Jahon | 16:09 / 18.05.2019
6484
3 daqiqa o‘qiladi

Markaziy Osiyo mediaolami: Televideniye va internet saytlaridagi tendensiyalar

16-17 may kunlari Qozog‘istonning Olmaota shahrida «Internews in Kazakhstan» tomonidan, AQShning USAID tashkiloti ko‘magida tashkillashtirilgan  Markaziy Osiyo ommaviy axborot vositalari mediamenejyerlarining «MediaWay 2019» anjumani bo‘lib o‘tdi va bu tadbirda Kun.uz vakillari ham ishtirok etdi.

Foto: Facebook/Internews in Kazakhstan

Qardosh mamlakatlarda jurnalistikaning turli sohalarida faoliyat yuritayotgan tadbir ishtirokchilari tadbirning ikkinchi kunida asosan OAVning davlat bilan munosabatlari, xususan saytlarning bloklanishi bo‘yicha muammolarni muhokama qilishdi.

Shuningdek, televideniye faoliyatiga alohida to‘xtalindi. Qayd etildiki, televideniye rivoji va daromadi bo‘yicha Markaziy Osiyoda uzoq yillar yetakchilik qilgan Qozog‘istonda so‘nggi payt bu borada turg‘unlik kuzatilmoqda, O‘zbekistonda esa aksincha, sohada keskin o‘sish qayd etilgan. Tendensiyaning shu shaklda davom etishi natijasida yaqin yillar ichida O‘zbekiston yetakchiga aylanishi aniqligini qozog‘istonlik mutaxassislar e'tirof etishdi.

Foto: Facebook/Internews in Kazakhstan

Buning sababi sifatida Qozog‘istonda xorijiy kanallar o‘rni hanuz balandligi, xususan hamon «Mo‘jizalar maydoni» («Pole chudes») kapitalshousi Qozog‘istonda eng yuqori reytingni egallab qolayotgani, mahalliy telekanallar ham ularga xos konsepsiyani ilgari surayotgani ma'lum qilindi.

Foto: Facebook/Internews in Kazakhstan

O‘z ma'ruzasida mavzuga oydinlik kiritarkan O‘ZEOAVMA (NAESMI) raisi Firdavs Abduxoliqov o‘zbekistonlik hamkasblari bu yutuqqa so‘nggi yillarda kuzatilayotgan OAVdagi jonlanish, milliylikka xos dasturlar, yangiliklar va ko‘ngilochar ko‘rsatuvlar, mahalliy va xorijiy seriallar orqali erishayotganini bildirdi.

Foto: Facebook/Internews in Kazakhstan

Anjumanda saytlarning bloklanishi ham alohida muhokama qilindi va ma'lum bo‘ldiki, bu boradagi muammo ham ko‘pchilikda o‘xshash. Tojikiston va Qozog‘istonda saytlarni ogohlantirishsiz va sababi ko‘rsatmasdan bloklanish amaliyoti qo‘llaniladi hamda biror vazirlik tashkilot bu borada javobgarlikni zimmasiga olmaydi. Nafaqat zimmasiga olmaydi, balki muammoni o‘zlaridan soqit qilib bir-birlariga oshiradi.

Mavzuga oid