Do‘konlar, restoranlar va fitnes-klublar pandemiya paytida qanday «jon saqlashi» kerak: 8 usul
Koronavirus pandemiyasi tufayli ko‘plab kompaniyalarga ishlash taqiqlandi, ba'zilari ochiq bo‘lsa-da, har kuni moliyaviy zarar ko‘rmoqda.
Bunday sharoitda biznes qanday qilib «jon saqlash» vazifasi oldida turibdi va pul topishning yangi, ba'zida ijodiy usullarini izlamoqda.
Business Insider shunday usullarning 8tasini sanab o‘tdi.
Restoranlar ovqatni olib ketish yoki yetkazib berish xizmatini taklif qilmoqda
Avval ovqatni ofis va uylarga yetkazib bermaydigan muassasalar ham inqiroz tufayli bu xizmatni taklif qilishni boshladilar. Bu o‘zini izolyatsiyaga olgan yoki jamoat joylarini chetlab o‘tadigan mijozlarni qo‘llab-quvvatlash, shuning asnosida biznes yuritishning yaxshi usulidir.
Restoranlarda joy band qilish saytlari endi ovqat yetkazib berish uchun buyurtma olishyapti
Amerikaning Tock va Resy restoranlarda stol band qilish servislari o‘z saytini o‘zgartirib, pandemiya sharoitida umumiy ovqatlanish sohasiga yordam berishga qaror qilishgan. Endi bu saytlar orqali ovqatga buyurtma berish mumkin.
Restoranlar ommabop taomlarni tayyorlash uchun mahsulotlar to‘plamini sotmoqda
Bu xizmat ham Tock servisida mavjud. Restoranlar ommabop taomlarni tayyorlash uchun mahsulotlar to‘plamini sotmoqda. Mijozlar ulardan uyda mustaqil ravishda ovqat tayyorlashi mumkin. To‘plamga juda ko‘p mahsulotlar kiradi – go‘shtdan tortib sousgacha.
Restoranlar kontaksiz yetkazib berish xizmatini ishga tushirishdi
Fevral oyida KFC va Pizza Hut Xitoyda kontaksiz yetkazib berishni yo‘lga qo‘yishdi. Kurer manzilga borganida mahsulotlar o‘ramini yerga qo‘yadi va kamida 3 metr orqaga chekinadi. Chunki virus 2 metrgacha masofadan yuqishi mumkin.
Hozirgi vaqtda shunday usul dunyo bo‘yicha qo‘llanmoqda. Business Insider xabariga ko‘ra, ba'zi restoranlar yetkazib berishni bepul qilishgan. O‘z muassasasini yopishga majbur bo‘layotgan kompaniyalar uchun yetkazib berish xizmati biznesning muhim qismiga aylanishi mumkin.
Kichik biznes mijozlardan sovg‘a kartalarini sotib olishni so‘ramoqda
Sovg‘a kartalari kompaniyalarga hozirgi moliyaviy zararlarni qisqartirish imkonini beradi. Biroq bu qisqa muddatli yechim bo‘lib, istiqbolda moliyaviy zararni kamaytirishga yordam berolmaydi.
Fitnes-klublar onlayn ishlamoqda
Ommaviy tadbirlarga qo‘yilgan cheklovlar tufayli, Amerikaning Peloton fitnes-studiyasi uyda shug‘ullanish imkonini beruvchi ilovasiga oylik chegirmalarni taklif qilyapti. Meditatsiya uchun mo‘ljallangan Mindfl studiyalari tizimi Mindfl TV tashkil qilib, mashg‘ulotlarni virtual tarzda o‘tkazmoqda.
Restoranlarning ishsiz qolgan xodimlari onlayn-servislarga o‘tmoqda
Mart oyida Wildberries pandemiya tufayli ishdan bo‘shatilgan 3,5 ming rossiyalikni ishga joylashtirishga va'da berdi. Jyeff Bezos ham shunday qildi: milliarder restoran va barlardan ishdan bo‘shatilganlarni Amazon kompaniyasiga taklif qildi. Umumiy ovqatlanish muassasalari eshiklarini yopayotgan sharoitda marketpleys va yetkazib beruvchi servislar buyurtmalar oqimiga zo‘rg‘a bardosh berishyapti.
Kiyim-kechak do‘konlari onlayn savdolar hajmini oshirib, yetkazib berishni bepul qilishdi
Koronavirus pandemiyasi tufayli do‘konlar yopilmoqda. Ammo kompaniyalar baribir mijozlarni jalb qilishga intilmoqda. Natijada, so‘nggi paytlarda onlayn savdolar hajmi keskin oshdi.
Mavzuga oid
21:59 / 27.11.2022
Xitoyda koronavirus cheklovlariga qarshi namoyishlar bo‘lib o‘tmoqda
00:22 / 26.11.2022
Pekinda koronavirus avj olgani tufayli yangi cheklovlar kiritilmoqda
22:24 / 07.11.2022
Angliyada uy parrandalariga lokdaun e’lon qilindi
12:45 / 19.07.2022