O‘zbekiston | 22:27 / 25.07.2019
13569
11 daqiqa o‘qiladi

«Arzon narx bilan jamiyatni to‘ydirib bo‘lmaydi». Ekspert mahsulotni saqlash va saralash tizimi haqida ma'lumot berdi

Kun.uz'da «Sovutgichlar masalasi. Bozorda narx tushishi uchun nima zarur?»  nomli maqola e'lon qilingan edi. Shundan so‘ng, sovutgichlar tizimi haqida ko‘proq ma'lumot olish uchun soha bo‘yicha eksperti, Global cold chain alliance («Xalqaro sovuq zanjir ittifoqi» ) dasturining Markaziy Osiyo va O‘zbekistondagi vakili Mo‘minjon Isomiddinov bilan suhbatlashdik. 

—  Avvalo, sovutgichlar qurilishi va ularning ishlash tizimi haqida batafsil ma'lumot bersangiz.

—  Sovuq zanjirda 3 ta tizim - 3 xil sovuqxona majmualari bor. Birinchisi saralash va qadoqlash markazlari (Packhouse) - mahsulot yetishtiruvchilarga tegishli bo‘ladi. Mahsulot yetishtirilgandan so‘ng bir necha kun ichida mana shu turdagi sovuqxonada saralanib, eksportga yo‘naltirilishi kerak. Chunki hozirgi kunda biror mahsulot dalaning o‘zida to‘g‘ridan to‘g‘ri mashinaga yuklanishi kerak emas. O‘zbekistonda ham aynan shu tur ishlashi kerak. Sababi biz dunyo bo‘yicha mahsulot yetishtiruvchi 12ta davlatdan birimiz.

Foto: Global cold chain alliance

Sovuqxonaning ikkinchi turi esa logistik markazlar deyiladi. U Qozog‘iston kabi tranzit zonalarda joylashgan bo‘ladi. Bu yerga yuk keladi va yig‘iladi. Distibution centre deb ham nomlash mumkin bo‘lgan bu kabi sovuqxona turlarida mahsulot yana mashinalarga ortilib, turli manzillarga yuboriladi.

Foto: Global cold chain alliance

Uchinchi tur esa iste'mol davlatlaridagi sovuqxonalar hisoblanadi. Bu yerda saralangan, qadoqlangan tayyor qishloq xo‘jalik mahsuloti ehtiyojga qarab turli muddatgacha saqlanadi. Uning 80 foizgacha hajmi mahsulotni saqlab turishga ixtisoslashgan bo‘ladi.

Foto: Global cold chain alliance

Yuqoridagi 3 xil sovuqxonalarning qurilish tizimi ham bir-biridan farq qiladi. Hozir O‘zbekistonda 1 million 200 ming tonna atrofidagi sig‘imga ega sovutgichlar mavjud bo‘lsa, ularning 90 foizi oxirgi tur – iste'molchi sovuqxonalari shaklida qurilgan. Vaholanki, O‘zbekiston mahsulot yetishtiruvchi va eksport qiluvchi davlat. Shunday bo‘lsa-da, bor-yo‘g‘i 2-3 foiz mahsulotni saralash va qadoqlashga moslashtirilgan sovuqxonalarimiz bor.

Foto: Global cold chain alliance

Packhouse'lar sig‘imining 60-70 foizi yukni qabul qilib, saralab, so‘ng keyingi eksport bosqichiga chiqarib yuborish uchun mo‘ljallangan bo‘ladi. Demak, umumiy sovuqxonaning sig‘imi 1000 tonnani tashkil qilsa, faqatgina 250-300 tonna mahsulot saqlanishi mumkin, xolos.

Masalan, o‘rtacha 20 tonna yukni terib, saralab, sovitib eksportga chiqarish uchun 100 kishi ishlashi kerak. Agar sovuqxona sig‘imi 1000 tonna bo‘lsa, unga joylashtiriladigan o‘rtacha 250-300 tonna mahsulotni saralash uchun qancha odam ishlashi zarurligini tasavvur qilish qiyin emas. Ko‘p ishchi kuchining erkin harakatlanishi uchun esa sovuqxona hududi mahsulot saqlanadigan hajmdan ancha katta bo‘lishi talab etiladi.

—  O‘zbekiston iste'molchi emas, mahsulot yetishtiruvchi davlat bo‘lishiga qaramay mamlakatdagi sovuqxonalarning asosiy foizi iste'molga tayyor mahsulotlarni saqlashga ixtisoslashtirib qurilganini qanday izohlash mumkin?

—  Bu yerda ko‘p narsa yaxshi ma'lumotga ega kadrlarga borib taqaladi. Saralash mexanizmiga o‘tishimiz uchun esa sharoit yetarli. Faqat mahsulot hajmi bilan ishlashga kuchimiz yetmayapti.

Hozirgi kunda bizda mavjud sovuqxonalar 60 foizgacha o‘z funksiyasini bajara olyapti, xolos. Masalan, 10 kun ichida 10 tonna yukni eksportga chiqarishga mo‘ljallangan bo‘lsa, ular shu muddatda faqat 6 tonnani sovitib chiqarishga qurbi yetadi.

Sababi ko‘pchilik iste'mol uchun ishlatiladigan uchinchi turdagi sovuqxonalarni qurib qo‘ygan. Oqibatda esa standartlarga to‘g‘ri kelmasa ham,saralash ishlari dalaning o‘zida amalga oshirilyapti.

Aslida esa, 10-15 kun muayyan mahsulotning pishish va terilish davri bo‘lib, u shu qisqa muddat ichida maxsus Packhouse'larda saralanib, sovitilib, eksportga yo‘naltirilishi zarur.

Ayni paytda davlat 200-250 ming gektar hududda 20 million tonna mahsulot yetishtiryapti. Bu maydon yana oshishi rejalashtirilmoqda. Agar bu maqsad amalga oshsa, O‘zbekistonda 100 million tonnagacha mahsulot yetishtirilishi mumkin.

Mamlakat ehtiyoji esa 12 million tonna bilan qoplanadi. Uning 4 millionga yaqini mavsum payti iste'mol qilinadi, deb hisoblasak, qishki oylar uchun ma'lum miqdordagi sabzavot va mevani saqlab qo‘yganda ham, mevalarning taxminan 80 foizini uzilgandan so‘ng, tezda saralab chetga chiqarishga talab bor. Bu o‘z-o‘zidan mahsulotni saralovchi birinchi turdagi sovuqxonalarga talab yuqoriligini anglatadi.

—  Sovutgichlar qurilishida joy tanlash masalasi O‘zbekiston sharoitida to‘g‘ri hal etilganmi?

—  Sovuqxonalar, avvalo, mahsulot eksportga chiqadigan joylarda quriladi. Buning uchun butun bir infratuzilma – yo‘llar, ishchi kuchi, qadoqlash materiallari, bog‘lar, dalalarga ega bo‘lish kerak. Mana shu infratuzilma Farg‘ona vodiysi hududida shakllanib bo‘ldi.

Lekin bunga teskari holatlar ham bor. Masalan, ba'zi hududlarida 5 ming tonnalik sovutgichlar eng yaqin bog‘dan 160 kilometr uzoqlikda qurilgan. Bu yerda mantiqning o‘zi yo‘q. Chunki sovuqxonalar dala va bog‘larga juda yaqin yerlarda qurilishi kerak.

O‘sish darajasiga qaraydigan bo‘lsak, 2011 yilda O‘zbekistonda ishlab turgan sovuqxonalar hajmi atigi 60 ming tonnani tashkil qilgan bo‘lsa,2018 yilgacha bu raqam taxminan 20 baravar o‘sishni qayd qilib, 1 million tonnadan oshdi.

Packhouse'ga ehtiyojning balandligi esa 2011 yilda O‘zbekistonning yetishtirgan mahsuloti 11-12 million tonnadan 2018 yilda 20 million tonnaga yetgani va bu hajm yana ko‘payishi maqsad qilingani bilan izohlanadi.

—  Sovutgichi bor tadbirkorlar, iste'mol sovuqxonalaridan ham foyda qila olishyaptimi?

—  2011 yilda 1 kilogramm mahsulotni sovitib berish 100 so‘mga narxlangan bo‘lsa, 2018 yilda ham shundayligicha qolgan. Tadbirkor zarariga ishlagandan ko‘ra ishlamaslikni afzal ko‘radi. Demak, iste'mol shaklidagi sovuqxona talabga javob bermayapti.

Lekin uning o‘rniga saralashga ixtisoslashgan sovuqxona (Packhouse)lar qurilsa, saralash, qabul qilish, sovitish va saqlash uchun har bir funksiya uchun tadbirkor 100 so‘mdan jami 400 so‘m olib foydaga kirishi mumkin.

Bu usulda sovitish tizimi ham tez ishlaydi. Agar hozir mavjud sovuqxonalarimizda mahsulot 4 kun sovitilib, keyin eksportga jo‘natilayotgan bo‘lsa, Packhouse'lar yordamida 4 kunda 4 martagacha mahsulotni sovitib chiqarish mumkin. Bu esa 400 so‘mni 4 ga ko‘paytirdingiz degani. Har bir kilogramm mahsulotni saqlab 100 so‘m olgan yaxshimi, uni tezda sovitib, saralab, qadoqlab, 1600 so‘m olgan foydami?

