Jahon | 19:32 / 25.11.2018
27803
7 daqiqa o‘qiladi

Xitoylik sobiq o‘rdakboqar qiz Apple uchun sensor ekranlardan 7 milliard dollar ishlab olgani haqida

Foto: VCG / Getty Images

Yoshligida Chjou Tsyunfey o‘rdak boqqan va shisha ishlab chiqaruvchi zavodda kuniga 1 dollar maosh evaziga ishlagan. Ayni paytda u Xitoyning eng badavlat ayollaridan biri, deb yozadi Forbes Russia.

Chjou Tsyunfey (Forbesʼning global ro‘yxatida 7,8 milliard AQSh dollariga teng boylik bilan 198-o‘rinda) 1970 yilda Xitoydagi kichikroq Syangsang shaharchasida tug‘ilgan. U besh yoshligidan onasidan ajraladi, otasi esa keyinroq ishlab chiqarishda jarohat olib, barmoqlari va ko‘zlaridan ayriladi. Chjou yoshligidan oilasining yashashi uchun o‘rdaklarga qaragan. Lekin u o‘qishga ham ulgurgan, biroq 16 yoshida amakisi yashaydigan Shenchjen shahriga ko‘chib o‘tishga majbur bo‘lishganida o‘qishni ham tashlagan. Qizaloq dizayner bo‘lishni orzu qilardi, lekin soat uchun shisha ishlab chiqaruvchi fabrikaga ishga kirishgagina muvaffaq bo‘ladi. U yerda qiz kuniga 16–18 soatlab ishlab, linzalarni yaltiraguncha sayqallar va kuniga 1 dollar maosh olardi. Bu fabrikani tanlagani bejiz emasdi, uning binosi Chjou kechalari o‘qishga boradigan universitetning yonida joylashgandi.

22 yoshida Chjou soat shishasini silliqlash bo‘yicha yetuk mutaxassis bo‘lib yetishdi, kunlarning birida u shu ishini faqat o‘zi uchun davom ettirishi mumkinligini anglab yetdi. Oilasi bilan yashaydigan mo‘'jaz kvartirada chinakam shisha sanoati paydo bo‘ldi. Dastlabki ishchilari o‘zining qarindoshlari edi. Chjouning o‘zi stanoklarni sozlar, shuningdek murakkabroq, nozikroq ishlarni bajarish texnologiyasini o‘rganib borar edi. Xitoyda bunday biznesni yo‘lga qo‘yishning ayni vaqti edi — chunki ishchi kuchi rivojlangan davlatlarga nisbatan arzon edi va jahonning ko‘plab kompaniyalari ishlab chiqarishni autsorsing asosida Xitoy kompaniyalariga buyurtma qilardi. Ishlab chiqarish sekin-asta kengaya bordi va oradan 10 yil o‘tib, Chjouning o‘zi minglab ishchilarga maosh to‘lay boshladi. Bu vaqt ichida Xitoyning YaIMi real ifodada 2,7 barobarga oshdi. Lekin baribir mamlakat miqyosida Chjouning kompaniyasi mitti ustaxona yanglig‘ edi.

2003 yilda — soat uchun tarkibiy qismlar ishlab chiqarish hamon Chjouning asosiy biznesi bo‘lib turgan chog‘da burilish lahzalari ro‘y berdi. Shu yili unga Motorola kompaniyasi o‘zining bayroqdor Razr V3 telefoni uchun shisha ekran buyurtma qiladi. Telefon sanoati endi-endi plastikdan shishaga o‘tayotgan onlar edi. Chjou buyurtmani qabul qildi. Uni bajarish oson emasdi — xomashyo yetkazib beruvchi 100 foiz oldindan to‘lov talab qilib turib oldi. Uni to‘lash uchun Chjou o‘z kvartirasini sotishga majbur bo‘ldi. Alal-oqibatda Motorola o‘ziga zarur shishalarni qabul qilib oldi, Chjou esa bozordagi bo‘sh o‘rinni oldindan ko‘ra bilib Lens Technology kompaniyasiga asos soldi. Shundan so‘ng Nokia va HTCʼdan yirik shartnomalar qo‘lga kiritildi.

