Iqtisodiyot | 23:18 / 18.04.2020
48458
15 daqiqa o‘qiladi

Iqtisodchilar karantin choralarini Ramazon oyida yumshatishni taklif qilmoqda

Kun.uz pandemiya davridan kutilayotgan iqtisodiy inqirozlar va hozirgi ijtimoiy vaziyat bo‘yicha suhbatlarni davom ettirib, turkum intervyular tashkil etmoqda.

Bu galgi suhbatdoshlar – London Iqtisodiyot universiteti magistranti Xurshid Zafariy va Helsinki universiteti doktoranti Mirzohid Qarshiyev karantin choralarini yumshatish, aholiga moddiy yordam berish va faol iqtisodiy hayotga qaytish haqida mulohazalarini bildirishdi.

Xurshid aka, ayni paytda Londonda vaziyat qanday? Pandemiya davrida odamlar kayfiyati qanaqa?

Londonda ham ko‘plab davlatlardagi kabi karantin bilan bog‘liq qat'iy cheklov choralari joriy etilgan, xususan, aksar korxonalar faoliyati to‘xtatilgan, aholining ko‘chaga zaruratsiz chiqishi cheklangan.

Biroq Londonda karantin vaziyatida ham ayrim yengilliklar amal qilmoqda. Masalan, aholi bir kunda bir marta jismoniy mashq qilish, velosipedda sayr qilish yoki uy hayvonlarini sayr qildirish uchun ko‘chaga chiqishi mumkin.

Shaharda xiyobonlar ham yopilmagan. Ularga ijtimoiy masofa saqlagan holda tashrif buyurish mumkin. Lekin insonlar hamma joyda deyarli bir xil. Londonda ham karantin qoidalariga rioya etmaslik holatlari bor. Shuning uchun ham politsiya xizmati ko‘chalarda, davlat hokimiyati rahbarlari, masalan, Buyuk Britaniya bosh vaziri o‘zining OAVdagi  chiqishlarida aholini imkon qadar uyda o‘tirishga undamoqda.

Ayni paytda Toshkentda bo‘lib turgan Helsinki universiteti doktoranti – Mirzohid aka, siz pandemiya sharoitida Toshkentdagi karantin vaziyatini qanday baholaysiz?

Men O‘zbekistonga mart oyining boshida kelgandim. Shuning uchun Finlandiya va O‘zbekistondagi vaziyatni solishtirishga muvaffaq bo‘ldim.

Finlandiyada koronavirusning ilk holatlari yanvar oyi oxiri, fevral oyi boshlarida aniqlangan edi. O‘zbekistonda esa koronavirus qayd etilishi martning o‘rtalarida sodir bo‘ldi. O‘sha kuni men Toshkentda edim.

Bu yerda ilk bemor aniqlangandan so‘ng ijtimoiy masofalanishga oid chora-tadbirlar boshlanib ketdi: birdaniga ta'lim muassasalari yopildi. Finlandiyada esa ilk zararlanish holatidan to qat'iy cheklovlar o‘rnatilguncha kamida bir-bir yarim oy vaqt o‘tdi.

Finlandiyada boshida, asosan, xavotir qilmaslikka va gigiyenaga amal qilishga chaqiruvchi kayfiyat hukmron edi. Hatto hozir ham Finlandiyada karantin cheklovlari O‘zbekistondagiga qaraganda yengilroq.

Masalan, mashinada harakatlanish yoki ko‘chaga chiqish borasida O‘zbekistondagidek cheklovlar yo‘q. Umuman olganda, bu farq davlatlarning o‘ziga xos bo‘lgan xususiyatlariga ham bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Helsinki va Toshkentni taqqoslasak ham, bu narsa aniqroq ko‘rinadi. Masalan, Helsinkida uylar nisbatan tarqoq joylashgan. U yerda bizdagi kabi qo‘shnichilik munosabatlari ham yo‘q.

Bundan tashqari, finlar nisbatan qonunlarga itoatkor xalq bo‘lgani uchun ham davlat ularni turli sanksiyalar orqali cheklamayapti. Ko‘pchilik o‘zi tushungan holda uylarida o‘tiribdi.

Xurshid aka, sizning fikringizcha, O‘zbekiston sharoitida karantin qanchagacha cho‘zilishi mumkin yoki uni yumshatish payti keldimi?

