17:32 / 17.05.2020
18271

Iqtisodiy taraqqiyot keskin sekinlashishi kutilmoqda. Buning omillari nima?

Ushbu maqolada O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining olib borayotgan iqtisodiy siyosati yuzasidan yuzaga kelayotgan tashvishlar haqida sharhlar davom ettiriladi.

2020 yilning fevral oyidan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki pul-kredit bozorida keskin shijoat bilan qatnasha boshladi. Bu, albatta, nazariya bo‘yicha juda ma'qul holat, chunki bunday mutlaq likvidlikka ega bo‘lgan o‘yinchining bozorga kirishi barcha banklar uchun ijobiy belgi. Markaziy bankka hamma depozit qo‘ya oladi va kerak bo‘lganda oladi. Pul-kredit bozorida likvidlik kuchayadi va bozor uyg‘unlashadi, barqarorlashadi.

Aslida nima bo‘lyapti?

Aslida Markaziy bank 2019 yil mart oyida Xalqaro valuta jamg‘armasi tomonidan inflatsiyani jilovlash bo‘yicha berilgan ko‘rsatmalarni so‘zsiz bajarishga va hatto, O‘zbekiston iqtisodiyoti manfaatlariga zid bo‘lishi mumkin hollarda ham turli amallarni bajarishga kirishmoqda. Keling, buni birma-bir ko‘rib chiqamiz.

2019 yilda real yalpi ichki mahsulot 5,6 foiz o‘sishiga qaramay, O‘zbekiston iqtisodiyotidagi umumiy pul massasi 2019 yil iyul oyidan beri umuman o‘zgarishsiz qolmoqda. Iqtisodiy taraqqiyot odimlari oshganda, umumiy pul massasi deyarli o‘zgarishsiz qolishi qanchalik mantiqqa to‘g‘ri va bu iqtisodiyotda kengaytirilgan qayta ishlab chiqarish sur'atlarini sekinlashtirmaydimi?

Boz ustiga, so‘nggi 3 oy ichida Markaziy bank tijorat banklari ixtiyorida bo‘lgan vaqtincha ozod bo‘lgan pullarni turli mexanizmlar bilan o‘z jamg‘armalariga jalb qilmoqda. Birgina 1-chorakning o‘zida banklarning pul aylanmasidan 810 mlrd so‘m mablag‘lar qisqa muddatli depozitlarga Markaziy bank tomonidan jalb qilingan bo‘lsa, yana 146 mlrd so‘m tungi depozitlarga jalb qilingan. 

Eng ajablanarli holat shuki, Markaziy bank tomonidan tashkil etilgan RePO va SVOP auksionlari orqali tijorat banklariga qimmatli qog‘ozlar va chet el valutasi evaziga berilgan milliy valutadagi pullar miqdori 893 mlrd so‘mni tashkil qiladi. Boz ustiga, tunlik (overnayt) RePO va SVOP operatsiyalari bo‘yicha tijorat banklariga 146 mlrd so‘m milliy valutada vaqtincha mablag‘lar ajratilgan. E'tibor bilan razm solsangiz, banklardan olingan va ularga tarqatilgan so‘m mablag‘lari o‘rtasidagi farq deyarli yo‘q. Demak, bu pullar aslida banklar uchun «vaqtincha ortiqcha» pullar emas. Shunchaki, tijorat banklari Markaziy bank boshlagan katta o‘yinda qatnashishga majbur va iqtisodiyotni kreditlashdan butunlay voz kechishlari kerak.

Nega bunday holatni kuzatyapmiz? Nahotki, inflatsiyani jilovlash uchun, Xalqaro valuta jamg‘armasi ko‘rsatmalarini to‘liq bajarish bugungi kunda og‘ir ahvolda bo‘lgan iqtisodiyotni moliyaviy jonlashtirish g‘oyasidan ustunroq bo‘lsa?

Mutaxassislar «ba'zi banklarda vaqtincha ortiqcha bo‘lgan pullar boshqalarga kerak bo‘lishi mumkin, shuning uchun ham miqdorlar deyarli teng», deb e'tiroz bildirishlari mumkin. Ha, shunday bo‘lishi mumkin. Unday bo‘lsa, nega tijorat banklari o‘zaro kelishib, ana shunday depozit va depo operatsiyalarini Markaziy bank ishtirokisiz amalga oshirmaydi?

Bu operatsiyalarda Markaziy bank asosiy rol o‘ynashining bitta yaqqol kamchiligi bor: u belgilagan narx va qoidalarga hech kim e'tiroz bildira olmaydi. Nega banklar 1 tunga olgan depozitlariga yiliga 14 foiz ustama to‘lashi kerak? Yoki Markaziy bankning o‘zi qaysi daromadi hisobidan tijorat banklariga jalb qilingan depozitlar uchun 14-15 foiz miqdorida yillik ustama to‘layapti?

