Jahon | 15:49 / 05.05.2020
71644
3 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘iston TIV: O‘zbekistonga nota yo‘llanmaydi

Qozog‘iston O‘zbekistonga diplomatik nota yo‘llamaydi va bunday masala ko‘rib chiqilmayapti. Bu haqda Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi rasmiysi Aybek Smadiyarov ma'lum qildi.

Kazinform nashri xabarida qayd etilishicha, O‘zbekistondagi Sardoba suv ombori to‘g‘oni buzilishi oqibatida Qozog‘istonning Turkiston viloyati hududida qator qishloqlar suv ostida qolishi bilan bog‘liq vaziyat hukumatning alohida nazoratiga olingan.

«O‘zbekiston Respublikasi hududidagi Sardoba suv omborining buzilishi va Turkiston viloyatidagi bir qator aholi punktlarini suv bosishi hukumatimizning alohida nazorati ostida.

Ma'lumki, shu yil 2 may kuni Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan telefon orqali muloqot qildi va suhbat davomida tomonlar vaziyatni muhokama qilishdi hamda ikki mamlakat hukumatlari birgalikda ishlashiga kelishib oldilar.

Suv toshqini oqibatlarini birgalikda bartaraf etish bo‘yicha Hukumat va chegaraoldi hududlar rahbarlarining o‘zaro yaqin hamkorligini hisobga olgan holda, O‘zbekiston tomoniga Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligining notasini yuborish masalasi ko‘rib chiqilmaydi», degan u.

Ayni vaqtda Turkiston viloyati hokimi Umrzoq Shukeyev va Qozog‘iston suv xo‘jaligi sohasining mutaxassislari Maxtaral tumanida yuz bergan suv toshqini masalasi bo‘yicha muzokara o‘tkazish uchun O‘zbekistonning Sirdaryo viloyatiga jo‘nab ketdi.

Shuningdek, Qozog‘iston bosh vaziri o‘rinbosari Roman Sklyar boshchiligidagi hukumat komissiyasi ham O‘zbekistonga kelishi kutilmoqda.

Bundan avvalroq Tengrinews.kz nashrida Qozog‘iston Ekologiya, geologiya va tabiiy resurslar vaziri o‘rinbosari Sergey Gromov Qozog‘iston tomoni O‘zbekiston tomonidan transchegaraviy suvlarda qurilgan gidrotexnik inshootlar to‘g‘risida to‘liq ma'lumot berishni so‘rab nota yo‘llashi haqida aytgani xabar qilingandi.

  • Eslatib o‘tamiz, 1 may kuni ertalab Sirdaryo viloyatidagi Sardoba suv omborida to‘g‘on o‘pirilishi sodir bo‘ldi. Suv toshqini natijasida Sardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumanlaridagi aholi punktlari va ekinlarga zarar yetdi. Binolar, yo‘llar, kommunikatsiyalar vayron bo‘ldi. Uchta tumandagi 22 ta qishloqdan 60 mingdan ortiq aholi evakuatsiya qilindi.
  • Shu bilan birga, O‘zbekiston bilan chegarada joylashgan Maktaaral tumanining 5 qishlog‘ida 845 ta uy hamda 7639 gektar paxta maydonlari suv ostida qolgan. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, Qozog‘iston tomoni zarar miqdorini qariyb 1 million dollarga baholagan.

Mavzuga oid