Sovuqxonalar masalasi xalqaro ekspertlar ishtirokida muhokama qilindi
30 yanvar kuni Toshkentda AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi – USAID'ning Qishloq xo‘jaligida qiymat zanjirini rivojlantirish loyihasi (AVC) tomonidan sovuqxonachilik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar uchun almashinuv dasturi tashkil etildi.
Unda O‘zbekiston meva-sabzavotlarini eksport qilishda sovuqxona tizimining ahamiyati, tizimdagi muammo va yechimlar haqida so‘z bordi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.
«1 kg yukni 1 kunga saqlab berish 2011 yilda 100 so‘m qiymatga baholangan bo‘lsa, hozir ham shunday qolmoqda. Bu tadbirkorning shu sohada ishlash uchun ishtiyoqiga ta'sir qilishi mumkin.
Biroq meva va sabzavotlarni bir necha kunlab emas, qisqa vaqtda sovutib, eksportga yo‘naltirish mexanizmini O‘zbekistonda joriy etish qo‘proq foydali bo‘ladi. Sababi biz meva va sabzavot yetishtiruvchi davlatmiz. Birdaniga sovutib, mahsulotimizni qadoqlab eksportga yo‘naltirishimiz zarur»,– deydi Global Cold Chain Alliance dasturining O‘zbekiston bo‘yicha vakili Mo‘minjon Isomiddinov.
U hukumat ko‘proq yerlarni meva-sabzavot yetishishtirish uchun yo‘naltirilayotgani, natijada bir necha yildan keyin xalq iste'molidan ancha ko‘p mahsulot yetishtirilishini ta'kidladi.
«Agar sovuqxonachilar mahsulotni sovutib, eksportga yo‘naltirish mexanizmini to‘liq shakllantirmasa, butun tizim zarar ko‘rishi mumkin», – deya qayd etdi ekspert.
Seminarda O‘zbekistonda hosil yig‘ib olingandan keyin mahsulotni saqlash va sovutish bilan bog‘liq tadqiqot natijalari ma'lum qilindi.
Unda aytilishicha, sovuqxonachilik yo‘nalishiga oid qabul qilinayotgan hujjatlarning yo‘nalishda ishlayotgan odamlar faoliyatida to‘liq ishlamasligi, sovuqxona bilan ishlayotgan tadbirkorlarning bilim darajasi va ayrim holatlarda mablag‘ning yetarli emasligi kabi muammolar yuzaga chiqmoqda.
«O‘zbekiston uchun mevachilik juda muhim soha. Bu yo‘nalish hatto mamlakat madaniyatining bir qismiga ham aylanib ulgurgan.
O‘zbekistonga kelgan har bir sayyoh bu yerning mevalari va taomlari qanchalik mazali ekanini tatib ko‘rib bilgisi keladi. Biroq yetishtirilgan mevalarni eksportga yo‘naltirish boshqa masala. Har bir bozorning o‘z qonuniyatlari bor», – deydi AVC loyihasi rahbari Brayn Kayger.
Uning qayd etishicha, O‘zbekiston mevalarini Qozog‘iston va Rossiya doimiy ravishda sotib olishi mumkin, biroq xalqaro bozorga chiqish uchun sifatni oshirish talab etiladi.
Bundan tashqari, seminarda meva-sabzavot eksportini ko‘paytirish, sifatni oshirish uchun sovuqxona tizimida ishlayotgan tadbirkorlar uyushmasini tuzish harakatlari 2012 yildan beri olib borilayotgani haqida so‘z yuritildi.
«Uyushma orqali moliyaviy resurslardan foydalanish, biror yangilikni joriy etishda tajriba almashish osonlashadi. Shuningdek, aynan shu yo‘nalishga tegishli qarorlar yoki boshqa qonun hujjatlarining qabul qilinishida ishtirokimiz, xabardorlik darajamiz oshadi», – deya bu haqdagi fikrlarini bildirdi Mo‘minjon Isomiddinov.