O‘zbekiston | 19:20 / 03.10.2019
8698
4 daqiqa o‘qiladi

«Tashkent book fest – 2019» tassurotlari. Toshkentdagi ilk Xalqaro kitob ko‘rgazma-yarmarkasi qanday o‘tmoqda?

Kecha, 2 oktabr kuni «Tashkent book fest – 2019» I Toshkent xalqaro kitob ko‘rgazma-yarmarkasi o‘z ishini boshladi. Unda milliy va xalqaro nashriyot vakillari, sohada faoliyat yuritayotgan mutaxassislar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etmoqda.

Jumladan, Buyuk Britaniya, Germaniya, Janubiy Koreya, Rossiya, Turkiya, Qozog‘iston va Qirg‘iziston davlatlarining 18ta nashriyoti va 30dan ortiq mahalliy nashriyotlar o‘z kitoblarini jamoatchilikka namoyish qilmoqda. 

Tadbirning tantanali ochilish marosimida so‘zga chiqqan Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi  direktori Komil Allamjonov xalqaro kitob ko‘rgazmasini tashkil etishdan ko‘zlangan maqsad va uning natijalari haqida gapirdi.

«Ko‘rgazma-yarmarkaning asosiy maqsadi – kitob va mutolaani targ‘ib qilish, ishtirokchi davlatlarning adabiy merosini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish, mutolaa madaniyatini shakllantirish, jahon bosma sanoati tajribasini o‘rganish va nashriyotlar hamda kitob tarqatuvchilar, axborot-kutubxona muassasalari va kitob-mutolaa masalalariga mas'ul tashkilotlar o‘rtasida xalqaro aloqalarni o‘rnatishdan iborat», dedi u.

Ochilish marosimida so‘zga chiqqan xorijiy mehmonlar ham O‘zbekistonda kitobxonlik va kitob noshirligi sohasidagi olib borilayotgan ishlarni yuqori baholashdi. Xususan, Qozog‘iston Madaniyat va sport ishlari vazirligi Til siyosati Qo‘mitasi raisi Galimjan Meldeshov O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ilgari surgan «Beshta tashabbus» va uning doirasida yoshlar ma'naviyatini yuksaltirish va kitobxonlikni keng targ‘ib qilish borasida qilinayotgan ishlar qo‘shni davlatda ham ijobiy taassurot uyg‘otayotganini ta'kidladi.

Germaniyaning Klett nashriyoti xodimi Sandra Ramspergerning fikricha, ko‘rgazma mehmonlari nemis tilidagi kitoblarga va german tiliga qiziqish bilan qaramoqda.

«Ta'kidlash joizki, nashriyotimiz Germaniyaning eng yaxshi maktab nashrlarini chop etadi. Bundan tashqari, turli xorijiy tillardagi kitoblarni ham bosmadan chiqaramiz», - deydi u.

Yarmarkada ishtirok etayotgan adabiyotshunos Shuhrat Rizayev kitob ko‘rgazmalari butun dunyoda doimiy o‘tkazib borilishi, ularning ilk bor O‘zbekistonga ham ko‘chishi esa ijobiy hodisa ekanini, ayni mana shunday ko‘rgazmalar bilan odamlarning kitobxonlikka qiziqishi yanada oshishi mumkinligi haqida gapirdi.

«Ayni damda Xitoy ijodiyotining durdona asarlarini namoyish qilyapmiz. Ular orasida bolalar adabiyoti, xitoy tilini ingliz tilida o‘rgatuvchi turli izohli kitoblar ham bor. Turli darsliklar ham ko‘rgazmamizdan joy olgan. Ushbu xalqaro yarmarka haqida esa faqat bitta narsa deyishim mumkin: bu kabi tadbirlar O‘zbekistonga kerak», - deydi Xitoy madaniy markazi direktori janob Yang. 

Ko‘rgazmada mahalliy nashrlarning stendlari orqali chet ellik nashriyot vakillariga ham O‘zbekiston bosma sanoati haqida ma'lumot berish loyihaning asosiy maqsadlaridan biri bo‘lmoqda. 

«Hilol» nashriyoti ham ko‘rgazmada yangi asarlar bilan ishtirok etyapti. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf asarlari jamlanmasi, yozuvchi Tohir Malik to‘plamlari ham shular jumlasidan. Bundan tashqari, ko‘rgazmada alohida bepul wi-fi zonasi tashkil etish bilan o‘quvchilarga nashriyotning elektron bazasidagi kitoblarni o‘qish imkoni berildi», - deya ma'lumot berdi «Hilol» nashri bosh muharriri Yorqinjon Haydarov. 

Ma'lumot uchun, «Tashkent book fest – 2019» xalqaro ko‘rgazma-yarmarkasi 4 oktyabrgacha davom etishi rejalashtirilgan bo‘lib, turli taqdimotlar, viktorinalar, mahorat darslari o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Mavzuga oid