O‘zbekiston | 21:31 / 08.06.2020
34261
12 daqiqa o‘qiladi

«Ishda baxsiz hodisa va umumiy kasalliklar soni ortmoqda» - bosh profpatolog bilan suhbat

Jahon Sog‘liqni saqlash tashkilotining eng ko‘p uchraydigan kasbiy xavf omillarini baholash bo‘yicha o‘tkazgan so‘nggi tadqiqotlariga ko‘ra, Yevropa davlatlarida kasallik yukining kamida 1.6 foizi mehnat sharoitlari sabab yuzaga kelishi aniqlangan.

Unga ko‘ra, xavflarning asosiy omillari sifatida: shikastlanish (40 foiz), shovqin (22foiz), kanserogenlar (18 foiz), xavfli zarralar va ergonomik omillar (3foiz) keltirilgan.

Surunkali kasalliklarning kasbiy yuki sifatida esa, bel og‘rig‘i (37 foiz),eshitish qobiliyatining pasayishi (16 foiz), o‘pka zararlanishi bilan bog‘liq kasalliklar (13 foiz), astma (11foiz) va saraton (9 foiz) ko‘rsatilgan.

Xo‘sh, kasb kasalligi bo‘yicha O‘zbekistondagi umumiy holat qanday? Bizda kasbiy faoliyatdagi xavfsizlik qoidalariga qanchalik amal qilinadi? Qaysi soha vakillari orasida kasb kasalligiga chalinish holatlari ko‘p uchramoqda? Kun.uz muxbiri shu kabi savollar bo‘yicha Sog‘liqni saqlash vazirligi bosh profpatologi, tibbiyot fanlari doktori Muqaddas Hamroqulova bilan intervyu uyushtirdi.

— Muqaddas opa, ayting-chi, kasb kasalligi o‘zi qanday kasallik, unga kimlar va qaysi sohada faoliyat olib boradigan mutaxassislar chalinishi mumkin?

— Bu yomon mehnat sharoitlari va kasbga aloqador zararlarning organizmga ta'siri natijasida paydo bo‘ladigan kasalliklar hisoblanadi. Kasallikning kechishi unga sabab bo‘lgan zararli omillarning o‘ziga xosligi, kuchi, davomiyligi va ularning birgalikdagi ta'siriga bog‘liq.

Kasb kasalligi ishlab chiqarishning zararli omillarini hisobga olgan holda belgilanadi. Bu kasallikning fizik (kasbga aloqador karlik, vibratsiya kasalligi, nur kasalligi, kesson kasalligi, balandlik kasalligi va b.), biologik (infeksion va parazitar kasalliklar: brutsellyoz, kuydirgi) va kimyoviy omillar ta'sirida (zaharlanish), ba'zi changlar uzoq vaqt nafasga olinganda (pnevmokonioz, bronxit va b.), shuningdek, jismoniy zo‘riqqanda yoki shikastlanganda (nevrit, bursit) vujudga keladigan turlari farq qilinadi. Uning kelib chiqishiga organizmning o‘ta toliqishi va kasallikka qarshi kurasha olish faoliyatining pasayishi ham sabab bo‘ladi.

Kasb kasalliklari O‘zbekistonda amal qiluvchi etiologik prinsipga asoslangan kasb kasalliklarining ro‘yxatiga, ya'ni Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 1 iyuldagi 195-sonli qarorining 2-ilovasiga asosan tasdiqlanadi.

Muqaddas Hamroqulova

—O‘zbekistonda asosan qaysi sohalarda mehnat qilayotgan ishchilar kasb kasalligiga ko‘proq chalinadi?

— Oxirgi yillardagi birlamchi kasb kasalliklari statistikasiga ko‘ra, yer osti konlarida kremniy saqlovchi chang va mehnat sharoiti kompleks omillar ta'sirida mehnat qiluvchi ishchilarda uchraydi. Bu ishchilarning asosiy qismi ko‘p yillik stajga ega. Ular uzoq muddat zararli mehnat sharoitida va ish joyidagi chang miqdori ruxsat etilgan me'yordan ortiq bo‘lishi natijasida kasallikka chalingan. 