Ammo 2007 yilning 9 yanvari — Stiv Djobs Appleʼning ilk iPhone modelini taqdimotini o‘tkazgan kun Chjou uchun yulduzli onlari bo‘ldi — uning sensorli ekranini Lens Technology tayyorlab bergan edi.

Shundan so‘ng kompaniya smartfonlar uchun tarkibiy qismlar ishlab chiqaruvchilar bozorida haqiqiy yetakchiga aylanib oldi — ishlab chiqarish esa hamon o‘smoqda. Lens Technology mijozlari ichida Apple, Samsung, Huawei va Tesla kabi gigant kompaniyalar bor. Agar siz texnologik gigantlardan birining aksiyasiga pul tikishni istasangiz-u, ulardan qay biri Apple yoki Samsung g‘olib chiqishida ikkilanayotgan bo‘lsangiz, Lens Technology qimmatbaho qog‘ozlarini xarid qilavering. Uning tushumining 75 foizi mana shu ikki kompaniya buyurtmalari evaziga shakllanadi. Lens Technology 2015 yilda ommaviylashdi, biroq Chjou xonimning o‘zini IPOʻgacha hech kim tanimasdi. Aktsiyalarni joylashtirish muvaffaqiyatli yakun topdi: kompaniya o‘zining 10 foizga oshirilgan aksiyali kapitalini 230 million AQSh dollariga pulladi. Qandaydir ikki-uch haftalik savdolar mobaynida aksiyalar bahosi fenomenal tarzda o‘sib ketdi — 208 foizga.

Bugun Lens Technologyʼning kapitalizatsiyasi 34 milliard yuan (qariyb 5 milliard AQSh dollari) ga teng. Chjou xonimning boyligi esa yil boshidan buyon rivojlanayotgan davlatlar fond bozorlari va texnologiya kompaniyalar kotirovkalarining qulashi (Tramp tog‘aga rahmat!) oqibatida 4 milliard dollarga kamaydi. Lekin mobil telefonlar va Apple kompaniyasi hech qayoqqa ketayotgani yo‘q — odamlar telefonlardan tobora ko‘proq foydalanishmoqda va foydalanish davomida ularga yetkazilayotgan eng asosiy ziyon ekranlarining sinishidir. Demak, Chjou xonimning Xitoyning eng badavlat o‘zi ishlab chiqaruvchi ayoli statusini qaytarib olishga hali imkoniyati bor.

Chjou xonim Lens Technology muvaffaqiyati uning yangi mijozlari muvaffaqiyatining hosilasi ekanligini juda yaxshi anglab turibdi. Shuning uchun kompaniya o‘z biznesini diversifikatsiya qilishini — shisha, yoqut va keramikadan premial klassdagi buyumlar ishlab chiqarishini e'lon qildi.

Chjou o‘zining butun dunyoga tanilgan hamyurti Jyek Ma yo‘lidan yurmasdan, panaroqda bo‘lishni afzal biladi. U bilan intervyuni topish juda mushkul, u haqidagi batafsil ma'lumotlarniku umuman uchratmaysiz. Lekin Tsyunfey hamon o‘zi stanokda ishlashi va derazasidan ishlab chiqarish sexi ko‘rinib turadigan Lens Technology ofisida tez-tez uxlab qolishi inobatga olinsa uni sevimli ishidan bo‘lak hech narsa qiziqtirmasligi ayon bo‘ladi. Garchi, eri ikkisining Avstraliyada 10,8 million dollarlik hashamatli uyi borligi haqidagi mish-mishlar tarqalgan bo‘lsa-da. Lekin mana shu ma'lumotni ham er-xotin hech qayerda rasman tasdiqlashmagan.

Mavzuga oid