Ilk marta u 1992 yili Barselonada o‘tgan yozgi olimpiadada sobiq ittifoq mamlakatlari terma jamoasi tarkibida qatnashgan va oltin medal sohibi bo‘lgan. O‘shanda u 17 yoshda edi. Sportchi 2008 yili Pekin olimpiadasida Germaniya terma jamoasi tarkibida ishtirok etib, kumush medal olgan.

O‘shanda u o‘g‘lini oqqon kasalidan davolash uchun bir necha yilga Germaniyaga ko‘chib o‘tgan edi. Yevropada olti yil yashagach u jonajon O‘zbekistonga qaytib, o‘z mamlakati uchun olimpiada medalini olishni maqsad qilgan.

«Meduza» 44 yoshli gimnastikachi bilan gimnastika maktabi, siyosat bilan shug‘ullanayotgan sportchilar va chiroyli ketish haqida gaplashdi.

— Siz shuncha yildan beri sportdasiz va g‘alaba qozonishda davom etmoqdasiz. Buni o‘zingizga qanday tushuntirasiz? Sizda boshqalarda yo‘q biror tabiiy iqtidor bormi?

— Bilasizmi, ko‘pchilik mendan shuni so‘raydi. Bilmadim, menga shunchaki zalga kelib gimnastika bilan shug‘ullanish, qanaqadir yangi elementlarni o‘rganish, nimanidir sinab ko‘rish yoqadi. Buni chin qoniqish bilan qilsang, nimalargadir erishar ekansan. Men esa doimo ishimni sidqidildan bajaraman. Sport menga huzur baxsh etmay qo‘ygan kuni burilib zaldan chiqib ketaman, boshqa ish bilan shug‘ullanaman.

— Sportda shuncha vaqt bo‘lishingizni kutganmidingiz?

— Yo‘q, albatta! Ko‘pchilik ishonmas, lekin gimnastikaga kelib shug‘ullana boshlagan paytim hattoki jahon chempioni bo‘lishni ham orzu qilmagan edim, olimpiadani-ku qo‘yaturing. Men shunchaki zalga kelib, o‘zim xohlagan ishni qilar edim.

Hozir men muvaffaqiyatsiz chiqish qila boshlasam, ayrim odamlar ketishim kerakligini aytishsa ham, ko‘pchilik meni hamon qo‘llab-quvvatlab turganini ko‘raman. Men ulardan minnatdorman, aynan ularning sharofati bilan mashg‘ulotlarni yanada kuchaytiraman.

— Agar tanqid haqida gapirsak, yosh qatnashuvchilar va ularning murabbiylari sizga qanday munosabatda? Qaysidir ma'noda siz ularning o‘rnini band qilib qo‘ymayapsizmi?

— Bilasizmi, kim bilan tanish bo‘lsam ular men uchun qayg‘urishadi, muxlislik qilishadi, muvaffaqiyatli chiqishlarimdan quvonishadi. Bu albatta yoqimli. Ishim mobaynida ijobiy fikrdagi insonlar ko‘proqligiga amin bo‘ldim. Ayrim paytlar slbiy fikrlar va sharhlar ham kerak, bu sening hamiyatingga tegadi va yaxshiroq ekanligingni ko‘rsatishga undaydi. Har qanday fikr olg‘a intilishga yordam beradi.