Jamiyat | 12:17 / 26.11.2018
7948
6 daqiqa o‘qiladi

Past Darg‘omda ajrimlar oldini olishga qaratilgan yangi loyiha start oldi

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi tashabbusi bilan Samarqand viloyatining Past Darg‘om tumanida namunali tarzda o‘tkazilishi belgilangan “Yosh oilalarga O‘zbekiston yoshlar ittifoqi ko‘magi” loyihasiga start berildi. 

Loyiha O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2017 yil 5 iyuldagi “Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi PF-5106-son farmoni, 2018 yil 2 fevraldagi “Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5325-son farmoni, 2018 yil 27 iyundagi “O‘zbekiston Respublikasida oila institutini mustahkamlash konseptsiyasi to‘g‘risida” PQ-3808-son qarori ijrosini ta'minlash, shuningdek ijtimoiy-iqtisodiy og‘ir holatdagi yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlash, yosh oilalar o‘rtasidagi ajrimlarning oldini olish maqsadida tashkil etilmoqda.

Mamlakatda bugungi kunda 1 mln 793 mingdan ortiq yosh oilalar mavjud. 2018 yilning birinchi yarmi (yanvar-iyun oylari)da yoshlar o‘rtasida 82 885 ta nikoh qayd etilgan. Yoshlar o‘rtasida qayd etilgan nikohlar 2017 - yilning ushbu davriga nisbatan 4 674ta (5,6 %)ga oshgan. Yosh oilalar ajrimi masalasida ham ko‘rsatkichlar yuqori. O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tashabbusi bilan yoshlarni ongli ravishda oilaga tayyorlash, yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida qator loyihalar amalga oshirilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi prezidentining “Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2018 yil 2 fevraldagi PF-5325-son farmonida belgilangan topshiriqlar ijrosi yuzasidan, shuningdek yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash, zamonaviy namunali oilani shakllantirish, uning ma'naviy-axloqiy, diniy negizlari va an'anaviy oilaviy qadriyatlarini yoshlar ongiga singdirish maqsadida chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqilib, amalga oshirildi.

Jumladan, “Oilalarda sog‘lom muhit yarataylik!”, “Oila – baxt to‘la qo‘rg‘onim”, “Yoshlar ajrimlarga butunlay qarshi”, “Mustahkam oila sari”, “Erta turmush – umr zavoli” mavzularida 412 mingdan ortiq yosh oilalar vakillari ishtirokida 5800 ta ochiq muloqotlar, davra suhbatlari va seminarlar tashkil etildi. Xususan, umuminsoniy va milliy oilaviy qadriyatlar, zamonaviy yosh oilaning namunali shaklini targ‘ib etish maqsadida “Oila jamiyat va davlat himoyasida” konstitutsiyaviy prinsipi asosida 11 300 dan ortiq notinch va muammoli yosh oilalar bilan individual suhbatlar tashkil etildi. Ularning muammolari o‘rganilib, amaliy yordam ko‘rsatilmoqda.

Ushbu amaliy ishlarning davomi sifatida tashkil etilayotgan “Yosh oilalarga O‘zbekiston yoshlar ittifoqi ko‘magi” loyihasiga eksperiment sifatida Samarqand viloyati Past Darg‘om tumani tanlandi.

Ma'lumot uchun: tumanda 356 728 aholi, 21 377 yosh oila mavjud, shuningdek tumanda MFYlar soni 106 ta. Yosh oilalar o‘rtasida ajrimlar soni 2018 yilning 1-yarmida o‘tgan yilning ushbu davriga nisbatan 33 tadan 65 taga yoki 196% ga oshgan.

— Loyiha 3 bosqichda o‘tkazilmoqda. Birinchi bosqichda loyihani tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha Respublika ishchi guruhi tuzildi. Bugun ijtimoiy-iqtisodiy og‘ir holatdagi yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlash, yosh oilalar o‘rtasidagi ajrimlarning oldini olish bo‘yicha amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar taqsimlanib, asosiy yo‘nalishlar belgilab olindi, — deydi O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi o‘rinbosari D.Kattaxonova. — Mahallalardagi og‘ir ijtimoiy-iqtisodiy holatdagi yosh oilalar xonadoniga uyma-uy yurilib, ularning muammolari o‘rganiladi hamda viloyat, tuman mutasaddi tashkilotlari ko‘magida ularni hal etish choralari ko‘riladi. Respublika darajasida bartaraf etilishi lozim bo‘lgan muammolar bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqiladi hamda Respublika ishchi guruhi tomonidan nazoratga olinadi. O‘rganish yakunlari bo‘yicha tahliliy ma'lumot tayyorlanadi hamda og‘ir ijtimoiy-iqtisodiy holatdagi yosh oilalar muammolari yechimi bo‘yicha amaliy takliflar ishlab chiqiladi.

Ishchi guruh a'zolari ikki hafta davomida quyidagi ishlarni amalga oshiradi:

— Oilalardagi ijtimoiy-ma'naviy muhit sog‘lomlashtiriladi
— Oilaviy tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yishi uchun imtiyozli kredit ajratiladi
— Yuzlab yosh oila vakillarining bandligini ta'minlash choralari ko‘riladi
— Oilalarga birlamchi, tez va ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatiladi
— Yosh oila farzandlarining MTMga qamrab olinishi bo‘yicha ko‘mak ko‘rsatiladi
— Yosh oilalarning hujjatlari (pasport, nikoh va tug‘ilganlik guvohnomalari, ro‘yxatga qo‘yish)dagi muammolar bartaraf etiladi
— Yosh oila vakillariga huquqiy konsultatsiyalar beriladi
— Tomorqa xo‘jaligidan unumli foydalanish bo‘yicha amaliy ko‘mak beriladi
— Oilani mustahkamlash bo‘yicha master-klasslar tashkil etiladi.

Loyiha doirasida tumandagi mavjud barcha kasb-hunar kollejlari, akademik litseylar va maktablarning yuqori sinf o‘quvchilari uchun maxsus treninglar tashkil etish ham rejalashtirilgan.

Mavzuga oid