Markaziy Osiyo mediaolamini qanday kelajak kutmoqda?
16-17 may kunlari Qozog‘istonning Olmaota shahrida AQShning USAID tashkiloti ko‘magida Markaziy Osiyo ommaviy axborot vositalari mediamenejyerlarining MediaWay 2019 anjumani bo‘lib o‘tmoqda. Anjumanda Kun.uz vakillari ham ishtirok etishmoqda.
O‘zbekiston, Qozog‘iston, Tojikiston kabi davlatlarning veb-saytlar, telekanallar, mediaxolding hamda bosma nashrlarining ellik nafardan ortiq yetakchilari ishtirokidagi bu anjumanda sohaning bugungi natijalari va kelajagi haqida munozaralar kechmoqda.
Ma'lumki Markaziy Osiyo davlatlari bir-birlariga bevosita qo‘shni va chambarchas bog‘liq bo‘lsalar-da, OAV ularning har birida farqli tarzda rivojlangan. Ayniqsa uzoq yillardan buyon soha bo‘yicha yetakchilik qilib kelgan Qozog‘istonning o‘ziga xos tajribasi bor. Faoliyati aynan axborot tarqatishga ixtisoslashgan saytlar soni o‘rganilganida respublikalar bo‘yicha quyidagi raqamlar hosil bo‘lgan: Tojikistonda bunday saytlar soni 16ta, Qirg‘izistonda 26ta, O‘zbekistonda 29ta, Qozog‘istonda esa 169ta.
Lekin bir qator umumiyliklar ham borki ular bugungi kunda barcha davlatlar uchun xos. Misol uchun bosma nashrlar adadi va soni muntazam kamayib borishi, bu yo‘nalishdagi ish o‘rinlari qisqarishi, televideniyeda ko‘pchilik o‘ylaganidek yangiliklar emas, ko‘ngilochar dasturlar ommabopligicha qolayotgani, veb-saytlar soni ko‘paysa-da, aksariyati hanuz o‘zini oqlay olmayotgani shular jumlasidandir.
Tadbirda shuningdek axborot yetkazishda ijtimoiy tarmoqlarning roli ham ochiqlandi. Foydalanuvchilarning yangiliklarni o‘qish uchun eng ommabop tarmoq bo‘lgan “Feysbuk” tarmog‘i orqali o‘tishi bo‘yicha ham qiziq raqamlar e'lon qilindi. O‘zbekistonda internetdagi yangiliklar bilan ilk tanishishning 38 foizi “Feysbuk” ijtimoiy tarmog‘i orqali kechsa, Qirg‘izistonda axborot bilan tanishuvda bu tarmoq roli 75 foiz, Tojikistonda esa oz emas, ko‘p emas 98 foizni tashkil qiladi.
Yaqin kelajakda OAV sohasida keskin o‘zgarishlar davom etib, reklama uchun kurash kuchayishi, faqat qayta muloqotning turli shakllarini yo‘lga qo‘ya olgan ommaviy axborot vositalarigina maqsadga erishishi e'tirof etildi.