22:09 / 17.04.2019
4789

Toshkentda birinchi Zamonaviy san'at markazi loyihasi yo‘lga qo‘yildi

Foto: Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg‘armasi

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi qoshidagi Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg‘armasi "Zamonaviy san'at markazi" pilot loyihasini yo‘lga qo‘ydi. Markaz ochilishi oldidan poytaxtda OAV vakillari uchun matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Shu bilan birga, musavvir va rejissyor Saodat Ismoilovaning "Qo‘rg‘on chiroq" ko‘rgazmasi o‘tkazildi. Tadbirda vazirliklar, idoralar va diplomatik korpuslar vakillari hamda xalqaro toifali mehmonlar, madaniyat va san'at arboblari qatnashishdi.

"Ushbu xayrli ishga o‘z hissasini qo‘shayotgan barcha ishtirokchilarni Zamonaviy san'at markazi ochilishi bilan tabriklayman. O‘zbekiston Respublikasi hukumati nomidan mazkur loyihaga oid tashabbus bilan chiqqan Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg‘armasiga katta minnatdorchilik bildirmoqchiman. Ishonchim komilki, Zamonaviy san'at markazi o‘zbekistonlik yoshlarni ham o‘ziga jalb qiluvchi maskanga aylanadi", - dedi tadbirni ochib bergan Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov.

Foto: Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg‘armasi

Madaniyat vaziri Baxtiyor Sayfullayev ham Markazga oid fikrlari bilan bo‘lishdi:

"2018 yilda bu bino Madaniyat vazirligi tasarrufiga o‘tkazilgan edi. Bino boy tarixga ega va ishonamizki, uning kelajagi ham porloq bo‘ladi. Endi bu binoda Toshkentdagi birinchi Zamonaviy san'at markazi faoliyat yuritadi. Muassasa ochilishi doirasida bu yerda qator madaniy tadbirlar o‘tkazilmoqda, ularda Markazning yaratilishiga o‘z hissasini qo‘shgan vatandoshimiz Saodat Ismoilova hamda Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya, Singapur, Rossiyadan tashrif buyurgan hamkorlarimiz qatnashishmoqda. Umid qilamizki, bu bino madaniyat sohasi professionallari bilan bir qatorda O‘zbekiston va xorijiy mamlakatlar zamonaviy san'atsevarlari e'tiborini ham o‘ziga jalb qiladi".

Foto: Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg‘armasi

Toshkentda "Qo‘rg‘on chiroq" ko‘rgazmasi kuratori sifatida ishtirok etgan Tate Modern zamonaviy san'at galereyasi kuratori Andrea Lissoni ham yig‘ilganlar oldida o‘z taassurotlari haqida so‘zladi:

"Dunyoning turli mamlakatlarida bu kabi zamonaviy san'at markazlarini yaratishda ishtirok etishga oid tajribaga egaman, shu bois ishonch bilan aytishim mumkinki, bunday joylar mahalliy darajada ta'limiy ahamiyatga ega bo‘ladi va xalqaro ta'lim jihozlarining zamonaviy badiiy tajribasi bilan tanishish imkonini beradi. Toshkentdagi Zamonaviy san'at markazi faoliyati rivojini sabrsizlik bilan kutib qolaman va kelgusidagi hamkorlikka umid qilaman. Barchani bunday ajoyib loyiha bilan tabriklayman".

Tadbir doirasida ishtirokchilar uchun Markaz bo‘ylab ekskursiya o‘tkazildi, mehmonlar "Qo‘rg‘on chiroq" ekspozitsiyasi, ko‘rgazma videoinstallyatsiyasi va boshqa eksponatlar bilan tanishishdi.

Foto: Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg‘armasi

Ta'kidlash joizki, keng ko‘lamli loyiha 13 apreldan 1 iyunga qadar o‘tkaziluvchi qator tadbirlarni o‘z ichiga olgan: ko‘rgazmaning ochilishi, spektakl, ma'ruzalar, seminarlar, kino namoyishlari, shuningdek xalqaro toifali mehmonlar ishtirokida bolalar va oilaviy mahorat darslari.

Foto: Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg‘armasi

Yaqin vaqtgacha Toshkent shahar elektr tarmoqlari korxonasi joylashgan bino 2018 yilda Madaniyat vazirligi tasarrufiga o‘tkazildi va hozirda u yerda "Zamonaviy san'at markazi" faoliyati yo‘lga qo‘yilmoqda.

Mavzuga oid
Top