To‘ra Bobolov: «Rahbar kishi o‘zini ko‘z-ko‘z qilmasligi, zo‘raki «donishmandlik»dan xoli bo‘lishi lozim»
O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Toshtemir Turdiyev va Hurriyat muxbiri Azimbek Samadov Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov bilan muloqot o‘tkazdi. Unda bugungi kunda vohada amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar jarayoni va kelgusida ro‘yobga chiqariladigan ishlar, istiqbolli loyihalar ko‘lami haqida so‘z yuritildi. Quyida suhbatdan qisqacha parchalar keltiriladi.
Surxondaryodagi o‘zgarishlar
«Muhtaram Prezidentimiz joriy yilning o‘zida viloyatimizga uch bor tashrif buyurdilar. Bu, albatta, mamlakatimiz rahbarining Surxon eliga bo‘lgan cheksiz mehri, hurmati tufaylidir. Negaki, Yurtboshimiz har galgi tashriflari davomida viloyatda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar jarayoni bilan tanishib, viloyat ahli, faollari bilan bo‘ladigan uchrashuv, muloqotlarida shu elning nafaqat buguni, ertasi, balki uzoq tarixi bilan ham qiziqadilar, bizni yanada faollikka, jonkuyarlikka da'vat etadilar.
Prezidentimizning butun mamlakatimiz xalqiga bo‘lgani kabi Surxon yurtiga alohida mehr-muhabbatlari juda katta. Shu boisdan ham Yurtboshimizning keyingi tashriflari davomida o‘tkazgan yig‘ilishida “Har bir vazir, soha hamda tarmoqlar rahbarlariga yil yakunigacha va kelasi yilda Surxondaryo uchun nimalar qilishini aniq yozib, viloyat hokimligiga taqdimot qilish bo‘yicha” topshiriq berdilar. Va yana viloyatimiz iqtisodiyotining bugungi hayotini chuqur tahlil qilib, uni rivojlantirish bo‘yicha muhim yo‘nalishlarni belgilab berdilar. Jumladan, shu paytgacha rejalashtirilgan loyihalarni bajarish bilan birga, kelgusi ikki yilda umumiy qiymati 13 trillion so‘mlikdan ziyod yangi investitsiya loyihalari ishlab chiqilgani qayd etildi.
Nasib bo‘lsa, davlatimiz rahbari ta'kidlaganlaridek, 3-4 yil ichida Surxondaryoda tanib bo‘lmas darajada o‘zgarishlar bo‘ladi. Shuni aytishim kerakki, bunga Surxon xalqining tanti va mehnatkash eli aslo shubha qilayotgani yo‘q. Yana g‘urur bilan aytishimiz mumkin, butun yurtimizda, jumladan, bizning viloyatimizda ham so‘nggi yillarda ro‘yobga chiqayotgan yangilanish va o‘zgarishlar buning yaqqol dalili, isboti bo‘lmoqda. Afsuski, uzoq yillar davomida Surxondaryo biroz e'tibordan chetda bo‘lib qolgan edi. Garchi bu zaminda ham juda katta imkoniyatlar, salohiyat, eng muhimi, mard, tanti va mehnatkash odamlar yashasa-da, turli sabablar ro‘kach qilinib, yirik loyihalarning amalda tatbiq etilishiga imkoniyat yaratilmagan. Aytaylik, uch yil avvalgi o‘tgan davrda vohada birorta ko‘zga ko‘rinarli sanoat korxonasi bunyod etilmagan, shu boisdan, aholini ish bilan ta'minlash masalasi ham og‘ir ahvolga kelib qolgan edi».
Paxta terimi
«Bu yilgi mavsumga boshqacharoq yondashyapmiz. Terim otryadlari tashkil qilindi. Ularni shakllantirish, avvalo, fermerlarning o‘z zimmasiga yuklatilgan. Ya'ni, avvalo, fermer xo‘jaligi a'zolari, ularning mehnatga layoqatli, voyaga yetgan yaqinlari, ko‘ngilli terimchilar paxta yig‘im-terimi bilan mashg‘ul.
Ikkinchidan, mahallada vaqtincha ishsiz bo‘lib turgan fuqarolarni terimga jalb qilish ham yaxshi samara beryapti. Bundan tashqari, yig‘im-terim uchun kunlik terim pullarining berilishi ish sur'atini oshiryapti. Terimda faol qatnashganlar moddiy va ma'naviy jihatdan rag‘batlantirib borilyapti. Qishloq ahliga paxta terimi mavsumidan so‘ng g‘o‘zapoyani teng taqsimlash tartibini ham joriy qilish ko‘zda tutilgan. Hozir ijtimoiy soha va boshqa barcha budjet tashkilotlari xodimlari paxta yig‘im-terimida ishtirok etayotgani yo‘q. Endi majburiy mehnatsiz ham hosilni yig‘ib olishga o‘rganishimiz kerak. Paxta bo‘lsa, unga yuqorida aytganimdek, paydar-pay puli to‘lab turilsa, xalqning o‘zi hosilni to‘lig‘icha yig‘ib olishiga shubha yo‘q. Chunki paxta xarid narxi yildan yilga oshib bormoqda. Paxta terib odamlar yaxshigina daromad qilishyapti. Shunday ekan, o‘z-o‘zidan majburiy mehnatga o‘rin qolmaydi ham».
Yo‘llar masalasi
«Yo‘l masalasi Surxondaryodagi eng og‘riqli masalalardan biridir. M39 xalqaro yo‘li Termizdan Dehqonobodgacha xalqaro standartlar talabi bo‘yicha mukammal ta'mirdan chiqarildi.
Hozir Boysundan Sariosiyogacha bo‘lgan ichki yo‘lni ikki chiziqli qilib, xalqaro standartlar darajasida ta'mirlash bo‘yicha aniq dastur tuzilgan. Bu ishga shu yildan kirishamiz, ishlar boshlab yuborilgan.
M41 “Termiz — Dushanbe” yo‘lining Sariosiyogacha bo‘lgan qismini kapital ta'mirlash ishlariga kelgusi yilning fevral oyidan kirishiladi. “O‘zavtoyo‘l” davlat qo‘mitasi mutaxassislari bilan birgalikda ishlayapmiz. Mana shu yo‘l to‘rt chiziqli yo‘l qilib kengaytiriladi. Ya'ni, bu nafaqat vaqt va masofani qisqartirish, balki xavfsizlikni ta'minlash uchun Jarqo‘rg‘on, Qumqo‘rg‘on va Sho‘rchi tumanlari markazlarini chetlab o‘tadigan yo‘l bo‘ladi».
Ma'naviyat haqida
«Inson kim bo‘lishidan qat'i nazar, u birinchi navbatda inson, odam bo‘lishi shart. Chinakam rahbar esa avvalo ma'naviyati, tarbiyasi, bilimi, odobi, axloqi bilan hurmatga loyiq bo‘ladi.
Qolaversa, katta-kichik rahbarlik bu — mas'uliyat, ishonch. Birinchi navbatda xalqimizning, Prezidentimizning ishonchi. Bunday ishonchga sazovor bo‘lgan kishi ma'naviyatni o‘zining bosh shiori, mezoni deb bilmog‘i ham farz, ham qarzdir. Mana, o‘zingiz ayting, davlatimiz rahbari nega birinchi navbatda ma'naviyatga, ma'rifatga, kitobxonlik masalasiga, o‘qituvchilar mehnatiga yuksak e'tibor, g‘amxo‘rlik ko‘rsatmoqda. Chunki bu bejiz emas. Ma'naviy daraja bo‘lmasa, ilmu ma'rifatdan uzoq bo‘linsa, hamma ishlar befoyda, bari bekor.
Aytmoqchi bo‘lganim, ma'naviyat ona allasidan boshlanib, ustoz o‘gitlarigacha, ota ibrati-yu rahbar salohiyatigacha sayqallanib, shakllanib boradi. Rahbarlarda bu fazilat tug‘ma xislatday bo‘lishi kerak. Albatta, rahbar kishi o‘zini ko‘z-ko‘z qilmasligi, zo‘raki “donishmandlik”dan xoli bo‘lishi lozim. Ma'naviy dunyosi barkamol, ishchan va yetuk rahbar xalq ichiga yashirincha oralamaydi. Yuzma-yuz, ochiq muloqotda bo‘ladi. Bizda ma'naviyati butun, halol mehnati tufayli nomi el aro qadrli bo‘lgan rahbarlar ko‘p. Ularning ayrimlari dunyodan o‘tib ketdi, ba'zilari esa hozir ham oramizda, el iftixori bo‘lib ishlab yurishibdi. Hayot tarzi, rahbarlik san'ati yosh kadrlar uchun ibrat maktabi bo‘lgan mahalliy rahbarlar haqida o‘ylarkanman, ko‘z oldimga Eshniyoz Rustamov keladi. U kishi g‘oyat og‘ir-vazmin, chuqur mulohazali inson edi. 1965 yildan 1992 yilgacha Sho‘rchi, Jarqo‘rg‘on va Denov tumanlariga rahbarlik qildi. Bu insonda ayrim rahbarlarda uchrab turadigan badxulqlik kabi yomon odatlar yo‘q bo‘lgan. Har qanday holatda o‘zini shaxsiy manfaatlardan, mayllardan tiya olgan. Shu kishining ko‘p xislatlarini atoqli davlat arbobi Sharof Rashidovning fazilatlariga o‘xshatishgan. Sharof Rashidov Surxondaryoga kelsa, albatta, u kishi bilan uchrashmasdan ketmas ekan. Surxon zamini tarixdan ma'lumki, ulug‘ avliyolar, allomalar yurti. Necha-necha Termiziylar qoldirib ketgan ulug‘ ma'naviyat sarchashmalaridan bugun nafaqat yurtimiz, balki butun jumlai jahon bahramand, desam xato bo‘lmasa kerak.
