O‘zbekiston | 09:48 / 26.02.2019
5192
3 daqiqa o‘qiladi

120 kundan ortiq debitor qarzdorlik mavjud bo‘lsa, eksportning soddalashtirilgan tartibi qo‘llanmaydi

Bir chet ellik hamkordan valuta tushumi kechikayotganda eksport qiluvchilar oldindan to‘lov, akkreditiv, bank kafolati, sug‘urta polisi, shuningdek TSOYaEATda hisob-kitoblar to‘g‘risidagi ma'lumotnomasiz boshqa kontragentlar manziliga tovarlarni olib chiqa olmaydilar, deb yozmoqda Norma.
 
Eslatib o‘tamiz, prezidentning 3.11.2017 yildagi PQ–3351-son qarori 1-bandi «b» kichik bandiga muvofiq, tadbirkorlik sub'yektlariga tovarlar (ro‘yxatdagi xomashyo tovarlari bundan mustasno), ishlar va xizmatlarni oldindan to‘lov, ochilgan akkreditiv, rasmiylashtirilgan bank kafolati, eksport kontraktini siyosiy va tijorat tavakkalchiliklaridan sug‘urta qilish bo‘yicha polis mavjud bo‘lmasdan, shuningdek Tashqi savdo operatsiyalarining yagona elektron axborot tizimida hisob-kitoblar to‘g‘risidagi ma'lumotnomasiz xorijiy valutaga eksport qilish huquqi berilgan.
 
Soddalashtirilgan tartibni qo‘llashning sharti – eksport qiluvchida oldingi eksportga yetkazib berish bo‘yicha muddati o‘tkazib yuborilgan debitor qarzdorlik mavjud bo‘lmasligi kerak. Debitor qarzdorlik mavjud bo‘lganda eksport bitimini murakkab qoidalar bo‘yicha rasmiylashtirishga to‘g‘ri keladi.
 
Biroq prezidentning 6.11.2017 yildagi «Meva-sabzavot mahsulotlari, uzum, poliz, dukkakli ekinlar, shuningdek, quritilgan sabzavot va mevalarni mahalliy eksport qiluvchilarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PQ–3377-son qarori 2-bandi ikkinchi xatboshisida quyidagi qo‘shimcha shart qayd etilgan edi:
 
«eksport qiluvchida oldingi eksportga yetkazib berish bo‘yicha muddati o‘tgan debitor qarzdorlik mavjud bo‘lganda, tovarlarni chiqarish faqat muddati o‘tgan debitor qarzdorligi mavjud bo‘lgan chet el xaridoriga ruxsat etilmaydi».
 
Ushbu qoida ixtilofli edi:

birinchidan, aniqlashtirish faqat meva-sabzavot mahsulotlari bilan bog‘liq bitimlarga yoxud kontraktlarning barcha turlariga nisbatan qo‘llanilishi noaniq edi;
 
ikkinchidan, tovarlarni xorijga olib chiqish masalalarini tartibga solgan norma ishlar va xizmatlar eksportiga daxl etmagan edi;
 
uchinchidan, 3 kunlik farq bilan deyarli parallel ravishda qabul qilingan teng yuridik kuchga ega ikkita hujjat bir-biriga zid edi. Rasman «Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida»gi Qonunning 16-moddasi to‘rtinchi qismiga ko‘ra qo‘shimcha shart yuqori yuridik kuchga ega edi.
 
Endi qo‘shimcha shart chiqarib tashlandi. 2019 yil 23 fevraldan boshlab 120 kalendar kundan ortiq muddati o‘tkazib yuborilgan debitor qarzdorlik mavjud bo‘lganda bitimlarning barcha turlariga va barcha xaridorlarga nisbatan eksportning soddalashtirilgan tartibi qo‘llanmaydi. 
 
Hujjat 23.02.2019 yildan kuchga kirdi.

Mavzuga oid