Eshik o‘rniga tutilgan mato va zimiston ko‘chalar. Sariosiyoliklar nima uchun pul to‘lashgan?
Kun.uz tahririyatiga kelib tushgan navbatdagi murojaat Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumanidan.
«Afrosiyob» mahallasining «Binokor» ko‘chasidan o‘tib borarkanmiz, kuniga minglab avtomobillar o‘tib qaytadigan yo‘llarning abgor holatiga guvoh bo‘ldik.
Ko‘cha nomi hech qayerda yozib qo‘yilmagan. Kiraverishdagi avtomobil qatnash yo‘lining eni taxminan 4,5 metrni tashkil etib, ikki yonida ham 4 metrdan bo‘sh joy qalin tuproqqa belanib yotibdi. Holbuki, yo‘l torligidan qarama-qarshi yo‘nalishda kelayotgan katta yuk mashinasi va yengil avtomobillar harakatlanishida noqulaylik kuzatiladi.
Avtomobil yo‘lini kengaytirish, uning chetidagi qalin tuproq qoplangan qismini tekislab, bir yarim metrgacha bo‘lgan joydan piyoda yo‘lovchilar uchun trotuar ajratish, chetlariga ko‘chatlar ekib, ko‘chani obodonlashtirish ham mumkin edi. Ammo buni amalga oshirish uchun avval suv keltirish maqsadida kavlangan (lekin ish oxiriga yetkazilmagan), endi turli chiqindilar bilan to‘lib borayotgan bu chuqurlik berkitilib, asfalt yotqizilishi lozim edi.
Maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, tuman gaz ta'minoti bo‘linmasi, maktab, oshxona, IIB bo‘limi ham aynan ushbu ko‘cha yoqasida joylashgan. (Ayni vaqtga kelib, bu chuqurliklar berkitilgan. Tuprog‘i tekislanmay turib, past-u baland do‘ngliklarga shosha-pisha qator tizib archa ekilgan. Bu taraddud yaqin vaqtlarda prezidentning viloyatga amalga oshirajak tashrifi bilan bog‘liq).
Mahalla ichkarisida ham ahvol og‘ir.
Yo‘l yoqasida joylashgan uylar ta'miri 2017 yilning iyun oyida boshlanib, 10 sentabrida ish oxiriga yetkazilmay tugatilgan. 2018 yil oxirlab boryapti hamki, ta'mirga qaytilmagan. Bir yil oldin o‘tkazilgan ta'mirlash ishlari sifat darajasi ham aholi noroziliklariga sabab bo‘lmoqda.
Mahalliy aholi vakillarining aytishicha, devordagi o‘yiqlar va darz ketgan chiziqlar uyning bir boshdan qumsuvoq qilinib, so‘ng sirtlari bo‘yalmagani hisobiga ta'mir ko‘chib tushmoqda. Yomg‘ir va qor suvlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri devor ostiga oqishidan, tarnovlar o‘rnatilishida xatolikka yo‘l qo‘yilgandek...
Uy tomiga «profnastil» bo‘lmagan eski, kalta-kulta shiferlar yopilib, tom ham biroz egri yopilgandek taassurot uyg‘otadi.
Tom ostiga qoqilgan tunukalar qanday o‘rnatilgan bilmadig-u, yog‘ingarchilikda suv to‘g‘ridan-to‘g‘ri pod'yezdning kiraverish qismiga oqarkan. Qattiq shamol esganda esa tunukalar o‘zidan taraqlagan yoqimsiz ovoz chiqaradi.
Noqonuniy qurilgan uylarga qo‘shib, ko‘p sonli aholi turarjoylarida o‘zboshimchalik bilan ochilgan eshiklar tuman hokimi qaroriga binoan buzib tashlangan. Biroq, bu ishlar 2017 yilning dekabr oyida to‘liq tugatilmay, hokim qarori ijrosi faqat ayrim yashovchilargagina nisbatan qo‘llangan.
Buzilgan imoratlardan qolgan yaroqsiz chiqindilar o‘z vaqtida yig‘ishtirib ketilmaganidan uylar atroflari bir yildan beri mana shunday xaroba ko‘rinishda qolmoqda.
Mahalliy aholi vakillarining so‘zlariga ko‘ra, 1990-1991 yillarda qurilgan, ko‘p sonli aholi uchun mo‘ljallangan hojatxonalar yigirma yillar avval talabga javob bermaydigan ahvolga kelib bo‘lgan. Unga qadar ham ta'mirga biror marta qo‘l urilmagan. Shu bois, mahalliy aholi o‘zi yashayotgan hududda alohida hojatxona qurishga majbur bo‘lgan. Buzish ishlari boshlangach, hojatxonalar aholi noroziliklariga qaramay, avval yangisi qurib berilmay turib buzib tashlangan. Faqat bir nechta eski hojatxona saqlab qolingan.