Kasallikni aniqlash uchun zamonaviy tashxis usullarining qo‘llanilishi natijasida uning rivojlanishi bilan bog‘liq qo‘shimcha ma'lumotlar olinmoqda. Bunda kasalliklarni ishlab chiqarish bilan bog‘liqligi daliliy isbotini topmoqda.

O‘zbekistonda bu kasallikning rivojlanishi ehtimoli bo‘yicha tibbiy-profilaktika choralari ishlab chiqilgan. Bu o‘z navbatida o‘tkazilayotgan tibbiy ko‘riklar sifatini yaxshilashga va kasb kasalliklari kelib chiqishini oldini olishga ham yordam beradi.   

— O‘zbekiston Mehnat Kodeksining 18 va 24-moddalarida korxona va tashkilotlarda mehnat qilayotganlarning kasb kasalligiga chalinmasligi uchun nimalarga e'tibor berilishi va tashkilot rahbarlari ishchilarga qanday sharoitlar yaratib berishi belgilangan. Sizningcha, bizda bu qoidalarga qanchalik amal qilinadi?

— Xodimlarning sog‘lig‘ini saqlashda, jumladan kasb kasalliklarining profilaktikasida mehnat faoliyatining holati muhim. Bir qator qonun va qarorlarda hamda tarmoq mehnatni muhofaza qilish qoidalarida alohida e'tibor berilgan.

O‘zbekistonda xodimlarga tibbiy-sanitar xizmat ko‘rsatish, kasb kasalliklarining profilaktikasi ikki yo‘nalishda olib borilmoqda: Mehnat sharoitlarini yaxshilash va muhofaza qilish; Tibbiy profilaktik yordam ko‘rsatish.

Tan olish kerak, bugungi kunda o‘tkazilayotgan davriy tibbiy ko‘riklar sifati va ko‘lami nazorati susaytirilib yuborilgani natijasida kasb kasalliklari ilk, yengil darajada emas, balki o‘rtacha og‘ir va og‘ir darajasida tashxislanmoqda, ishda baxsiz hodisa va umumiy kasalliklar soni ortishiga sabab bo‘lmoqda.

— Siz rahbarlik qilayotgan tizim kasb kasalligiga chalinishi xavfi yuqori bo‘lgan ishchi xodimlarni boshqa ishga o‘tkazish bo‘yicha tashkilotlarga tavsiya beradi. Bugun bu tavsiyalarga tashkilotlar tomonidan qanchalik amal qilinadi?

— Davriy tibbiy ko‘riklar xulosalari asosida ishchining zararli omillar ta'sirida ishlashi bo‘yicha xulosani tibbiy ko‘rik o‘tkazgan tibbiy-profilaktik muassadagi shifokor-profpatolog malakasiga ega mutaxasis berishi mumkin.Berilgan xulosa bo‘yicha ziddiyatli holatlar yuzaga kelgan taqdirda, davolash profilaktika muassasasi yoki tashkilot rahbarining murojaat xati asosida Sanitariya, gigiyena va kasb kasalliklari instituti mutaxassislari tomonidan yakuniy xulosa berilishi mumkin.

O‘tkazilayotgan tibbiy ko‘riklarning sifati va natijalari bo‘yicha xulosalarda belgilangan tadbirlar, kasallangan xodimlarni reabilitatsiya qilish va sog‘lomlashtirish bo‘yicha tavsiyalar ba'zi tashkilotlar tomonidan o‘z vaqtida bajarilmayapti. Buning asosiy sabablaridan biri nazoratning sustligidir. Shuningdek tibbiy ko‘riklar natijasi bo‘yicha berilgan tavsiyalarning ish beruvchi tomonidan bajarilmasligi oqibatida ishchilarda aniqlangan kasalliklar og‘ir va o‘ta og‘ir darajadagi kasallanishiga sabab bo‘lmoqda.

