O‘zbekiston | 21:58 / 09.07.2019
6936
5 daqiqa o‘qiladi

Namanganda qurilayotgan kichik gidroelektrostansiyalar kaskadi ishga tushirildi

«O‘zbekgidroenergo» AJ tomonidan Namangan viloyati Uchqo‘rg‘on tumani Katta Farg‘ona kanalida qurilayotgan kichik gidroelektrostansiyalar kaskadi ishga tushirildi. Mazkur gidroelektrostansiya 2017 yilning iyun oyida boshlangan.

Bugun, 9 iyul kuni, Namangan viloyati Uchqo‘rg‘on tumani «Obod guliston» mahallasida qurilish ishlari 2017 yil iyun oyida boshlab yuborilgan Katta Farg‘ona kanalidagi kichik GESlar kaskadining ishga tushirilishiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.

Rasmiy ochilish marosimida Namangan viloyat hokimi Xayrullo Bozorov, Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Szyan Yan xonim va jamiyat ijro apparati rahbarlari, quruvchilar va tuman aholisi ishtirok etdi.

Bundan roppa-rosa 80 yil oldin - 1939 yil 1 avgustda 40 kun ichida hashar yo‘li bilan qurib bitkazilgan Katta Farg‘ona kanalining tantanali ochilishi marosimi o‘tkazilgan edi.

Ushbu misli ko‘rilmagan tarixiy qurilish Farg‘ona vodiysining minglab gektar yerlarini o‘zlashtirishda asosiy suv inshooti bo‘lib xizmat qilib kelmoqda.

Hozirgi kunda yurtimizdagi yirik suv magistrallardan biri hisoblangan Katta Farg‘ona kanalining suv resurslaridan oqilona va samarali foydalanish ishlarini takomillashtirish chora-tadbirlari ko‘rilmoqda. Xususan, qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanishni izchil oshirish, shu asosda yangi ekologik toza ishlab chiqish quvvatlarini tashkil etish, zamonaviy texnologiyalardan foydalanish negizida amaldagi gidroelektrostansiyalarni texnik va texnologik jihatdan qayta jihozlash, ilg‘or xorijiy tajribani izchil o‘zlashtirishni hisobga olgan suv resurslarini samarali boshqarish, shuningdek, energetika resurslarining mutanosibligini oshirish, sanoat korxonalari va aholining elektr energiyaga bo‘lgan ehtiyojini yanada to‘laroq qondirishni ta'minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 2 maydagi «2017–2021 yillarda gidroenergetikani yanada rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi to‘g‘risida»gi Qarori asosida respublikamizning tabiiy suv oqimlari va suv xo‘jaliklari obektlarida «O‘zbekgidroenergo» AJ tizimida yangi gidroelektrostansiyalar qurish va ishlab turganlarini modernizatsiya qilish bo‘yicha investitsiya loyihalari ro‘yxati tasdiqlangan edi.

Unga ko‘ra, 2017–2019 yillarda Namangan viloyatining Uchqo‘rg‘on tumanidan oqib o‘tuvchi Katta Farg‘ona kanalida umumiy quvvati 12 MVtga ega bo‘lgan kichik GESlar kaskadini qurish vazifasi belgilangan. Katta Farg‘ona kanalidagi kichik GESlar kaskadining ishga tushirilishi natijasida Namangan viloyati yillik elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmini 72,89 mln. kVt. soatga oshirishga erishiladi. Bu esa, 48 ming xonadonni yoki viloyatning Uchqo‘rg‘on tumanini uzluksiz ekologik toza va qayta tiklanuvchi elektr energiyasi bilan to‘liq ta'minlashga imkon beradi.

Loyihaning umumiy qiymati 31 mln. AQSh dollari bo‘lib, uning 22,3 mln. AQSh dollariga teng qismi «O‘zbekgidroenergo» AJ, qolgan qismi esa Xitoy Xalq Respublikasining «Eksimbanki» hisobidan qoplandi.

Hozirgi kunda kichik GESlar kaskadiga suv boruvchi kanalning ikki qirg‘og‘iga 3 ming tupdan ziyod mevali, 200 tupdan ziyod manzarali daraxtlar ekilib, mazkur hudud obodonlashtirildi.

Katta Farg‘ona kanalidagi kichik GESlar kaskadi ishga tushirilishiga bag‘ishlangan tantanali tadbirda hukumat vakillari, GESni qurish-montaj ishlarida ishtirok etgan korxonalar, shuningdek hamkorlardan Xitoy Xalq Respublikasi vakillari ishtirok etishdi. Rasmiy ochilish marosimidan so‘ng kichik GES kaskadini ishga tushirish bo‘yicha ramziy tugma bosildi va kichik GESlar kaskadi ishga tushdi. So‘ng mehmonlar qurilgan zamonaviy bunyodkorlik inshooti bilan yaqindan tanishishdi.

Gidroenergetika sohada boshlangan islohotlar va olib borilayotgan qurilish va bunyodkorlik ishlari aholi va sanoat tarmoqlarining elektr energiyasiga talabini qondirishga xizmat qiladi. Masalaning yana bir muhim jihati shundaki, yangi bunyod etilayotgan GESlar energiya manbai bo‘lish bilan birga ko‘plab yangi ish o‘rinlariga ham zamin yaratadi. 

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid