Jamiyat | 14:52 / 26.07.2019
6796
4 daqiqa o‘qiladi

So‘nggi 30 yilda gepatit bilan kasallanish holatlari 250 martaga kamaygan

Bugun, 26 iyul kuni Milliy matbuot markazida Sog‘liqni saqlash vazirligi, Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti hamkorligida O‘zbekistonda gepatit kasalligi tarqalishining oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar va istiqboldagi vazifalarga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Ma'lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda dunyo miqyosida virusli gepatitning V va S turi bilan kasallanish ko‘paymoqda. Gepatit V o‘z vaqtida aniqlanib davolanmasa, jigar sirrozi va gepatotsellyulyar karsinoma, ya'ni jigar saratoni kelib chiqishiga sabab bo‘ladi.

O‘zbekistonda emlashlar samarasi tufayli bu og‘ir kasallikning V turi 19 yoshgacha bo‘lganlarda deyarli uchramayapti. Mustaqillik yillarida gepatit bilan kasallanish holatlari 250 martaga kamaygan. Gepatit V va S bilan kasallangan bemorlarni kasallikning ilk bosqichlarida aniqlash maqsadida skrining ishlarini samarali tashkil etish uchun O‘zbekiston tibbiyotiga 1,02 mln AQSh dollari miqdorida investitsiya jalb etilgan.

Aholi sog‘lig‘ini asrash, gepatit kasalliklari oldini olish maqsadida AQShning Centerfor Disease Analysis Foundation (CDAF) fondi hamkorlikda virusli gepatit V va S ning oldini olish bo‘yicha 2019-2020 yillarga mo‘ljallangan maxsus loyiha ishlab chiqildi.

Dastavval loyiha ishchi guruhi tuziladi, so‘ngra, loyihada ishtirok etadigan oilaviy poliklinikalar tanlab olinadi. Virusologiya ilmiy tekshirish instituti olimlari va malakali mutaxassislarini jalb etgan holda tibbiy-maslahat markazi tashkil etiladi va tadbir ishtirokchilari uchun seminar-treninglar o‘tkaziladi.

Tadbirning amerikalik mehmoni, CDA Foundation jamg‘armasi direktori Homi Razavi bergan ma'lumotlarga qaraganda (ma'lumotlar nodavlat tashkilotlar tomonidan to‘plangan) hozirgi kunda dunyo bo‘ylab har yili 1,5 mln, kuniga 4 ming, har 4 sekundda bir odam aynan gepatit kasalligi oqibatlari tufayli vafot etyapti. JSST 2030 yilgacha 90 foiz diagnostika bilan qamrab olishni, diagnoz qo‘yilganlarning 80 foizi davolanishini rejalashtirmoqda. Buning ortidan yangi kasallanishlar 80 foizga, o‘lim holatlari 60 foizga kamayishiga erishiladi.

Bu loyiha doirasida 20 foiz bemorlarga dastlabki bosqichda davolanish uchun dorilar bepul, qolgan 80 foiziga imtiyozli narxlarda taqdim etiladi.

Virusologiya ilmiy tekshirish instituti direktori E.Musabayevning fikricha, mazkur loyihaning muvaffaqiyati ortidan  33 ming jigar raki, 15300 sirroz, 20 ming o‘lim holatlari oldi olinadi.

Kun.uz muxbirining «20 foiz bepul beriluvchilar toifasi qanday kriteriylarga qarab aniqlanadi? Umuman, loyihada ko‘zda tutilgan dori-darmonlar boshqalariga nisbatan narx bo‘yicha qanday tafovutga ega, ya'ni qimmat emasmi?» degan savoliga loyiha koordinatori shunday javob berdi: «20 foiz bu kam ta'minlanganlar, nogironlar va ishlamayotgan pensionerlar toifasidir. Qolgan 80 foizga taqdim etiladigan dorilar ham analoglaridan 40-60 foizgacha arzon bo‘ladi. Faqat buning uchun bemorlar alohida retsept bilan maxsus dorixonalardan xarid qilishlari shart».

Mavzuga oid