Iqtisodiyot | 13:56 / 06.07.2019
19244
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonning iqtisodiy o‘sishiga nimalar to‘sqinlik qilmoqda?

Foto: Shutterstock

Ta'lim sifatining pastligi, yangi ish o‘rinlarini yaratish masalasi, bozor iqtisodiyoti tizimiga o‘tish jarayoni, ekologik muammolar, jahondagi raqobat muhiti O‘zbekistonda barqaror iqtisodiy o‘sish yo‘lidagi muammolardir. Bu haqida milliy barqaror rivojlanish maqsadlari yuzasidan BMT vakilliklari, elchixonalar va hukumat organlarining hamkorlik uchrashuvida ma'lum qilindi.

Hamkorlik uchrashuvi doirasida hukumat vakillari O‘zbekistonda milliy barqaror rivojlanish maqsadlarining amalga oshirilishi borasida bajarilayotgan ishlar haqida ma'lumot berdi, Birlashgan Millatlar Tashkiloti vakillari esa o‘z tavsiyalarini ma'lum qilishdi.

Iqtisodiyot va sanoat vazirligi vakili Ilhom Mamatqulovning bayon qilishicha, “O‘zbekistonni 2030 yilgacha ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish” konsepsiyasida milliy barqaror rivojlanish maqsadlari yo‘lida qilinadigan ishlar belgilab olingan. Xususan, bozor iqtisodiyoti tizimiga o‘tishni tezlashtirish, makroiqtisodiy barqarorlikni ta'minlash, ijtimoiy himoyaning samarador mexanizmlarini joriy qilish, davlat boshqaruvi tizimini isloh qilish, ekologik siyosatni to‘g‘ri olib borish kabi vazifalar qo‘yilgan.

BMTning hamkorlik dasturiga asosan, 2030 yilgacha barqaror rivojlanish maqsadlari har bir shaxsning qiziqishini inobatga olish, inson huquqlarini ta'minlash, gender tengligi va ayollar uchun imkoniyatlarning kengaytirilishi, tashqi ta'sirlarga chidamlilik, barqarorlik, hisobdorlik prinsiplari asosida amalga oshirilishi lozim.

BMT taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovskaning qayd etishicha, O‘zbekistonda davlat boshqaruvi samaradorligini ta'minlash uchun hukumat qarorlar qabul qilishda marginal guruhlar (turli ijtimoiy guruhlar oralig‘idagi shaxslar jamoasi)ning fikrlari va ehtiyojlarini inobatga olishi lozim. “Shuningdek, hukumat taraqqiyot dasturi doirasidagi hamkorlari bilan doimiy ravishda muhokamalar o‘tkazishi, erishilgan yutuq va kamchiliklarni tahlil etib, berilgan tavsiyalar asosida ish ko‘rishi lozim”, ─ deydi Dimovska xonim.

Dimovskaning qayd etishicha, O‘zbekistonda turli hududlarda daromad ko‘rsatkichlari o‘rtasidagi sezilarli farq saqlanib qolmoqda. Ishchi kuchining arzon va ko‘pligiga qaramay, malakali mutaxassisga bo‘lgan talab qondirilmayapti. Sifat ko‘rsatkichlarini belgilashdagi muammolar mamlakatdagi kichik biznes vakillarining Yevropa davlatlariga eksportni amalga oshirishiga salbiy ta'sir ko‘rsatyapti. Investitsiyani jalb qilish va kichik biznes sub'yektlarini rivojlantirish masalasi hududlarda infratuzilmani yaxshilash (energiya va suv ta'minoti, transport masalasi)ga bog‘liq bo‘lib qolmoqda.

BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori Helena Freyzerning qayd etishicha, milliy barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishda statistik ma'lumotlarni aniqlik va xolislik prinsipi asosida jamlash, natijalar monitoringini xolis olib borish muhim ahamiyat kasb etadi.

Mavzuga oid