Surishtiruv davomida tumandagi boshqa ko‘chalar pod'yezdlarida maxsus kodlanuvchi temir eshiklar, akfa romlar o‘rnatilgani ma'lum bo‘ldi.
Ammo «Binokor» ko‘chasidagi 1-2-3-uylar pod'yezdlariga temir eshiklar o‘rnatilmagan. 2-ko‘p sonli aholi turar uyi pod'yezdlarida esa, eshik o‘rniga mato tutib qo‘yilgan.
1-ko‘p sonli uy orqasiga o‘tamiz. Aytishlaricha, mana bu quduqlar bilan ham hech kimning ishi bo‘lmagan. Bolalar ushbu quduq atrofiga kelib qolmasliklariga yoki uning ichiga tushib ketmasliklariga hech kim kafolat bera olmaydi. Bu bo‘yicha xavfsizlik choralari ko‘rilmagan.
«Binokor» ko‘chasiga kiraverishda ham, 1-2-3-4 ko‘p sonli aholi turar uylari atrofida ham birorta chiroq o‘rnatilmagan, tunda bu ko‘chalar zimistonga aylanadi. Aniqrog‘i, ushbu ko‘chalarning naqadar «porloq»ligini ko‘rish uchun «tong otishi»ni kutish kerak. Yakkam-dukkam do‘konlarga o‘rnatilgan chiroqlar ham do‘konning o‘zinigina yoritib turibdi, xolos.
Aholi «tuman mutasaddilari uyni reja asosida ta'mirlab berishni va'da qilib ketishgani, ammo shu kunga qadar bu ko‘chaga hatto bir dona mix ham qoqilmagani»ni aytishdi.
Tumandagi Sharg‘un shaharchasida joylashgan «Shaxtyorlar» ko‘chasidagi ko‘p sonli aholi turar uylarining ta'mir darajasi bilan ham qiziqdik. Ushbu ko‘chalarga ham bir martalik ajratilgan kredit asosida temir eshiklar, akfa romlari o‘rnatilgan ekan.
Surishtiruvdan qaytgach, tuman hokimining qurilish ishlari bo‘yicha o‘rinbosari bilan uchrashdik. Hokim o‘rinbosari «bankdan olingan kredit mablag‘i tugab qolgani bois ishlar oxirigacha yetmagani, besh yillik dastur asosida hali ta'mir ishlari davom etishi, «Binokor» ko‘chasidagi 1-2-3 uylardan tashqari 4-uyni ta'mirlashga pul yetmay qolgani, sababi boshqa ko‘chalar ta'mirlangani»ni aytdi.
Biz AT Xalq banki filiali raisi va xodimlari bilan uchrashib, ushbu ta'mirga qancha mablag‘ ajratilgani bilan qiziqdik. Ma'lum bo‘lishicha, «Intizor-imkon quruvchi» shirkatiga ta'mir ishlari uchun 1 mlrd 250 mln so‘m miqdorda kredit berilgan.
Bank xodimining aytishicha, fuqarolar ta'mir vaqtida o‘z shaxsini tasdiqlovchi hujjatlari orqali uy-joy saqlash badalini to‘lashlari uchun ro‘yxatga olingan. Har bir yashovchining badal to‘lovida uy kvadrat metri hisobga olinib, 1 kvadrat metr uchun to‘lov 550 so‘mni tashkil etadi. Bank xodimining so‘zlariga ko‘ra, ikki xonali uyda yashovchi fuqaro oyiga 35.500 so‘m miqdorda badal to‘laydi. Bank raisi badal to‘lovi qancha miqdorda bo‘lishini tuman hokimligi belgilashini aytdi.
Biroq, binokorliklar hali to‘liq tugatilmagan, sifat jihatidan talabga javob bermayotgan ta'mir uchun hamda shu kunga qadar o‘z vakolatiga doir vazifalarni bajarmay kelayotgan shirkatga 2017 yilning yanvar oyidan boshlab to‘lov qilib kelishmoqda.
Yuqoridagi holatlar yuzasidan «Intizor-imkon quruvchi» shirkati raisi O.A.dan ham izoh so‘raganimizda, u «2017 yilda AT Xalq bankidan olingan kreditga «Binokor» ko‘chasidagi 1-2-3 uylar dastur asosida ta'mirlangani, 4-ko‘p sonli aholi turar uyining ta'miriga pul yetmagani uchun to‘xtatilgani, qolgan pullarga boshqa ko‘chalardagi uylar ta'mirlangani»ni aytdi. Savol tug‘iladi: agar 4-ko‘p sonli aholi turar uyining hozirgi ahvolini o‘rganishgan ekan, nega boshqa ko‘chalarni ta'mirlashga shoshilishgan?
