Bugun, 24 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining majlisi bo‘lib o‘tdi. 

Videokonferensaloqa rejimida o‘tkazilgan majlisda Oliy sud sudyalari, jinoyat va fuqarolik ishlari bo‘yicha hamda ma'muriy, iqtisodiy va harbiy sudlar raislari va sudyalari, Oliy sud huzuridagi Ilmiy-maslahat kengashi a'zolari, Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi a'zolari, Konstitutsiyaviy sud, Sudyalar oliy kengashi, tegishli vazirlik va idoralar vakillari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar mas'ul xodimlari, huquqshunos olimlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Oliy sud raisi K. Komilov boshqargan majlisda Oliy sud Plenumining “Ma'muriy organlar va ular mansabdor shaxslarining qarorlari, harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyat qilish to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish bo‘yicha sud amaliyoti haqida”, “Sudlarda qonuniy kuchga kirgan sud hujjatlarini yangi ochilgan holat bo‘yicha qayta ko‘rish to‘g‘risida” va “Apellyatsiya va kassatsiya instansiyasi sudlari tomonidan iqtisodiy protsessual qonun normalarini qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida”gi qarorlari loyihasi muhokama qilindi.

Plenum majlisida muhokama etilgan “Ma'muriy organlar va ular mansabdor shaxslarining qarorlari, harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyat qilish to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish bo‘yicha sud amaliyoti haqida”gi qaror loyihasi Ma'muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksining qabul qilinishi, shuningdek, sudlar tomonidan qonun normalarini bir xil va to‘g‘ri qo‘llanishini ta'minlash maqsadida ishlab chiqildi. 

Shuningdek, Plenum majlisida muhokama etilgan “Sudlarda qonuniy kuchga kirgan sud hujjatlarini yangi ochilgan holat bo‘yicha qayta ko‘rish to‘g‘risida”gi qaror loyihasi bilan sudlarga qonuniy kuchga kirgan birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorlari, apellyatsiya va kassatsiya instansiya sudlarining ajrimlari, nazorat instansiyasining ajrim va qarorlari yangi ochilgan holatlar bo‘yicha ushbu sud qarorini qabul qilgan sud tomonidan qayta ko‘rish mumkinligi tushuntirilmoqda. Fuqarolik protsessual kodeksining tegishli moddasi mazmuniga ko‘ra, ish mazmunan hal etilmaydigan birinchi instansiya, apellyatsiya va kassatsiya instansiyasi sudlarining ajrimlari, nazorat instansiyasining ajrim va qarorlari, faqatgina ular ishning keyingi harakatlanishiga to‘sqinlik qiladigan hollarda yangi ochilgan holatlar bo‘yicha qayta ko‘rilishi mumkin. Apellyatsiya, kassatsiya, nazorat instansiyasi sudlari o‘zlari tomonidan chiqarilgan sud hujjatlarini ular tomonidan quyi instansiya sudining hujjati o‘zgartirilgan yoxud yangi hal qiluv qarori qabul qilingan bo‘lsa, qayta ko‘rishga haqli. Ishda ishtirok etgan shaxslar, shuningdek, boshqa shaxslar, agar sud hujjatlari bilan ularning huquq va majburiyatlari haqidagi masala hal qilingan bo‘lsa, qonuniy kuchga kirgan sud hujjatlarini yangi ochilgan holatlar bo‘yicha qayta ko‘rish haqida sudga ariza bilan murojaat qilish huquqiga ega.