Prezidentimizning 2018 yil 29 martdagi «Obod qishloq» dasturi to‘g‘risida»gi farmoni bilan mamlakatimizdagi har bir tumanda (shahar) ikkitadan, 2019 yildan esa uchtadan qishloqda (mahalla) dastur doirasida keng ko‘lamli ishlar olib borilishi belgilangan.

Mazkur farmon asosida chekka va olis qishloqlar aholisi turmush tarzi, ijtimoiy shart-sharoitlarini yaxshilash, mavjud infratuzilma, kommunikatsiya tarmoqlarini zamon talablariga moslashtirish, maishiy xizmat ko‘rsatish sifatini tubdan oshirish, qishloqlar qiyofasini o‘zgartirish, pirovardida, odamlar turmush farovonligini yuksaltirishga qaratilgan katta ishlar boshlangan edi.

Xo‘sh, belgilangan tadbirlar qanday amalga oshirilyapti? Ishlar sifatli bajarilyaptimi yoki muammolar bormi?

Tan olib aytish kerakki, «Obod qishloq» dasturi asosida olib borilayotgan ishlarni barcha hududlarda birdek olib borilyapti, deb bo‘lmaydi. Belgilangan chora-tadbirlar yakuniga yetmay qolayotgani, bir qator muammolar mavjudligi, bu esa aholining turli e'tirozlariga sabab bo‘lishi holatlari uchramoqda.

Kun.uz tahririyatiga shu mazmundagi navbatdagi murojaat Qashqadaryo viloyati, Kitob tumanidagi «Alaqo‘yliq» mahallasi aholisidan keldi.

Ushbu murojaatni joyida o‘rganib, mahalla aholisining e'tirozlarini tingladik.

«Mahallamiz «Obod qishloq» dasturiga tushganini eshitib juda xursand bo‘ldik. Afsuski, bugungi kunda mahallamizda ahvol yaxshilanmayotgani, mavjud muammolar hal qilinmayotganligi bu quvonchimizni yo‘qqa chiqardi. Yo‘llarning ma'lum qismi ta'mirlangan bo‘lsa-da, ichki yo‘llar ta'mirtalab holicha qolmoqda. Yog‘ingarchilik vaqti bu ichki yo‘llar loy bo‘lganidan yurib bo‘lmaydi. Simyog‘ochlar bir ahvolda, o‘zimiz o‘rnatganmiz. O‘zimiz elektr simlarini o‘tkazganmiz. Ichimlik suvida ham ko‘plab muammolar mavjud. Bu muammolar hal qilinmasa, qishloq ahli biror ijobiy o‘zgarishni his qilmasa, «Obod qishloq» dasturidagi loyihalar faqat qog‘ozda qolib ketsa, bundan aholiga nima naf?», — deydi biz bilan suhbatda mahalla aholisi.

Fuqarolarning e'tirozlari asosida «Alaqo‘yliq» mahallasi hududini ko‘zdan kechirdik. Ma'lum bo‘lishicha, ushbu mahalla joriy yilda «Obod qishloq» dasturiga kiritilgan. Ammo o‘tgan vaqt ichida amalga oshirilgan ishlarni haqiqatan ham qoniqarli deb bo‘lmaydi.

Xususan, mahalla hududidagi «Alaqo‘yliq» qishlog‘idagi holatlar achinarli. Ichki yo‘llar yetarlicha ta'mirlanmagan. Ayniqsa, simyog‘ochlarning holatiga «maymunlar yig‘laydi». Sababi, ushbu simyog‘ochlarni (agar simyog‘och deyish mumkin bo‘lsa) kichik-kichik yog‘ochlardan fuqarolarning o‘zi o‘rnatgan. Hattoki, elektr simlarini ham o‘zlari o‘tkazgan. Bu esa xavfli ko‘rinish olgan.