Shirkat raisining qo‘shimcha qilishicha, 4-ko‘p sonli aholi turar uyi farmonga binoan tuzilgan besh yillik dastur asosida 2019 yilda ta'mirlanishi ko‘zda tutilgan. Qurilish ishlari bo‘lib o‘tgani yuzasidan qaysidir (shirkat raisining aytishicha «Admer» xulosasi) tashkilot xulosa ham bergan. Ushbu xulosani so‘raganimizda avvaliga shirkat raisi bizga taqdim etishga rozi bo‘ldi. Birozdan so‘ng esa negadir fikridan qaytib, «hujjat tuman prokuraturasida» ekanini aytdi.
2-ko‘p sonli aholi turar uyida yashovchi kishi qo‘l telefonidagi videotasvirlarni ko‘rsatib, «ta'mir sifatsizligi uchun uyiga yomg‘ir suvi oqayotgani, qo‘shnisining uyida ham shu ahvolligi, bu bo‘yicha o‘tgan yili shirkat raisiga shikoyat qilganida ta'mirlab berishni va'da qilishgani, lekin va'da bajarilmagani»ni aytdi.
Shirkat raisi bu bo‘yicha holatni o‘rganib, bartaraf qilishini aytdi. Ammo shu vaqtgacha va'dani bajarish uyoqda tursin, hatto ahvolni kelib o‘rganmagan ham.
Shirkat raisi taqdim etgan hujjatlar bilan batafsil tanishish maqsadida birma-bir suratga olayotganimizda esa, hujjatlarning birini «bu sizniki emas» deya tortib oldi.
Hujjatning yarim chala suratga tushib qolgan qismida Sariosiyo tumani «Intizor Imkon» XUJMShga qarashli «K.Begzod» ko‘chasidagi uy-joylarning tom qismlari, fasad, beton yo‘laklari, pod'yezd qismlari, temir eshiklar o‘rnatish, o‘rindiqlar, yangi hojatxona qurish ishlarini amalga oshirish uchun shirkat Sariosiyo tuman Xalq banki bo‘limidan 1 mlrd 250 mln so‘m miqdorida kredit mablag‘i olgani aytilgan. Ushbu mablag‘ga qanday qurilish mollari xarid qilingani ham suratda ko‘rsatilgan.
2017 yil 30 martida O‘zbekiston Respublikasi «Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida»gi Qonunning 25-moddasiga asosan, prezident rahbarligida videoselektor o‘tkazilgandi. Ushbu yig‘ilish bayoni topshiriqlari so‘zsiz bajarilishini ta'minlash, Termiz shahar va tumanlarda kommunal sohadagi kamchiliklarni bartaraf etish, uy-joy fondini kuz-qish mavsumiga tayyorlash maqsadida aholi talab va e'tirozlarini hisobga olgan holda Surxondaryo viloyati hokimining 2017 yil 19 apreldagi Q-149-sonli qarori chiqqan. Ushbu qarorga asosan, Termiz shahar va tumanlarda ko‘p qavatli uylarni ta'mirlash, kuz-qish mavsumiga tayyorlash, hududlarini obodonlashtirish hamda uy-joy mulkdorlari shirkatlari faoliyatini tashkil etish ko‘zda tutilgan.
Yuqoridagi sanab o‘tilgan kamchiliklardan kelib chiqib aytish mumkinki, «Binokor» ko‘chasida obodonlashtirish yuzasidan yetarli darajada ishlar qilinmagan, uylarning ta'mir sifati qoniqarsiz holatda qolmoqda.
Surxondaryo viloyati hokimi (2017 yil 19 apreldagi Q-149-sonli) qarorida belgilangan vazifalarni bajarishda o‘z ishiga sovuqqonlik bilan yondashayotgan rahbarlarga chora ko‘rilishi nazarda tutilgan ekan, yuqoridagi aytib o‘tilgan kamchiliklar yuzasidan o‘z ishiga xolis yondashuvchi mutaxassislar tomonidan ishonchli nazorat o‘rnatilishi, «Binokor» ko‘chasidagi shu kunga qadar ko‘z yumib kelinayotgan muammolar tez fursatlarda bartaraf etilishi maqsadga muvofiqdir.
Mohichehra Eshmirzayeva
Mavzuga oid
13:36 / 06.11.2024
Surxondaryoda Cobalt'ning gaz quvuriga urilishi oqibatida avariya holati sodir bo‘ldi
20:01 / 01.11.2024
O‘zbekiston Qahramoni Ahmad Narzullayev vafot etdi
10:02 / 19.10.2024
Surxondaryoda aholiga tarqatilishi kerak bo‘lgan 1 400 tonna ko‘mir talon-toroj qilindi
07:40 / 18.10.2024