Samarqand shahrining Maroqand mahallasida yashovchi bir guruh fuqarolar keyingi yillarda har yomg‘irdan qattiq aziyat chekayotganini yozib Kun.uz tahririyatiga murojaat qilishdi.

Murojaatda keltirilgan holatlarni o‘rganar ekanmiz, har safar yomg‘ir yog‘ganida Samarqandda yo‘llarning suvga to‘lib qolishi, ko‘plab uylarning zarar ko‘rishi sabablaridan biri bo‘y ko‘rsata boshladi.

Darhaqiqat, mart oyining oxiridagi shaharning qator hududlarida kuzatilgan toshqindan hech qancha o‘tmasdan, aprel oyining boshidayoq samarqandliklar yomg‘ir oqibatida kelib chiqqan suv toshqinlariga yana guvoh bo‘ldi — bir haftada ikki marta — va ko‘pchilikda bir savol paydo bo‘lmoqda: Nega uylarni suv bosyapti?

Ko‘pchilik kishilar shahar ariqlarining aksariyati necha yillardan buyon e'tibordan chetda qolayotganini bildirsa yana ko‘pchilik maishiy chiqindilarning kanal va kollektorlarga tashlanayotgani muammoning asosiy sababi, deb biladi. Bu gaplarda ham jon bor, albatta.

Ammo, aftidan, asosiy muammo bu ham emas. Shahar hokimligi ma'lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda yuzlab, arxitektura qoidalariga zid o‘zboshimchalik bilan qurilgan binolar ham suv yo‘lini to‘sib turibdi. Hatto shundoqqina ariq ustiga qurilgan uylar ham bor ekan.

Maroqand mahallasidagi holat bu fikrimizga dalil bo‘la oladi. Hududdagi o‘nta xonadonning har yomg‘irda suvga bo‘kishi odatiy hol bo‘lib qolgan. Mahalla ahli qator hokimiyat boshqaruv idoralariga murojaat qilgan. Ammo, natija yo‘q.

— Mahallamiz ichidan oqib o‘tuvchi kanalda o‘n yillar davomida biror bir tashkilot tomonidan, qazish, tozalash kabi profilaktik tadbirlar olib borilmagan, — deyiladi murojaatda. — Suv toshishidan tashqari, ushbu kanaldagi sanitariya va epidemiologik vaziyat ham biror bir talabga javob bermaydi. Yomg‘ir yog‘ganida esa sel kelib, har safar mol mulkimiz zarar ko‘rib, o‘zimiz qo‘rquvda yashaymiz. Qo‘limizdan kelguncha, kanalni tozalaymiz, davlat idoralaridan esa kuchimiz yetmagan joyiga texnika so‘raymiz. Suv yo‘lida qurilgan imorat esa dard ustiga chipqon bo‘lib turibdi. Shusiz ham ariqqa sig‘magan suv mana shu imorat oldiga kelib to‘xtab, toshib boshlayapti. Agar mas'ul idoralardan biror bir rahbar loaqal bitta xonadon ko‘rgan zararni cho‘ntagidan kavlaganida edi. Yillar davomida dardimizga bepisand qaramasdi.