O‘zbek futbolidagi eng katta yutuq sifatida qolayotgan 1994 yilgi Osiyo o‘yinlari g‘olibligi qo‘lga kiritilganiga 25 yil to‘ldi. Xirosimadagi chempionlikning chorak asrlik yubileyi munosabati bilan Tribuna.uz sayti muxbiri o‘sha g‘olib jamoa qahramonlaridan biri bo‘lgan Ilhom Sharipov bilan intervyu uyushtirdi. Suhbat davomida o‘sha terma jamoaning yetakchi yarimhimoyachisi chempionlikkacha bo‘lgan voqealar, shuningdek, o‘zining o‘sha turnirdan keyingi hayoti haqida so‘zlab berdi.

«1994 yil bir qator kuchli futbolchilar tarkibdan chetda qolishgandi...»

— Ilhom aka, avvalambor, Xirosima-94 turniridagi chempionlikning 25 yilligi bilan yana bir marta tabriklaymiz. Dastlab, faoliyatingizdagi eng yorqin musobaqagacha bo‘lgan davrni eslasangiz...

— Bolalikdan har bir oddiy bolakay singari to‘pga oshno tutinganman. Samarqandlik ko‘plab futbolchilarning ilk murabbiyi sanalmish Xachatur Zargaryans qo‘l ostida futbol sir-asrorlarini o‘rganganman. Futbolchilik faoliyatimni 18 yoshimda, 1985 yil Samarqandda «Dinamo» jamoasida Masesov qo‘l ostida boshlaganman. 1987 yilda Birodar Abduraimov sobiq ittifoq chempionati 2-ligasidagi o‘yinlarimni ko‘rib, «Paxtakor» jamoasiga taklif etdi. Yarim mavsumdan keyin yana «Dinamo»ga qaytib, 1990 yilgacha Rustam Istamov, Gennadiy Ichevskiy, Sharif Fayziyev, Nesterenko va Farhod Magometov kabi futbolchilar bilan birga to‘p surdim. O‘sha yili Novikov «Paxtakor» bosh murabbiyi sifatida ish boshlab, meni yana «Paxtakor»ga qaytardi. 1990-95 yillar davomida Toshkent klubi safida chempionlik bilan birga bir qator sovrinlarga ega chiqdim. 1992 yilda yangi tashkil etilgan O‘zbekiston milliy terma jamoasidan chaqiruv oldim.

— Yirik musobaqalardagi g‘oliblik tasodifan bo‘lmaydi. 1994 yilgi o‘sha chempion jamoaning yuzaga kelishi qanday sodir bo‘lgan?

— Bu terma jamoaning asosi 1992 yilda Rustam Akramov tomonidan yig‘ilgandi. 1994 yilgi turnirgacha biz bir necha marta yig‘ilib, 2 yil davomida puxta tayyorgarlik ko‘rgandik. Xususan, o‘shanda ilk marta qo‘shnilarimizdan iborat 5ta davlat ishtirokida Markaziy Osiyo Kubogi tashkil etilib, turnirda muvaffaqiyatli qatnashgandik. O‘sha dastlabki terma jamoamizdagi o‘yinlarimiz, qolaversa, 1992 yilda start olgan Oliy Liga o‘yinlaridagi ishtirok evaziga boshqalar qatori men ham ilk marta milliy terma jamoadan o‘rin olgandim.

—