Tijorat bank depozit berganda katta foizdan baham ko‘radi, lekin o‘zi jalb qilganda bundan faqat zarar ko‘radi. Xo‘sh, bir tunga olingan depozit uchun 14 foizlik ustamadan kimga foyda-yu, kimga zarar?

Men shuni aniq bilamanki, 2003 yilda O‘zbekistonning yirik banklari o‘zaro pul-kredit bozorini Markaziy bank ishtirokisiz tashkil etganda bur tunlik depozitning narxi 1 foiz yillik ustama edi. Nega endi hozirga kelib, xuddi o‘sha operatsiyaning narxi 14 baravar oshib ketgan? Nega Markaziy bank asosiy tovar bo‘lgan va narxi faqat shu bankning qo‘lida bo‘lgan tovar - milliy valutaning narxini buncha yuqori belgilaydi? Aynan shu pulning baland narxining o‘zi inflatsiyaning asosiy lokomotivi emasmi?

Banklarning nuqtayi nazari

2017 yildan beri erkin konvertatsiya va milliy valuta kursini bozor talabi va taklifi o‘rtasida belgilanishi tufayli xo‘jalik sub'yektlarining eksport-import faoliyati keskin oshdi. Natijada banklarning ham o‘z mijozlaridan sotib oladigan va sotadigan chet el valutasi miqdorlari keskin oshdi. 2018 yilda Markaziy bank tijorat banklarining «ochiq valuta pozitsiyasi» (OVP)ga bo‘lgan talablarni ancha yumshatdi va banklarga uning (OVP) har bir valuta bo‘yicha hajmi va umumiy limitlarini ancha liberallashtirdi. Ya'ni banklar endilikda ko‘proq miqdorda valuta to‘plab, o‘z hisobidan xo‘jalik sub'yektlarini kreditlash qobiliyatiga ega bo‘ldi. Bu, albatta juda pozitiv holat.

2019 yil yanvar-aprel oylarida Respublika valuta birjasida yuridik shaxslardan tijorat banklari 2959 mln AQSh dollari sotib olgan bo‘lsa, 2020 yil shu oylarida bu ko‘rsatkich 3123 mln AQSh dollarini tashkil etdi (o‘sish 5,54 foiz). Lekin ana shu davr mobaynida yuridik shaxslarga sotilgan chet el valutasi miqdorlari tegishli ravishda 1811 mln AQSh dollari va 1628 mln AQSh dollarini tashkil etib, Markaziy bank tomonidan intervensiya hajmi 1148 mln AQSh dollari va 1495 mln dollarni tashkil etdi (o‘sish 30,23 foiz). 

Aynan shu davrda, 2020 yilning yanvar-fevral-mart oylarida tijorat banklaridagi aholi va yuridik shaxslarning depozitlari tegishli ravishda 28480, 29058 va 27471 mlrd so‘mga ekvivalent miqdorda bo‘ldi. Ya'ni 3,67 foizga, agar shu davrdagi devalvatsiyani (0,8 foiz) hisobga olsak, 3,59 foizga kamaydi.

Aytish kerakki, tijorat banklari bozor va mijozlar tazyiqi ostida o‘z ixtiyorida bo‘lgan OVP resurslarini asta-sekin sotishga majbur bo‘lishyapti. Chunki 2019 yilda birjadan tashqari savdolarda tijorat banklari yuridik shaxslarga 939 mln AQSh dollari miqdorida resurs sotgan bo‘lsalar, 2020 yilda 1063 mln AQSh dollari miqdorida valuta sotildi (o‘sish 13,2 foiz). Lekin Markaziy bank qo‘shgan hissa bilan, tijorat banklar qo‘shgan hissa orasidagi farq 140,64 foiz!

Banklardagi chet el valutasida bo‘lgan depozitlar miqdori kamaymagani holda, Markaziy bank tomonidan valuta intervensiyasi miqdori 30 foizdan ko‘p o‘sishi tijorat banklari tomonidan valuta sotishga qiziqish juda katta emasligi va ular milliy valuta almashuv kursining barqarorligiga ko‘p ham ishonmayotganini bildiradi.

Banklar o‘z valutalarini sotishga unchalik shoshmagani holda, yuridik shaxslar ham bu amalga qo‘l uryapti. Agar 2019 yilning dastlabki 3 oyida mamlakat ichki bozoridagi barcha taklifning 55 foizi yuridik shaxslar tomonidan qoplangan bo‘lsa, 2020 yilning shu davrida bu ko‘rsatkich 49 foizga tushib ketdi.

Mijozlar manfaati

Markaziy bank tomonidan milliy valutaning depozitlarga massiv jalb qilinishi va banklarda tobora chet el valutasi OVP shaklida ko‘payib borayotgani tufayli «2020 yilning dastlabki choragida ham milliy valutadagi kreditlar bo‘yicha o‘rtacha tortilgan foiz stavkalarida o‘sish kuzatilib, yanvar va fevral oylarida mos ravishda 25,8 va 25,6 foizni tashkil etdi. Xorijiy valutadagi kreditlar bo‘yicha o‘rtacha tortilgan foiz stavkalar esa pasayishda davom etdi hamda dekabr oyidagi 7,7 foizdan yanvar oyida 7,5 foizgacha va fevral oyida 7,3 foizgacha pasaydi».

