O‘zbekiston | 11:31 / 01.04.2019
6768
2 daqiqa o‘qiladi

ToshPTIning Nukus filiali xalqaro magistratura va ordinaturani ishga tushiradi

Foto: mednf.uz

Sankt-Peterburg davlat pediatriya tibbiyot universiteti (Rossiya Federatsiyasi) va Koryo universiteti (Koreya Respublikasi) ishtirokida tashkil etilayotgan fakultet 2019/2020 o‘quv yilidan o‘z ishini boshlaydi.
 
Norma’ning yozishicha, fakultetning alohida vazifalari orasida – Orolbo‘yi mintaqasidagi kasalliklarning barvaqt profilaktikasi, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish va atrof muhitning inson salomatligiga ta'sirini o‘rganish sohasida yuqori texnologiyalarga asoslangan fundamental, amaliy va innovatsion ilmiy tadqiqotlar olib borish.
 
O‘qitish to‘lov-kontrakt asosida rus va ingliz tillarida, kunduzgi ta'lim shaklida Sankt-Peterburg davlat pediatriya tibbiyot universiteti va Koryo universiteti o‘quv rejalari va dasturlari asosida amalga oshiriladi. O‘qishga qabul qilish tartibi va kvotasi, magistratura va klinik ordinatura mutaxassisliklari, kontrakt va professor-o‘qituvchilar mehnatiga haq to‘lash miqdorlari  xorijiy hamkor oliy ta'lim muassasalari va O‘zbekistonning manfaatdor idoralari bilan kelishuv asosida Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan belgilanadi.
 
Bitiruvchilarga O‘zbekistonda hamda SPbDPTU va Koryo universitetida tan olinadigan diplom beriladi.
 
Hujjat 27.03.2019 yildan kuchga kirdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid