Rossiya hukumati 11 yil oldin qiynoqqa solingan o‘zbekistonlik muhojirga 25 ming yevro to‘laydi
Rossiya hukumati 2009 yilda Sankt-Peterburgdagi politsiya bo‘linmasida qiynoqqa solingan o‘zbekistonlik muhojirga 25 ming yevro to‘lab beradi. 4 fevral kuni Strasburgdagi Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudi shunday qaror qabul qildi.
Rossiya huquq-tartibot idoralarida Mo‘min Sultonovning Rossiya politsiyasiga nisbatan shikoyatlari to‘rt marta rad etilgan.
«Inson huquqlari va asosiy erkinliklarini himoya qilish to‘g‘risidagi konvensiyaning 3-moddasi moddiy-huquqiy bazani buzdi. Sud qaroriga ko‘ra, Sultonov politsiya hibsxonasida qiynoqqa solingan, hukumat esa shikoyatlar bo‘yicha samarali tergov o‘tkazmagan», - deyiladi hujjatda.
Sud qaroriga binoan, Rossiya hukumati qaror qabul qilinganidan keyin uch oy ichida 25000 yevroni to‘liq to‘lab berishi kerak. Hujjatga muvofiq, Rossiya hukumati belgilangan muddatni buzgan taqdirda O‘zbekistonga jarima to‘laydi.
1977 yilda Samarqandda tug‘ilgan Mo‘min Sultonov 2009 yil 3 sentabr kuni Sankt-Peterburg politsiyasi tomonidan o‘g‘irlikda gumonlanib qo‘lga olingan. Sankt-Peterburg shahrining Frunze IIB 47-politsiya bo‘limiga olib borilgan Sultonovdan sodir etilgan jinoyatni o‘z bo‘yniga olishni talab qilishgan.
Rad javobi olgach, militsiya xodimlari muhojirni o‘lasi qilib kaltaklashgan hamda elektr toki bilan qiynoqqa solishgan. Keyinchalik Mo‘min Sultonovning qo‘llari, bo‘yni, tizzalari va tanasining boshqa qismlarida jarohatlar mavjudligi Sankt-Peterburgdagi 109-sonli kasalxonada qayd etilgan. Immigrantning chap ko‘zi kaltakdan shishib ketgan.
2010 yil 31 martdan 2011 yil 24 yanvargacha tergov idoralari Mo‘min Sultonovga politsiyaga qarshi jinoiy ish qo‘zg‘ash bo‘yicha to‘rt marta rad javobi berishdi.
Samarqandlik mehnat muhojirining ishi 2019 yil may oyida Yevropa sudiga yuborilgan.
Rossiyalik advokatlar sudda o‘zbekistonlik muhojirni Rossiyada mavjud bo‘lgan barcha huquqiy himoya vositalaridan foydalanmaganlik hamda Inson huquqlari bo‘yicha konvensiya qoidalarini buzishda ayblamoqchi bo‘lishdi. Xususan, Rossiya hukumati himoyachilarining so‘zlariga ko‘ra, Sultonov jinoiy ish qo‘zg‘atish rad etilganidan keyin Rossiya sudlariga murojaat qilmagan.
Yevropa sudi himoyaning e'tirozlarini inobatga olmadi va «jinoyat ishi qo‘zg‘atishni to‘rt marta rad etish sudga borishga ehtiyoj ham qoldirmaganini» ta'kidladi.
Mavzuga oid
21:00 / 07.10.2024
Ramzon Qodirov migratsiya siyosatida «o‘rta asr yondashuvlaridan» voz kechishga chaqirdi
20:07 / 07.10.2024
Rossiyada sakkiz nafar general lavozimdan olindi - OAV
20:51 / 04.10.2024
Rossiya «Tolibon»ni terrorchilar ro‘yxatidan chiqarish bo‘yicha ishlarni yakunlamoqda - FXX rahbari
18:42 / 04.10.2024