O‘zbekiston | 07:51 / 07.11.2019
13100
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda chet el banklari tomonidan filiallar tashkil etilishiga yo‘l qo‘yilmaydi

Foto: Shutterstock

Joriy yil 5 noyabr kuni davlat rahbari “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini imzoladi. Mazkur hujjat Oliy Majlis Senatining yigirma uchinchi yalpi majlisida ma'qullangan edi.

Oliy Majlis Senati a'zosi Baxtiyor Umarovning yozishicha, bank faoliyati sohasidagi munosabatlarni tartibga solish maqsadlariga yo‘naltirilgan ushbu Qonunda bank faoliyatiga ruxsat berishga doir quyidagi eng zarur shartlar nazarda tutilgan:

bankni tashkil etishga doir dastlabki ruxsatnomani berish;

chet ellik muassislarga nisbatan ular tomonidan bankni tashkil etish yoki bankning ustav kapitalida ishtirok etish chog‘ida qo‘yiladigan qo‘shimcha talablar;

litsenziyalashdan oldin boshqa organlar bilan maslahatlashish, bankni davlat ro‘yxatiga olish va litsenziya berish;

bank aksiyalariga egalik qilishga doir ruxsatnoma va cheklov, bank aksiyalarini olishga doir dastlabki ruxsatnomani berish;

potensial oluvchini baholash, aksiyadorning muvofiqligi to‘g‘risidagi talablarga rioya etish zarurati, hal qiluvchi egalik sotib olinganligi, o‘zgartirilganligi yoki boshqalarga berilganligi to‘g‘risidagi xabarnoma, xabardor qilish majburiyati, banklar tomonidan o‘z aksiyalarini sotib olish.

O‘zbekiston Respublikasidagi banklar Markaziy bankning ruxsati bilan filiallar tashkil etishi, vakolatxonalar va boshqa alohida bo‘linmalar ochishi mumkin.

Qonunga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasida chet el banklari tomonidan filiallar tashkil etilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Chet el bankining O‘zbekiston Respublikasi hududida joylashgan hamda bank faoliyatini va boshqa tijorat faoliyatini amalga oshirish huquqisiz bankning manfaatlarini ifodalovchi alohida bo‘linmasi chet el bankining vakolatxonasidir. O‘zbekiston Respublikasi hududida chet el bankining vakolatxonasi Markaziy bank tomonidan akkreditatsiya qilinadi.

Shu bilan birga, davlatning bank muassisi yoki aksiyadori bo‘lishi mumkinligi tartibi hamda bank tashkil etish uchun ustav kapitalining boshlang‘ich eng kam miqdori yuz milliard so‘m bo‘lib, bank hisob raqamida saqlanishi ham belgilab qo‘yilgan. Shuningdek, banklarning, qoidaga ko‘ra, aksiyadorlik jamiyatlari shaklida tashkil etilishi nazarda tutilgan.

Yana bir jihat, Markaziy bank ushbu Qonunda nazarda tutilgan qo‘pol, jiddiy va juz'iy qoidabuzarliklar uchun javobgar bankka, bankning kuzatuv kengashi va boshqaruvi a'zolariga, muhim ahamiyatga ega xodimlariga nisbatan choralar va sanksiyalar qo‘llashga haqli.

Ushbu masalada mavjud bo‘lgan muammolarni bartaraf etish maqsadida Qonunning yangi tahririda, bankning mijozlar bilan tuzilgan shartnomalar shartlari, shu jumladan, kreditlar bo‘yicha foiz stavkalari va ularni belgilash tartibi, depozitlar bo‘yicha foiz stavkalari, vositachilik haqi miqdori va shartnomalarning amal qilish muddatlarini bir taraflama o‘zgartirish huquqiga ega emasligi belgilab qo‘yilgan.

Mavzuga oid