Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi huzuridagi “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot instituti faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi muhokama uchun joylashtirildi.

Prezidentning “Jamiyatda ijtimoiy-ma'naviy muhitni sog‘lomlashtirish, mahalla institutini yanada qo‘llab-quvvatlash hamda oila va xotin-qizlar bilan ishlash tizimini yangi darajaga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2020 yil 18 fevraldagi PF-5938-son farmoni bilan Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi hamda “Mahalla” o‘quv-uslubiy va ilmiy-tadqiqot markazi negizida Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligining “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etilgan.

Belgilanishicha, Institut mahalla va oila institutlarini mustahkamlashga ko‘maklashuvchi, fuqarolar yig‘inlarini aholining chinakam maslakdoshiga aylantirish va “Sog‘lom oila – sog‘lom jamiyat” g‘oyasini hayotga tatbiq etish ishlarini ilmiy-uslubiy va axborot-tahliliy ta'minlash faoliyatini amalga oshiruvchi ixtisoslashtirilgan ilmiy-tadqiqot muassasasi hisoblanadi.

Quyidagilar Institutning asosiy vazifalari va faoliyatining yo‘nalishlari etib belgilanadi:

jamiyatda “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyiliga asoslangan tizimni to‘laqonli va samarali joriy etish, mahalla va oila institutlarini mustahkamlash sohasida ustuvor yo‘nalishlarni shakllantirishda ishtirok etish, fanlararo fundamental, amaliy ilmiy tadqiqotlar va innovatsion loyihalarni amalga oshirish hamda ularni natijalarini amaliyotga joriy etish;

mahalla va oila institutlarini mustahkamlash, xotin-qizlar va keksalarni qo‘llab-quvvatlash hamda ijtimoiy faolliklarini oshirishga qaratilgan konsepsiyalarni, kompleks, maqsadli, sohaviy va hududiy dasturlarni ishlab chiqishning ilmiy-metodologik asoslarini shakllantirish;

mahallalar va oilalarda sog‘lom va barqaror ijtimoiy-ma'naviy muhit hamda tinchlik, totuvlik va osoyishtalikni ta'minlash, umuminsoniy va milliy qadriyatlarni, shu jumladan oilaviy qadriyatlarni mustahkamlashning ilmiy asoslarini ishlab chiqish;

mahalla va oila institutlarini mustahkamlash, xotin-qizlar va keksalarni qo‘llab-quvvatlash hamda ijtimoiy faolliklarini oshirish sohasidagi normativ hujjatlarni ishlab chiqish va takomillashtirish;

mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash sohasidagi dolzarb ilmiy muammolarga bag‘ishlangan ilmiy, ilmiy-amaliy konferensiyalar, seminarlar, yig‘ilishlar tashkil etish, shuningdek ushbu sohada yuqori malakali ilmiy kadrlarni tayyorlash, ilmiy xodimlarning kasbiy darajasini doimiy oshirib borish va takomillashtirish;