G‘urur bilan aytishim kerak, Surxon diyori Shukur Holmirzayev, Tog‘ay Murod, Nodir Normatov, Ro‘zi Choriyev, Tesha Saydaliyev, Shafoat Rahmatullayev kabi ijodkorlarni yetishtirdi. Bugungi kunda esa Erkin A'zam, Usmon Azim, Sirojiddin Sayyid, Mirzo Kenjabek, Salim Ashur, Esh¬qobil Shukur va boshqa iqtidorlar bilan faxrlansak arziydi. Yana qanchalab ilm-fanda, san'at sohasida katta yutuqlarga erishgan, erishayotgan yurtdoshlarimiz, umidli yoshlar haqida to‘xtalishim mumkin. Aytaylik, mamlakatimizda yosh avlodni jismonan sog‘lom, ma'nan yetuk insonlar etib tarbiyalashga qaratilayotgan e'tibor xususida ham alohida to‘xtalish joiz. Vohamizda sportchilari xalqaro musobaqalarda yurtimiz sharafini munosib himoya qilib, O‘zbekiston dovrug‘ini dunyoga tarannum etmoqda.
Misol uchun, shu yil 9-21 sentabr kunlari Rossiyaning Yekaterinburg shahrida bo‘lib o‘tgan boks bo‘yicha jahon chempionatining o‘ta og‘ir vazn bo‘yicha chempioni hamda chempionatning eng yaxshi sportchisi, deb topilgan surxondaryolik mohir charm qo‘lqop ustasi Bahodir Jalolov butun xalqimizning faxriga aylandi.
Prezidentimiz viloyatimizga tashrifi chog‘ida Bahodirning yutuqlarini alohida e'tirof etib, bu muvaffaqiyatlar ortida tinimsiz mehnat va katta matonat yotganligini ta'kidladilar. Bizni katta sportga qadam qo‘ygan har bir o‘g‘il-qizning iqtidori, mahoratini o‘z vaqtida qo‘llab-quvvatlashga, sport bilan muntazam shug‘ullanishi uchun yetarli sharoit va imkoniyat yaratib berishga da'vat etdilar. Va bu faoliyatimizning muhim va ajralmas qismi bo‘lib qoladi.
Surxondaryoda sportning barcha turlari tizimli ravishda rivojlanib borayotgan bir paytda endi harbiy xizmatchilar, aholi va yoshlar o‘rtasida ot sportini rivojlantirish va targ‘ib qilishga, ular o‘rtasida ushbu sport turi bo‘yicha turli musobaqalarni tashkil etib borishni maqsad qilganmiz. Viloyatdagi harbiy qismlardan birining negizida ko‘p tarmoqli ot sporti majmuasini tashkil qilish ham rejalashtirilgan.
Xabarlaringiz bor, Prezidentimiz vohamizga tashrifi chog‘ida Denov tumanidagi harbiy qismda bo‘lib, Vatanimiz himoyachilari bilan muloqot qildi. Ularning ma'naviyatini, jangovar shayligini oshirish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berdilar.
Shunga muvofiq hozirda harbiylar qismlarini uchqur va naslli otlar bilan ta'minlab, askarlarni ot minishga o‘rgatish, vohaning qadimiy musiqa asbobi — do‘mbira chertishga ko‘nikmasini shakllantirish, mardlik, jasorat, sadoqat va vafo kabi buyuk qadriyatlar ulug‘langan “Alpomish” singari noyob dostonlar mutolaasini yo‘lga qo‘yishga e'tibor kuchaytiriladi.
Albatta, Prezidentimiz tomonidan ilgari surilayotgan ulug‘vor g‘oyalar, tashabbus va vazifalar ijrosini bekami-ko‘st ado etish, bu nafaqat iqtisodiyotda, balki ilm-u fan, sport, adabiyotda, muxtasar aytganda, ma'naviyat va ma'rifat sohasida buyuk bobolarimiz singari ulug‘ ishlarga qodir ekanligimizni amalda namoyon etishimizga shubha yo‘q».
Mavzuga oid
08:15
Uch hududda elektrdan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlandi
13:36 / 06.11.2024
Surxondaryoda Cobalt'ning gaz quvuriga urilishi oqibatida avariya holati sodir bo‘ldi
20:01 / 01.11.2024
O‘zbekiston Qahramoni Ahmad Narzullayev vafot etdi
10:02 / 19.10.2024