Hozir ko‘plab iqtisodiy nashrlar ham, o‘zbek iqtisodchilari ham tahlillarida ko‘proq AQSh yoki Buyuk Britaniya iqtisodchilari tomonidan tayyorlangan ma'lumotlarga urg‘u berishmoqda. AQShning Chikago universitetida tayyorlangan hisobot mamlakatning yetakchi olimlari tomonidan imzolangan va qo‘llab-quvvtlangan. Buyuk Britaniyada esa CEBR (Centre for Economics and Business Research - «Iqtisodiy va biznes tadqiqotlari markazi») tomonidan tayyorlangan hisobot ham davlat iqtisodchilari tomonidan ma'qullangan. Biroq yuqoridagi har ikki davlat hisobotlari ham aynan ularning o‘zlari uchun mo‘ljallangan. Bu mamlakatlarda aholiga iqtisodiy yordam berish uchun yetarlicha mablag‘ va resurslar mavjud.

Bundan tashqari, qo‘shimcha resurs jalb qilish imkoni bor. Lekin O‘zbekiston kabi rivojlanayotgan davlatlar va hatto iqtisodi bizdan barqaror mamlakatlar uchun hozirgi kunda iqtisodiy zarar ko‘rish ehtimoli yuqorilab ketdi.

Ayni vaziyatda hukumatlar aholini saqlab qolishi kerakmi yoki iqtisodiyotnimi, degan muhokamalar ham bormoqda. Bu kabi debatlarda qarama-qarshi fikrlar bo‘lsa-da, aslida, bu ikki tushuncha bir xil. Boisi, har qanaqa iqtisodiy tushkunlik ortida ham inson hayoti bor. Shuning uchun ikkalasini bir maromda olib borish zarur.

Masalan, Avstriyada yaqinda karantin choralari yengillashtirildi. Ispaniyada va Italiyada ham shunday qilindi. Germaniyada esa karantinni yumshatish choralari ko‘rilmoqda.

Skandinaviya davlatlaridagi holatni misol qilsak, Shvetsiyada umuman karantin e'lon qilinmagan, u yerda, asosan, tavsiyaviy usullardan foydalanilmoqda. Daniya va Norvegiyada, dastlab, karantin choralari ko‘rilgan bo‘lsa, hozir ular yumshatilmoqda.

Kuni kecha Norvegiya tadqiqot markazi tayyorlagan hisobotda qat'iy karantin cheklovlari joriy qilishdan ko‘ra, uning talablarini nisbatan yumshatish foydaliroq ekanligi aytilmoqda («Lock down» emas, «Slow down» usuli).

Turkiya va Janubiy Koreya esa  iqtisodiy jihatdan Yevropa davlatlariga qaraganda O‘zbekistonga nisbatan yaqinroq.

Turkiya karantin choralari doirasida faqat 2 kunga yopildi. Ya'ni ularda iqtisodiyot butunlay to‘xtab qolgani yo‘q. Chunki davlat iqtisodiyoti karantinsiz ham juda yaxshi ahvolda emasligini inobatga olib, karantin cheklovlarini joriy qilish orqali kattaroq zarba olib tavakkal qilmoqchi emas.

O‘zbekistonda karantin joriy etilganiga 1 oyga yaqinlashdi. Hozir davlatda karantinni yumshatish uchun ma'lum signallar bor: hukumat tomonidan qurilish sohasida qat'iy talablarga rioya etgan holda ishni davom ettirishiga ruxsat berildi. Qishloq xo‘jaligini esa to‘xtatib turib bo‘lmaydi. Bulardan tashqari, O‘zbekistonda boshqa sohalar ham «uyg‘onishga» - faoliyatini davom ettirishga tayyormi?

Virus paydo bo‘lgan kundan boshlab to hozirga qadar o‘tgan bir oy ichida sog‘liqni saqlash tizimi  o‘z salohiyatini oshirishga imkon bo‘ldi. Bu orada sekinlashtirish siyosati bilan vaqtdan yutildi.  

Va 14 aprel kuni davlat rahbari tomonidan o‘tkazilgan videoselektorda yirik qurilish va sanoat ishlab chiqarish korxonalariga ish boshlashga ruxsat berildi.

O‘ylashimcha, yaqin orada shu sohalardagi yirik bo‘lmagan tadbirkorlarga va ishlab chiqaruvchilarga ham  faoliyatni davom ettirish uchun ruxsat bersa bo‘ladi.

