Bugungi kunda eng katta zarurat to‘y-tantana, yig‘in, bazm emas, balki karantin qoidalariga rioya qilishdir
Bir kuni Mahatma Gandi yurishni boshlagan poyezdga yetib olish uchun yugurib ketardi. Bir amallab poyezdga chiqib olgach, to‘satdan uning bir poy kavushi oyog‘idan tushib ketdi. Shu payt Gandi kavushning ikkinchi poyini ham tezlik bilan yechib, o‘ylab o‘tirmasdan narigi poy kavushi tushgan joyga qarata otib yubordi. Uning bu ishidan hayron bo‘lgan do‘stlari: “Nima uchun bunday qildingiz?” deb so‘rashdi. Gandi ularga shunday javob berdi: “Kavushni topib olgan faqir kishi uning har ikkala poyini topishini va ulardan foydalanishini xohladim. Chunki bir poy kavush unga foyda bermaydi. Men ham bir poy kavushdan foydalana olmayman”.
Hozir falsafaning vaqti emasdir. Biroq odamlar tezkor qaror qabul qilish va zarurat asli nima ekanini tushunib olishga har qachongidan ko‘ra ko‘proq muhtoj.
Avvalo, zaruratni chamalab olaylik
Katta ehtimol bilan ko‘pchiligimizni uydan ko‘chaga olib chiqayotgan kuch – oziq-ovqatga ehtiyoj. Uyda o‘tirib ijtimoiy tarmoqlarni kuzatyapmiz. “Kartoshka vasvasasi” aks etgan tasvirlar aylanyapti. Bozorlar, oziq-ovqat do‘konlari ishlaydi deyilganiga qaramay, o‘z jonini xatarga qo‘yib (buni anglamasdan) odamlar orasiga ko‘r-ko‘rona yopirilayotganlar bor. To‘g‘ri, hech kim og‘zini tikib o‘tirolmaydi. Biroq jamoat joylarida masofa saqlash, niqob taqish, qo‘l berib ko‘rishmaslik kabi tez-tez uqtirilayotgan va mutaxassislar qayta-qayta tavsiya qilayotgan qoidalar ikkinchi darajada qolib ketyapti. Xuddiki virus uni chetlab o‘tadi-yu, yuqmaydi. Umuman, har kim o‘z oilasida oziq-ovqatga ehtiyojni juda yaxshi biladi. Faqat ularni zarurat nuqtai nazaridan qayta chamalab chiqaylik. Ikki kilo emas, bir kilo, ikki litr emas, bir litr... Yoki nimalardandir voz kechib turish bilan ham hech kim och qolmaydi.
Karantin qoidalari – eng katta zarurat
Uydan chiqdik ham deylik. Avvalo, karantin qoidalariga beparvo qaramaylik. Kichkina loqaydlik tufayli ham kasallanganlar soni oshib boryapti: bugun va erta orasidagi raqamlarda ulkan “sakrash”lar bor. Misol uchun, Nyu-Yorkda koronavirusdan 17 daqiqada 1 kishi vafot etmoqda. Tokioda bir sutkada 68 kishi koronavirusga chalingan...
Aholiga “o‘zi va boshqalar taqdiri bilan o‘ynashmaslik”ni tushuntirish uchun ham dunyo mamlakatlari intizomni kuchaytiryapti. Fransiya karantin jarimalarini 200 yevrogacha oshirishga ahd qilgan. Malayziyada bir hafta ichida mingdan ortiq fuqaro karantin qoidalarini buzganlik uchun qo‘lga olingan. Singapurda karantinni buzgan fuqaro hatto fuqarolikdan ayrildi...
Bizda ham choralar kuchaytirilyapti. Shunga qaramay, karantin tadbirlari e'lon qilingan vaqtdan bugunga qadar respublika bo‘yicha tartibga amal qilmaslik bilan bog‘liq 7 mingdan ziyod holat aniqlangan. Birgina Toshkent shahrining o‘zida bu holat mingdan ziyodni tashkil qiladi. Bu sonlarni kamaytirish, bartaraf etish uchun ham birinchi navbatda zaruratni belgilab olishimiz shart. Kerak-nokerakni ro‘kachlab hadeganda uydan tashqariga chiqish vaziyatni chigallashtiradi, xolos.
Bugun sport kiyimida bamaylixotir yugurish – zarurat emas.
Oilaviy sayr qilish – zarurat emas.
To‘y-tantana, yig‘in, bazm – zarurat emas.
Zarurat – niqob taqish, zarurat – qo‘l berib ko‘rishmaslik, zarurat – odamlar bilan masofa saqlash, zarurat – karantin qoidalariga butkul rioya etish... Va zarurat bo‘lmasa uyda qolish – mana shu eng katta zaruratdir.
P.S.: Yuqorida Mahatma Gandi tutgan oqilona yo‘l bilan bog‘lab kichik holatni misol keltirdik. Aslida, bugun ayni vaziyatda har birimiz yurayotgan poyezd ortidan unga chiqib qolishga urinayotgan yo‘lovchilarmiz. Endi tarmashdim deganda nogoh bir poy kavushimiz tushib qoldi. Nima qilgan bo‘lardik? Faqat zarurat nuqtai nazaridan ayting!
Akmal Jumamurodov,
Adliya vazirligi mas'ul xodimi
Mavzuga oid
21:59 / 27.11.2022
Xitoyda koronavirus cheklovlariga qarshi namoyishlar bo‘lib o‘tmoqda
00:22 / 26.11.2022
Pekinda koronavirus avj olgani tufayli yangi cheklovlar kiritilmoqda
22:24 / 07.11.2022
Angliyada uy parrandalariga lokdaun e’lon qilindi
12:45 / 19.07.2022