Eksport qilinayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotining kelib chiqish sertifikatini olish soddalashtirildi
TSV, MV va DBQning qarori bilan Tovarlarning kelib chiqishini sertifikatlashni o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi, deb yozmoqda Norma.
Ma'lumot uchun: ko‘pincha mamlakatlar o‘zaro tovar ayirboshlashda maqbul bojxona bojlari, soliqlar va yig‘imlar haqida ahdlashib oladilar. Masalan, MDH mamlakatlari o‘rtasida Erkin savdo zonasini tashkil etish to‘g‘risida bitim (Moskva, 15.04.1994 y.) tuzilgan. Ahdlashuvlarni amalda ro‘yobga chiqarish uchun tovarning kelib chiqish sertifikatlaridan foydalaniladi. Ular ishlab chiqaruvchi mamlakatni tasdiqlaydi va olib kirish chog‘ida hamkor davlat «o‘tkazish punkti» bo‘lib xizmat qiladigan uchinchi mamlakatlar mahsulotlaridan uning tovarlarini farqlash imkonini beradi. Bundan tashqari, ayrim mamlakatlar uchun eksport-importga cheklovlar joriy etilishi mumkin. Bunda ham sertifikatga ehtiyoj yuzaga keladi.
Qabul qilingan hujjat bilan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari uchun hujjat olish tartibiga 2 ta istisno kiritildi.
Birinchidan, MDH mamlakatlariga eksport qilish chog‘ida qo‘llaniladigan ST-1 shaklidagi sertifikatni olish uchun ariza beruvchi «O‘zbekekspertiza» AJ yoki uning bo‘linmalariga taqdim etadigan ancha qisqartirilgan hujjatlar paketi tasdiqlandi. Bunda quyidagi hujjatlarning nusxalari haqida so‘z bormoqda:
• yetkazib beruvchi va xaridor o‘rtasidagi eksport (reeksport) qilinayotgan tovar bo‘yicha shartnoma (kontrakt asosida eksport qilingan taqdirda);
• eksport qilinayotgan tovarga hisobvaraq-faktura (invoys);
• eksport qilinayotgan tovarning kelib chiqishini tasdiqlaydigan hujjatlar (eksport qiluvchining yer uchastkasidan foydalanish huquqini tasdiqlovchi, O‘zbekistonda yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari sotib olinganligini tasdiqlovchi va h.k.).
Bunda sertifikat olish uchun murojaat qilingan kuni mazkur hujjatlarni taqdim etish imkoniyati bo‘lmaganda, ariza beruvchi tomonidan eksport qilinayotgan mahsulotning nomi, hajmi, tayyorlovchisi va yetishtirilgan hududi haqidagi ma'lumotlarni o‘z ichiga oluvchi xat taqdim etilishiga ruxsat etiladi (xalqaro me'yorlarga muvofiq tovar olib kirilayotgan mamlakatning bojxona yoki boshqa vakolatli organlari tomonidan so‘rovnoma kelganda, ariza beruvchi yuqorida ko‘rsatilgan hujjatlarni taqdim etishi lozim).
So‘ng majburiy tartibda ekspertiza o‘tkaziladi. Unda haqiqatan ham qishloq xo‘jaligi mahsulotlari O‘zbekiston Respublikasida yetishtirilganligi aniqlanadi.
Barcha turdagi tovarlarni ekspertizadan o‘tkazish tartibiga jiddiy aniqlik kiritildi. Gap shundaki, tovar to‘laligicha O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan yoki TIF TN bo‘yicha dastlabki to‘rtta kod belgisi o‘zgarishiga olib keladigan yetarli darajada qayta ishlangan yoxud uni ishlab chiqarishda foydalanilgan materiallar qiymati yoki qo‘shilgan qiymati tovar narxida muayyan qat'iy belgilangan ulushga yetganda sertifikat beriladi. Endi kelib chiqishi noma'lum bo‘lgan materiallar «yetarli darajada qayta ishlanganlik» mezoniga muvofiq tahlil qilinganda xorijiy materiallar deb hisoblanadi. Masalan, ehtiyot qism qayerda ishlab chiqarilganligi noma'lum, shu sababli uskuna tarkibida u xorijiy material sifatida hisobga olinadi.
Bundan tashqari, arizani topshirish sanasidan sertifikat berish sanasigacha bo‘lgan muddat 3 kundan 2 kunga qisqartirildi (ekspertiza o‘tkazish va sertifikatni rasmiylashtirish uchun 1 kundan).
Ikkinchidan, ariza beruvchiga ST-1 shaklidagi sertifikat talab etilmasa, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ekspertizadan o‘tkazishi majburiy emas. Boshqa shakldagi sertifikatni (Nizomga 4-ilova) olish uchun qabul qilingan hujjat bilan blankasi tasdiqlangan ariza-deklaratsiyani taqdim etish kifoya. Uni qog‘oz yoki elektron shaklda taqdim etish mumkin.
Bu holda «O‘zbekekspertiza» AJ taqdim etilgan hujjatlarni shundayligicha qabul qiladi, sertifikat esa ariza-deklaratsiya taqdim etilgandan keyin 1 kun ichida rasmiylashtiriladi. Biroq eksport qilinayotgan tovarlar bo‘yicha ular olib kirilayotgan mamlakatning vakolatli organlari noto‘g‘ri yoki ishonchsiz ma'lumotlarni aniqlagan taqdirda, ariza beruvchida kelib chiqish mamlakatini tasdiqlovchi barcha hujjatlarni taqdim etish va barcha xarajatlarni to‘lash majburiyati yuzaga keladi.
Mavzuga oid
20:46 / 07.11.2024
Prezident 10 ta sel suv ombori qurish ishlarini boshlashni buyurdi
19:07 / 07.11.2024
2025 yilda kanallarni betonlashtirishga 800 milliard so‘m ajratiladi
18:21 / 07.11.2024
Prezident suv ta’minoti og‘ir tumanlarda sug‘orishni «aqlli tizimga» o‘tkazishni buyurdi
12:50 / 04.11.2024