Shuningdek, «avval, u soha, keyin bu ...» yo‘nalishida ish borsa, balki bu 2 sohadan keyin ularga xizmat ko‘rsatuvchi sohalar ham ochilishi kerakdir.

Masalan, qurilish materiallarini ishlab chiqarish, qurilish materiallarini tashish, qurilish materiallari savdosi bilan shug‘ullanuvchi korxonalar ochilishi kerakdir, ehtimol. Shuning bilan birgalikda, qurilish mollarini import qiladigan korxonalar ham bor, ular ishlab chiqaruvchilar emas, biroq faoliyatni davom ettirishda muhim ahamiyatga ega bo‘lishi mumkin.

Xuddi shu narsa sanoat ishlab chiqarish tizimida ham bor. Ayrim import qiluvchilar faoliyatisiz ish jarayoni tekis kechmasligi mumkin. Ya'ni ular orqali ishlab chiqarish jarayonida zarur bo‘lgan ehtiyot ismlari va boshqa kerakli narsalar keltiriladi.

Shuning uchun bu ishlar qanaqadir reja asosida bo‘lishi kerak. Masalan, virus tarqalish tezligi qancha bo‘lsa, biz solishtirma tarzda iqtisodiyotni qancha yengillashtirishimiz mumkin?

Bu juda egiluvchan siyosat bo‘lishi kerak. Misol uchun Avstriya va Germaniyada iqtisodiyot sinov tarzida ochilyapti, lekin kasallikdan zararlanish holatlari ko‘paysa, yana yopiladi. Keyin yana qayta ochilishi va yopilishi mumkin. Shu tariqa virus ta'sirida iqtisodiyotning ahvoli o‘rganiladi.

Biz virusning yashovchanligini o‘rganishimiz zarur. Uning issiq havo ta'sirida yo‘q bo‘lib ketishi haqiqatdan uzoq bo‘lsa, vaksina yaratilishini kutish ham ancha vaqt oladi.

Shuning uchun biz virus bilan yashashga, uning tarqalishi sharoitida hayot kechirishga o‘rganishimiz kerak. Shuning uchun ham iqtisodni sekinlik bilan ochish to‘g‘ri yo‘l deb o‘ylayman.

Mirzohid Qarshiyev:

O‘zbekistonda hozir iqtisodiy tarafdan katta bosim bor: chunki, birinchi tarafdan, aholining yig‘ib qo‘ygan jamg‘armalari tugayapti, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohasida ko‘rsatkichlar tushgan.    

Ikkinchi tarafdan, virusning aholi orasiga qanchalik tarqagani to‘g‘risida to‘liq ma'lumotlar hali yo‘q.

Tushunishimcha, bir kunda 10 mingtagacha odamni test qilish imkoni bor, biroq karantinda 80 mingdan ortiq odam o‘tiribdi.

Umuman olganda, hozir ko‘pgina davlatlardagi kabi hamma yerni yopib va cheklovlar bilan uzoqqa borib bo‘lmaydi. Chunki bu holatning qancha davom etishi ham hali noma'lum.

Bu holatda sog‘liqni saqlash tizimi vaziyatni boshqara oladigan darajada iqtisodiy faollikka yo‘l ochib berishi mumkin. Bu yuqori darajada uyg‘unlikni talab etadi. Ham shifokorlar, ham iqtisod sektori uyg‘unligi va modellashtirish zarur bo‘ladi.

Xurshid Zafariy:

O‘zbekistonda iqtisodni ochish uchun tajriba o‘tkazishga eng yaxshi muddat – Ramazon oyi bo‘lishi mumkin. Chunki bu davrda odamlar o‘zlarini o‘zlari izolyatsiyalashga moyil, ortiqcha to‘y yoki boshqa ko‘ngilochar holatlardan  yiroq bo‘lishadi.

Bu muddatda qaysidir sohalarning faoliyatini davom ettirishga qo‘yib berish orqali (bunda, albatta, virusdan zararlanish holati ko‘payishi ehtimoli katta) virusni nazorat qilish imkoni bor yoki yo‘qligi o‘rganiladi.

Garchi umumiy ovqatlanish joylari eng oxiri bo‘lib ochilishi kutilayotgan bo‘lsa-da, lekin Ramazon oyida tushlik mahali ularga tashrif buyuruvchilar soni kam bo‘lishini hisobga olib, ovqatlanish obektlarini ijtimoiy masofalanish qoidalariga rioya qilgan holda ochish va keyin buni yil oxirigacha saqlab qolish mumkin.  

