O‘zbekiston milliy jamoasi 2022 yil Qatarda bo‘lib o‘tadigan jahon chempionati 2-saralash bosqichidagi raqiblarini bilib oldi. Kuper jamoasi Saudiya Arabistoni, Falastin, Yaman va Singapur bilan birga «D» guruhidan o‘rin oldi. So‘nggi yillarda FIFA reytingida pastlab ketgan O‘zbekiston  qur'a oldidan o‘zining ahvolini og‘irlashtirgani bor gap, chunki 1-savatga tushmagan har qanday jamoa qiynalishi aniq.

O‘zbekiston qit'aning eng kuchli 8 jamoasi qatoriga kirmadi va 2-saralash bosqichidayoq Saudiya Arabistoni kabi kuchli jamoaga duch keldi. Mantiqan olib qaralganda, aslida biz 1-savatchada bo‘lib, boshqalar O‘zbekistonga tushishdan xavotirlanishi kerak edi, ammo futbolimizda inqiroz kuzatilayotgani, bu esa milliy jamoa reytingiga bevosita ta'sir qilganini tan olish kerak. Muxlislar qulay guruhga tushganimizdan xursand bo‘lishmoqda. Xo‘sh, O‘zbekiston chindan ham «hayot guruhi»dami?

Avvalo taqvim haqida ikki og‘iz. Demak, JCh-2022 Osiyo saralashining 2-bosqichida 40ta jamoa 8ta guruhga bo‘lingan holda qatnashadi. Guruh g‘oliblari to‘g‘ridan-to‘g‘ri 3-saralash bosqichiga yo‘l olishadi. 2-o‘rindagi 8ta terma jamoaning ko‘rsatkichi eng yaxshi bo‘lgan to‘rttasi hal qiluvchi saralashga yo‘l oladi. 12 jamoa ikki guruhga bo‘lingan holda 3-saralash bosqichini boshlaydi. 6 jamoadan iborat bo‘lgan ikkita guruhda dastlabki ikki o‘rinni qo‘lga kiritgan 4 jamoa to‘g‘ridan-to‘g‘ri JCh yo‘llanmasini qo‘lga kiritadi. Guruhlardagi 3-o‘rin sohiblari esa o‘zaro ikkita o‘yin o‘tkazishadi. G‘olib jamoa xalqaro pley-off orqali Qatar Mundialiga yo‘llanma olish huquqini saqlab qoladi.

Ko‘rib turganingizdek faqat guruh g‘oliblarigina o‘zlarini erkin his qilishlari mumkin, aks holda ahvol jiddiylashib ketadi. Guruh g‘olibi bo‘lish uchun asosiy da'vogar esa shubhasiz, Saudiya. Saudiya Osiyo Kubogida muvaffaqiyatsiz qatnashgan bo‘lishiga qaramay, ayni damda O‘zbekistondan kuchliroq. Bu terma jamoa muntazam ravishda jahon chempionatlarida qatnashib keladi, jumladan 2018 yilgi Rossiyadagi mundialda ham. Bu ikki jamoaning oxirgi o‘zaro o‘yinidan so‘ng saudiyaliklar faqat oldinga siljishdi, o‘zbek futboli esa orqaga ketdi, buni mard bo‘lib tan olish kerak.

Avvaliga milliy jamoa tajriba maydoniga aylanib qoldi, keyin Kuperning moslashishini kutdik, bu orada mamlakat futbolidagi o‘ta samarasiz o‘zgarishlar bosh jamoa reytingiga ham salbiy ta'sir qildi. Bugungi kunda esa milliy jamoaning holatini ancha yaxshi deyish mumkin, chunki Kuper nihoyat futbolimiz bilan tanishdi, milliy jamoa yaxshi o‘yin ko‘rsata boshladi. Futbol rahbariyati ham o‘zgardi, endilikda futbolni kimsan Ravshan Ermatovning shaxsan o‘zi boshqaradi va kimsan DXX raisining shaxsan o‘zi barchasini nazorat qiladi.