan. Savdo nuqtasi sotuvchilarida tibbiyot daftarchasi yo‘q bo‘lgan. Mash'um savdo nuqtasida tayyorlangan sous, salat va boshq mahsulotlar, pichoq va likobchalarda ichak tayoqchalari va stafilokoklardan iborat o‘ta xavfli bakteriyalar to‘plangani, ular sifatsiz mayonez bilan birlashganidan so‘ng insonlarning ommaviy zaharlanishiga sabab bo‘lganini ko‘rsatdi.

Viloyat favqulodda komissiyasi yig‘ilishida birgina viloyat markazi bo‘lmish Samarqand shahrida 200dan ortiq turli fast-fudlar tayyorlovchi nuqtalar faoliyat ko‘rsatayotgani tilga olingan. Tadbirkorlik sub'yektlarini tekshirishlar soni qisqartirilgani bois, bugungi kunda taom tayyorlanish texnologiyasi va sanitariya-gigiyenik holatning obektiv manzarasini hosil qilish birmuncha murakkablashgan. Umumiy ovqatlanish korxonalarining aksariyati qoidabuzarlik bilan faoliyat ko‘rsatmoqda. Masalan, tadbirkorlar bir faoliyat turini ro‘yxatdan o‘tkazib, aslida umumiy ovqatlanish faoliyati bilan shug‘ullanishmoqda.

Ayniqsa, ko‘plab ta'lim muassasalarida turli buterbrodlar va ekspress-taomlar bilan savdo qilish me'yorga aylanib borayotgani kishini tashvishlantirmasdan qolmaydi. Bunday nonushta va tushliklar qanday sharoitlarda va qanday texnologiyalar asosida tayyorlanmoqda, ularni nazorat qilishning amalda imkoni yo‘q, chunki bunday taomlar sotuvchilar tomonidan uyidan yetkazib beriladi yoki bevosita o‘quv muassasalarining o‘zida, moslashtirilmagan sharoitlarda tayyorlanib, realizatsiya qilinadi.

Oziq-ovqatdan zaharlanishga doir yana bir potensial tahdid Samarqand shahridagi bozorlarda yashirinib yotibdi. Bu yerda uy sharoitlarda tayyorlangan pishiriqlarni piyodalar yo‘lkasiga qo‘yib sotish urfga kirgan. Bunday faktlar bir necha bor mahalliy ommaviy axborot vositalarida, mahalliy hokimiyat organlari tomonidan tanqid ostiga olingan. Lekin uyda tayyorlangan taomlarning ko‘cha va ko‘chaoldi savdosiga qarshi kurash samaradorligi qisqa vaqt uchun amal qiladi. Reydlar va ma'muriy ta'sir choralaridan so‘ng bozorlarga yondosh hududlar yana ulkan shvedcha stol ko‘rinishini  oladi.

Mavzuga oid