Kun.uz sayti orqali ijtimoiy tarmoqlarda so‘rovnoma o‘tkazildi. So‘rovnomada qatnashganlarning uchdan biri jamg‘armaga ega emasligini, ko‘p qismi esa 1 hafta yoki 10 kunga yetadigan daromadi borligini ma'lum qildi. Bu vaziyatga bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov ham fikr bildirib, aholiga moddiy yordam berish uchun samarali yo‘llardan biri tanlanishini ma'lum qilgandi. Mirzohid aka, bu borada sizning fikringiz qanaqa?

Bu yerda aniqlashtirib olinishi kerak bo‘lgan jihatlar bor. Masalan, moddiy yordam nima uchun berilishi kerak? Yo‘qotilgan daromadlarni qoplab berish maqsadidami yoki daromadi umuman yo‘q odamlarning ehtiyojlarini qoplab turish maqsadidami?

Shularni inobatga olgan holda, biror variant tanlanishi mumkin. Bundan tashqari, yana bir savol borki, unga hukumatning o‘zi ham aniq javob bera olmaydi. Hukumat qancha paytgacha bu tarzda aholini qo‘llashi mumkin? Bir oylik muddat belgilansayu, lekin bu muddatda  biror o‘zgarish bo‘lmasa, vaksina ixtiro qilinmasa yoki boshqa biron chiqish yo‘li ko‘rinmasa, unda nima bo‘ladi?

Shuning uchun hukumat bularni hisobga olib, aholini qo‘llab-quvvatlashi zarur. Chunki bizda aksar odamlar kam oylik to‘lanadigan yoki norasmiy tarzda mehnat faoliyati bilan shug‘ullanadi. Karantin ularga yomon ta'sir qilgan bo‘lishi aniq.

Ko‘pchilikning mana shunday norasmiy tarzda mehnat faoliyatini yuritishi aholiga manzilli yordam berishni ham qiyinlashtiradi. Chunki bunday odamlarning daromadlari ham hukumatga ma'lum emas.

Shuning uchun aholi vaziyatini o‘rganish mahalla bo‘g‘inining gardaniga tushishi mumkin. Lekin bu ham jarayonni sekinlashtirib yuboradi. Chunki mahalla yig‘gan ma'lumotni kimdir tahlil qilishi kerak bo‘ladi. Bular vaqt va resurs talab qiladi.

Hozir qanaqadir daromadi bor aholini ro‘yxatdan chiqarib tashlagan holda qolgan barchaga moddiy yordam tarzida pul taklif qilishi yaxshi usul, menimcha. Daromadlilar ro‘yxatini Soliq qo‘mitasidan ham olish mumkin.

Barchaga pul taklif qilish tartibida daromadi yetarli bo‘ladigan fuqaro o‘z xohishi bilan ulushini olmasligi mumkin bo‘lishi ham kerak. Chunki hali inqiroz qanchaga cho‘zilishini hech kim bilmaydi. Buni aholining o‘zi ham to‘g‘ri tushunishi kerak.

Xurshid Zafariy:

Aholiga pul berilgani bilan karantin cheklovlari tadbirlari tufayli aksarida oziq-ovqat sotib olishda muammolar bo‘lishi mumkin.

Shuning uchun moddiy yordamni karantin cheklovlari yumshatilish davriga to‘g‘rilash samaraliroq. Chunki o‘sha paytda yonida mablag‘i kam qolgan shaxsning o‘zini tutib olishi uchun samaraliroq bo‘ladi, bu iqtisodiyotga ham foydaliroq.

Mirzohid Qarshiyev:

Boshqa rivojlangan davlatlar bilan solishtirganda O‘zbekistonda ko‘p sonli aholiga pul tarqatilishi pul qadrsizlanishiga ham sabab bo‘lishi mumkin. shuning uchun yaxshilab o‘ylab ko‘rish va odamlarga yordam beradigan tarzda ishlarni tashkil qilish zarur.

Agar, masalan, Markaziy bank orqali pul chiqarish va uni tarqatish yo‘lga qo‘yilsa, pul qadrsizlanishiga va ishlayotgan odamlarning daromadi pasayishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Alisher Ro‘zioxunov suhbatlashdi

Mavzuga oid