Jahon | 22:54 / 31.03.2020
26660
5 daqiqa o‘qiladi

AQSh bosh virusologi koronavirus epidemiyasi holatida qanday yo‘l tutish borasida o‘z tavsiyalarini berdi

 O‘zbekistonning Vashingtondagi elchixonasi xabar berishicha, virusologlarning koronavirus tarqalishining oldini olish va uni yuqtirishni davolash bo‘yicha ko‘plab tavsiyalari orasida Entoni Fauchining tavsiyalari eng ishonchli deb hisoblanmoqda.

Foto: Getty Images

Entoni Fauchi AQShdagi Allergiya va yuqumli kasalliklar milliy instituti direktori, prezident Donald Trampning  COVID-19ga qarshi kurash bo‘yicha katta maslahatchisi bo‘lib, u quyidagi tavsiyalarni bergan:

1.O‘zingizni o‘zingiz davolamang. Bugungi kunda dunyoda koronavirusni qaysidir dori bilan davolashning klinik jihatdan tasdiqlangan usuli yoki protokoli mavjud emas, koronavirusdan o‘zboshimchalik bilan davolanish hayot uchun juda xavfli. Buning ustiga, koronavirusni davolashning tasdiqlanmagan usullari ehtimoliy foydadan ko‘ra nojo‘ya va salbiy oqibatlar keltirib chiqarishi mumkin. Bundan tashqari, bu boshqa dori-darmonlarga muhtoj bo‘lgan bemorlarni davolashda dori-darmonlar tanqisligiga olib kelishi mumkin.

2.Ijtimoiy masofa talablarini buzmang. Koronavirusning OIV/OITS, Ebola, Zika va boshqa xavfli viruslardan ajralib turadigan xususiyati shundaki, bu virus nafas yo‘llari, bevosita muloqot, kundalik hayotdagi umumiy odatlar (qo‘l berib so‘rashish, eshik tutqichlari, pul va boshqa buyumlarni ushlash) orqali tarqaladi.

3.Har xil axborot manbalariga ishonmang. Yo‘l-yo‘riq, tavsiyalar va ma'lumotlarning yagona va to‘g‘ri manbai har bir mamlakat hukumati bo‘lib, u o‘z navbatida JSST bilan hamkorlikda ishlaydi. Hukumat talablariga amal qiling.

4.Keksalarni xatarga qo‘ymang. Ko‘plab viruslardan farqli o‘laroq, koronavirus yoshga qarab har bir bemorda har xil kechadi. Immunitetning zaiflashishi, boshqa surunkali va o‘tkir kasalliklar mavjudligi sababli keksa avlod virusga nisbatan ojiz bo‘ladi.

5.Yoshlarning ijtimoiy mas'uliyati muhimligini unutmang. Katta yoshdagi odamlarda o‘lim foizi ko‘proq bo‘lsa-da, zararlangan yosh organizmlar o‘zlari bilmagan holda koronavirusning faol tarqatuvchisi bo‘lib xizmat qiladi. Ko‘pincha, keksalar yoshlarning karantin va profilaktika ishlariga beparvo qarashlarining qurboni bo‘lishadi. Yoshlarning o‘zlari ham reanimatsiya bo‘limlariga tushishi holatlari kam emas.

6.Kasallikka qayta chalinmayman deb o‘ylamang. Odatda, inson immuniteti infeksiya yoki virusni tanib olishni o‘rganadi, bu esa kasallikning qayta yuqishi ehtimolini kamaytiradi. Shu bilan birga, hozirda koronavirusdan tuzalgan odam uni qayta yuqtirmasligi borasida ishonchli dalillar yo‘q.

7.Shaharga va gavjum joylarga bormang. Har qanday vaziyatda odamlar orasidagi masofa kamida ikki metr bo‘lishi kerak. Nyu-York misolida shuni aytish mumkinki, bunday megapolislar aholi o‘rtasidagi zichlik qanchalik xavfli bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatdi.

8.Vahimaga tushmang. Virus asosan bemor odam yo‘talganda yoki aksirganda havo-tomchi yo‘li bilan yuqadi. Odatda, odamlar aksirganda og‘zini qo‘llari bilan berkitadilar. So‘ngra qo‘l berib ko‘rishadilar yoki eshik tutqichi kabi umumiy narsalarga teginishadi. Sog‘lom odam qo‘l berib ko‘rishgach yoki umumiy narsalarga teginganidan so‘ng o‘zi bilmagan holda yuzi, og‘ziga qo‘l tegizishi mumkin, bu uning virus yuqtirishiga olib keladi. Hamma narsadan cho‘chish shart emas. Masalan, pochta orqali yuborilgan jo‘natma va turli paketlar katta xavf tug‘dirmaydi, chunki virus bunday yuzalarda uzoq vaqt saqlanmaydi.

9.Virus tez orada o‘tib ketadi deb o‘ylamang. Pandemiyaning qisqarish muddati ma'lum emas. Yangi holatlar sonini kamaytirish uchun Xitoy va Janubiy Koreyaga 8 hafta kerak bo‘ldi. Yevropa va AQShda esa o‘sib bormoqda. Kasallik tarqalishi ko‘lamini barqarorlashtirish va bemorlar sonini kamaytirishni boshlash uchun bir necha oy kerak bo‘lishi mumkin. Biroq kuzda yoki qishda koronavirus yana o‘zini namoyon qilishi mumkin, ammo bu vaqtga kelib biz ushbu virusni davolashning yanada samarali usullari paydo bo‘lsa kerak.

10.Xususiy biznes, chetda turmang. Faqat hukumat kuchlari va tadbirkorlarning birgalikdagi sa'y-harakatlari bilangina koronavirusni yengish mumkin. Hozirda AQShda tibbiy ashyolarning asosiy ishlab chiqaruvchisi va yetkazib beruvchisi xususiy biznes bo‘lib turibdi, davlat esa koronavirus tarqalishiga qarshi kurashish siyosatining asosiy muvofiqlashtiruvchisidir.

Mavzuga oid