Jamiyat | 22:10 / 21.07.2019
40610
6 daqiqa o‘qiladi

«Apreldan boshlab g‘isht va qum tashishga jalb qilindik». Kasaba uyushmasi Respublika Kengashi Chustdagi o‘qituvchilar bilan suhbat o‘tkazdi

O‘zbekiston ta'lim, fan va madaniyat xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi vakillari Namangan viloyati Chust tumanidagi 9-umumta'lim maktabi o‘qituvchilari ta'tilda bo‘lishlariga qaramay majburiy mehnatga jalb qilinayotgani haqidagi ma'lumotni to‘liq o‘rganishdi.

Kun.uz saytida mazkur mavzuda «Chustdagi maktab muallimalari qurilish ishlarida javlon urishmoqda. «O‘z xohishi» bilan...» sarlavhali maqola e'lon qilingan, bu mavzu ijtimoiy tarmoqda keng munozara qilingan, «Sevimli TV» muxbiri ham holat yuzasidan jurnalistik surishtiruv o‘tkazib, aslida maktabda o‘qituvchilar majburiy mehnatga jalb etilmagani va bu haqdagi xabarlar yolg‘onligi aytilgan videolavha tayyorlagandi.

Kasaba uyushmasi tomonidan tashkil etilgan o‘rganish jarayonida Namangan viloyati, Chust tumani xalq ta'limi bo‘limi mudiri Shavkatbek Yo‘ldoshev hamda 9-maktabning bir guruh o‘qituvchilari bilan suhbat o‘tkazilgan. Pedagoglar suhbat davomida shu yilning aprel-iyul oylarida 9-maktabda boshlangan qurilish ishlariga navbatma-navbat jalb qilinganliklarini so‘zlab berishgan.

Ta'lim muassasasidagi barcha o‘qituvchilar iyun oyidan qonuniy, buyruq asosida mehnat ta'tiliga chiqqan bo‘lishlariga qaramay, qurilish ishlarida qum va g‘isht tashishga, maktab hududi va uning atrofini tozalashga majbur bo‘lishgan.

«Aprel oyidan buyon erkak o‘qituvchilar umuman dars o‘tmadi, chunki qurilishda ishlashdi. Ayol o‘qituvchilar esa sog‘ligi ko‘tarmagan holda mardikor olib kelishga majburlandi. Ishlayotgan erkak o‘qituvchilarga ovqat pulini ham yig‘ib berdik. Buning orqasidan oilada turli muammolarga duch kelyapmiz. Kelmaylik desak, direktor «Sentyabrdan senga dars yo‘q. O‘rningga boshqasini olaman!», deb dag‘dag‘a qiladi. Deyarli to‘rt oydan buyon bosim ostida har shanba-yakshanba kunlari qurilishda ishlab, oxiri jurnalistlarga murojaat qilishdan boshqa ilojimiz qolmadi. Aytinglar, qaysi zamonda yashayapmiz o‘zi?», deydi o‘qituvchilar kasaba uyushmasi bosh mutaxassisi Lazokat Turikova bilan suhbat vaqtida.

Muallimalar maktabda muhit yaxshi emasligini, direktor tomonidan qonunlar muntazam ravishda buzilishini, doimiy tahdid ostida ishlashlari, qurilish ishlariga hatto sog‘ligi yomon bo‘lganlar ham majburlanganini bildirishgan.

Kasaba uyushmasi vakillariga pedagoglar o‘z noroziliklarini yozma ravishda taqdim qilishgan. Shuningdek, video va audio ma'lumotlar ham olingan.

Vaziyatga tegishli qonunlar talabi bo‘yicha yondashadigan bo‘lsak, obodonlashtirish va qurilish ishlariga jalb qilish uchun xodimlarning yozma rozilik xati va ish beruvchining yozma buyrug‘i bo‘lmagan.

O‘zbekiston Mehnat kodeksining 130-132-moddalariga ko‘ra, xodimlarni dam olish kunlarida ishlatish taqiqlanadi. Ish beruvchining farmoyishi bo‘yicha, ayrim xodimlarni dam olish kunlari ishga jalb etishga alohida hollardagina, jamoat shartnomasida, agar u tuzilmagan bo‘lsa, ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qo‘mitasi yoki xodimlarning boshqa vakillik organi bilan kelishib, belgilangan asoslar bo‘yicha va tartibda yo‘l qo‘yiladi.

Mehnat kodeksining 157-moddasiga asosan, ish vaqtidan tashqari ishlar, dam olish kunlaridagi va bayram kunlaridagi ishlar uchun ikki barobar miqdorda haq to‘lanadi.

Kasaba uyushmasi bosh mutaxassisi Lazokat Turikova o‘rganishlardan so‘ng Chust tuman xalq ta'limi bo‘limi mudiriga taqdimnoma kiritib, Chust tumanidagi 9-maktabda dam olish kunlari va mehnat ta'tili davrida obodonlashtirish ishlariga jalb qilingan 50 foiz atrofidagi o‘qituvchilar ro‘yxatini tuzib, Mehnat kodeksining 130, 131, 132 va 157-moddalariga asosan «otgul» berish yoki ikki hissa ish haqi chiqarib berishni, tumandagi maktablardagi holatlar bo‘yicha monitoring o‘tkazishni, tumanda mehnat huquqlari bo‘yicha seminar tashkil qilish kabi talablarni bayon qilgan.

Respublika kengashining «Xodimlar huquqini tiklash bo‘yicha taqdimnoma»siga asosan Chust tuman xalq ta'limi mudiri Shavkatbek Yo‘ldoshev buyrug‘i qabul qilinib, ijro uchun yo‘naltirilgan. Mazkur buyruqqa asosan, dam olish kunlari va mehnat ta'tili davrida obodonlashtirish ishlariga jalb qilingan 40 nafar o‘qituvchi ro‘yxatda belgilangan muddatlarga asosan, ta'til paytida ishlagan kunlari uchun O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 124, 130, 131, 132 va 157-moddalariga asosan, joriy yilning avgust oyida to‘liq dam olishadi, ya'ni ularga avgust oyi boshidan qonuniy ta'tildan qaytgan kunlaridan boshlab sentyabrga qadar «otgul» beriladi (dam olishadi), shu bilan birga ish haqi to‘lanadi.

Bundan avvalroq, Namangan viloyat xalq ta'limi boshqarmasi tomonidan chiqarilgan rasmiy buyruqqa asosan 9-maktab direktori Ravshanoy Ismoilova direktorlikdan bo‘shatilgani xabar qilingandi.

Elmurod Ermatov,

Kun.uz muxbiri

Mavzuga oid