—  Mahsulotlarimizning ayni paytda dunyo bozori talablariga javob berish darajasini qanday baholaysiz?

—  Hozir eksport qiladigan mahsulotlarimiz asosan Rossiya talabiga javob beradi, xolos. Jahonning mukammal bozorlariga javob beruvchi foiz esa juda kam. Xitoy, Hindiston kabi davlatlar ham O‘zbekistonning qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga qiziqmoqda. Chunki ekologik muammolar tufayli dunyoda mahsulot yetishtiradigan davlatlar kamayib bormoqda.

Biroq yaqinda chet ellik mutaxassislar mahsulotning dalada saralanayotganligiga salbiy fikr bildirib ketishdi. Hozirgi sovutgichlarimiz ichkarida saralash va qadoqlashni tashkil qilish uchun o‘ziga 100 nafar ishchini sig‘dira olmaydi. Chunki O‘zbekistondagi qurilgan asosiy sovutgichlar saralangan, qadoqlangan yukni saqlash uchun mo‘ljallangan, saralash uchun emas. Shuning uchun ham biz butun sovutgichlar tizimini o‘zgartirishimiz kerak.

—  Sovuqxonalar bog‘lar va dalalar yaqinida qurilishini hisobga olsak, ularning ishlash tizimida elektr toki bilan bog‘liq muammolar yo‘qmi?

—  Sovuqxonaning eng katta kushandasi – elektr toki. Birinchidan, narx tarafidan, ikkinchidan, muntazamligi jihatdan. Agar bir marta uzilish bo‘ldimi, darrov sovuqxonadagi mahsulotning sifatiga ta'sir qiladi.

O‘tgan 2 yilda elektr uzilishi bilan bog‘liq muammolar kamaygan. Narx borasida esa, menimcha, hukumat bu yo‘nalishdagi tadbirkorlarga imtiyoz berishi kerak. Chunki tadbirkor avval mahsulotni kimdandir sotib olishi kerak. Undan oldin esa yetishtirish kerak. Sovuqxonaning asosiy xarajati elektr energiya bilan bog‘liqligini hisobga olsak, imtiyoz bilan meva va sabzavotning tannarxini ham arzonlashtirish mumkin.

Lekin bizda,aksincha, sovuqxonalar uchun elektr energiya narxi oshirilgan. Bu bozordagi narxga ham teskari qilishi mumkin.

—  Sovuqxonalarning bozordagi narxni barqarorlashtirishi borasidagi ahamiyatiga ham to‘xtalib o‘tsangiz.

Aslida, tadbirkor boyisa, uning o‘z sohasiga qiziqishi oshaveradi. Masalan, birinchi sovutgich qurganda 75 so‘mdan olma olinib, 2000 ming so‘mdan sotilgan. Keyin boshqalar ham buni kuzatib, sovuqxona qurishadi. Lekin bu safar olma 2 ming so‘mdan arzon bo‘ladi. Bozor o‘z-o‘zidan narxni nazorat qilishni boshlaydi.

Mahsulot olinadigan va qayta sotiladigan narxning orasida kamida bir baravar farq bo‘lishi kerak. Shuning uchun men hamisha narxni tushirish masalasiga qarshi chiqqanman. Qachonki narxni tushirsak, zanjirdagi bitta bosqichni istaymizmi, yo‘qmi, sindiramiz. Chunki sovuqxonachilar ham hamma narsani foyda ko‘rish uchun pulga sotib olgan. Tadbirkor mahsulotni 100 so‘mga sotib olib, uni ma'lum paytdan so‘ng yana 100 so‘mga sotishi zarar emasmi? Mayli, ma'lum foizga oshsin, muhimi shu pul O‘zbekistonga kirib keladi, shu yerda aylanadi. Bozorda mahsulot ta'minoti yaxshilanadi, tadbirkor ham kreditini yopadi. Boshqacha qilib aytganda, jamiyatda qon aylanadi.

«Arzon narx bilan jamiyatni to‘ydiraman», degan xato fikrdan voz kechish kerak. Sababi majburiy arzon narxni ushlashga harakat qilindimi, demak, tadbirkor, fermer, ikki o‘rtada qadoqlovchi ham sinadi. Kelasi yil ular o‘z ishlaridan voz kechishi mumkin. oqibatda bozorga pul kirishida muammolar paydo bo‘ladi.

Zilola G‘aybullayeva suhbatlashdi