Ya'ni, yuridik shaxslar uchun milliy valutada kredit olish umuman ilojsiz bo‘lib, chet el valutasida kredit olish foydaliroq bo‘lgan sun'iy vaziyat hozirgi tarzda yuzaga kelgan.

Natijada «2020 yilning dastlabki choragida iqtisodiyotga ajratilgan kreditlar jami qoldig‘i 5,9 foizga yoki 12,3 trln so‘mga oshib, 220,6 trln so‘mga yetdi. Bunda, milliy valutadagi kreditlar qoldig‘i 5 foizga (5,7 trln so‘mga) hamda xorijiy valutadagi kreditlar qoldig‘i esa 7,1 foizga (6,7 trln so‘mga) ko‘paydi».

Xo‘sh, ayting-chi, mijozlarga bugungi kunda chet el valutasida kredit olish qanchalik ma'qul ish?

Birinchidan, mijozlarga ko‘p holatda kredit resurslari asosiy ishlab chiqarish vositalarini sotib olishga kerak. Ular bu vositalarni faqat O‘zbekistonda faoliyat yurituvchi chet el mashina va mexanizmlarini ishlab chiqaruvchi chet el korxonalarining dilerlari orqali sotib olishlari mumkin. Bugungi kunda deyarli hech bir ishlab chiqaruvchi O‘zbekiston hududida dilerlarsiz ish tutmaydi, demak kredit so‘mda kerak, xorij valutasida emas;

Ikkinchidan, mijoz kreditni chet el valutasida olib, ishlab chiqaruvchiga to‘lab bergan taqdirda ham, ana shu narx ichida mahalliy dilerning xarajatlari va foydasi o‘tirgan bo‘ladi (mahalliy soliqlardan tashqari). Demak, ortiqcha miqdorda valuta O‘zbekiston hududidan chiqib ketadi;

Uchinchidan, mijozlar valuta almashuv kursi keskin o‘zgarganda juda katta talafotlar ko‘rishi mumkin. Bilamizki, bunday xatardan hech qaysi iqtisodiyot himoyalangan emas.

Asosiy ko‘rsatkichlar dinamikasi juda tashvishli

Markaziy bank asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarning 2020 yil davomida o‘zgarish prognozlarini yangiladi. Bu prognozlarda bizni tashvishga solayotgan achinarli ahvol asosiy kapitalning yalpi jamg‘arilishi darajasi 2019 yil darajasidan 5 baravar past belgilanishi, ya'ni ishlab chiqarishni qayta qurollantirish, yangi texnika sotib olish istiqbollari deyarli yo‘qligidir.

Nega bunday hol yuz berishi mumkin degan savolga Markaziy bankning inflatsiyani jilovlash kabi oliy maqsadi yo‘lida iqtisodiyotga ajratilayotgan kreditlarning yalpi miqdori va qoldiqlarini keskin kamaytirish borasidagi jami harakatlari sabab bo‘ladi degan javob berilishidan tashvishdamiz. 

Asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar prognozi
(o‘sishi, o‘tgan yilga nisbatan foizda)

Manba: Markaziy bank hisob-kitoblari

Yuqoridagi jadvaldan ko‘rinib turibdiki, Markaziy bank iqtisodiyotga ajratiladagan kreditlar qoldig‘ini 2019 yil darajasida, deyarli o‘zgarishsiz qoldirishni maqsad qilib qo‘ygan. Agar yillik inflatsiya darajasi 14,5 foiz deb belgilangani va kreditlar foizining o‘zi 26-28 foiz ekani hisobga olinsa, bu belgilangan ko‘rsatkichlar aslida iqtisodiyotga beriladigan kreditlar faqatgina qaytib to‘langan kreditlarning bir qismi hisobigagina bo‘ladi deb tushunish kerak. Ya'ni iqtisodiyotda hech qanday kreditlar hisobiga o‘sish bo‘lmaydi.

Natijada faqatgina bankning kredit resurslariga tayanib qolgan kichik va o‘rta biznes umuman rivojlanmaydi. Ikkinchi tarafdan esa, davlatning markazlashtirilgan moliyalashtirish hisobiga olib borilayotgan qurilishlarida qatnashayotgan katta-katta korxonalar esa yanada kuchayaveradi. Ular bilan kichik biznes o‘rtasidagi tafovut yanada kengayadi. Demak, xomashyo resurslariga bo‘lgan talab kamayishi va koronavirus tufayli yuz bergan hozirgi iqtisodiy inqirozdan tiklanish ancha og‘ir bo‘ladi va uzoq kechadi. Bu esa o‘z navbatida, ishsizlik ko‘payishi, aholining real daromadi pasayishini bildiradi.

Abdulla Abduqodirov
Iqtisodiy sharhlovchi.

Top