7 noyabr kuni AQSh fuqaro aviatsiyasi federal agentligi B737 MAX samolyotlaridagi muhim uzatgichlar ishlamay qolishi mumkinligi haqida ogohlantiruvchi yo‘riqnoma chiqardi. Unda muammoni qanday aniqlash va qanday choralar ko‘rish lozimligi aytilgan. Agarda mazkur qurilma ishdan chiqsa, samolyot “ko‘r bo‘lib qolishi” va osmonda yo‘nalishni yo‘qotishi mumkin. Dunyo bo‘yicha yuz ellikdan ortiq ana shunday xavfli samolyot parvoz qiladi, ammo FAA ularning aniq soni haqida ma'lumot bermayapti.
Kichkina uzatgichning katta muammosi
Samolyot tumshug‘ining chap tomonida, uchuvchi kabinasi ostida uzatgichlar joylashgan bo‘ladi. Ulardan biri bayroqcha va flyugerga o‘xshab ketadi. U hujum burchagi sensoridir (Angle Of Attack). Muammo ana shu uzatgichda aniqlangan. Qurilma samolyot qanotining qarshi havo oqimiga nisbatan burchak holatini aniqlaydi. Oddiyroq qilib aytganda, samolyot tumshug‘ining qanday holatda turganligini.
Agarda uzatgichda nosozlik bo‘lsa, samolyot aslida bir tekisda uchayotgan bo‘lsa ham uning tumshug‘i ko‘tarilib yoki tushib ketmoqda deb o‘ylaydi. Samolyotni tekis holatga keltirish uchun avtopilot ishga tushadi. Natijada samolyot aslida tekis holatda turgani sababli layner keskin tarzda pastga sho‘ng‘iydi yoki aksincha tik holda ko‘tariladi. Har ikki holat ham xavfli hisoblanadi. Pastga sho‘ng‘isa yerga urilishi, tepaga ko‘tarilsa dvigatellar quvvati yo‘qolib, pastga qulashi mumkin.

Indoneziyadagi halokat
Hujum burchagi sensori xavfi haqida 29 oktabrda Lion Air samolyoti halokatga uchraganidan so‘ng gapirila boshlandi. Indoneziya kompaniyasining Boeing 737 MAX 8 samolyoti havoga ko‘tarilganidan 13 daqiqa o‘tib dengizga quladi. Samolyotdan foydalanila boshlaganiga endigina uch oy bo‘lgandi. Uning bortidagi 189 kishining barchasi halok bo‘ldi.
Hozirda katta ehtimol bilan halokatga o‘sha uzatgich sabab bo‘lgani taxmin qilinmoqda.