O‘zbekiston qonunchiligida ishlovchi aholi (mehnat resurslari)dan ish beruvchilar samarali foydalanishi belgilangan. Xodimning salomatligi yomonlashuviga olib keluvchi omillar ta'sirini oldini olish va bartaraf etmaslik esa ushbu mehnat resursini ishchanlik qobiliyati va mehnat davomiyligini qisqartiradi.

 Oxirgi o‘n yillikda ishlovchi aholiga tibbiy yordam berish tizimiga e'tibor kamayib ketdi. Avvallari ishlab-chiqarish bilan bog‘liq faoliyatni yuritishda korxonaning tibbiy punkti yoki tibbiy-sanitariya qismi bo‘lishi ko‘zda tutilar edi. Bugun ushbu tizim tuzilmalari aksariyat korxonalarda qisqartirib yuborildi.

Kasb kasalligini kelib chiqishi sabablaridan yana biri viloyatlar va tumanlarda o‘tkazilayotgan tibbiy ko‘riklar uchun javobgar shifokor kasb kasalligi (profpatolog) mutaxassisligiga ega emasligidir. Shuningdek, ko‘pgina tuman, viloyatlarda profpatolog shtatlarining yo‘qligidir. Tibbiy ko‘rikda ishtirok etayotgan mutaxassis-shifokorlar esa ishlab-chiqarishdagi zararli mehnat sharoiti kabi omillar ta'sirida kelib chiqish ehtimoli bo‘lgan kasb kasalliklari to‘g‘risida tushunchalarga ega emas.

O‘tkazilayotgan tibbiy ko‘riklar natijasi bo‘yicha berilgan xulosalar ijrosi ustidan nazoratning sustligi aniqlangan kasalliklarni reabilitatsiya qilish va sog‘lomlashtirish bo‘yicha tavsiyalar o‘z vaqtida bajarilmasligiga sabab bo‘lmoqda.

— Demak, bizda profpatologlar tayyorlash tizimida ham uzilish bor...

— To‘g‘ri, hozir zararli omillar ta'sirida ishlovchi ishchilarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazuvchi markaziy tibbiyot birlashmalarida profpatolog mutaxassislari tayyorlashga e'tibor oshmoqda. Masalan, 2012 yildan boshlab birinchi marotaba kasb kasalliklari bo‘yicha klinik ordinatura ochildi. Har yili kasb kasalliklari yo‘nalishi bo‘yicha ordinaturani bitirib chiqqan bir necha profpatolog mutaxassislar respublika bo‘yicha faoliyat olib bormoqda. Shuningdek, 2006 yildan Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti qoshida “Kasb kasalliklari” kursi ochilgan. Bu yerda bir necha shifokorlar ikki, uch va besh oylik malaka oshirish tayyorgarligidan o‘tib kasb kasalligi mutaxassisligini olmoqda.

— Bu kasallikni odatda faqat og‘ir jismoniy mehnat bilan shug‘ullanuvchilarda uchraydi, deb tushunishadi, vaholanki u o‘qituvchi, jurnalist, shifokor va buxgalterlarda ham ko‘p uchraydi. Ijtimoiy soha xodimlari o‘zini qanday himoyalashlari kerak?

— Kasb kasalligi ishchiga ta'sir qiluvchi zararli mehnat sharoitiga qarab turli tana a'zolari to‘qimalar faoliyatini buzilishi natijasida kelib chiqishi haqida gapirdim. Masalan, o‘qituvchilarda ko‘p yillik stajli ish davomida dars soatlari me'yordan ko‘p bo‘lgandagi so‘zlashish oqibatida kasbiy laringit kasalligi kelib chiqishi mumkin. Tibbiyot xodimlarida kasbiy vazifalarni bajarish jarayonida biologik va kimyoviy (dori va dezinfeksiyalovchi vositalar) omillar ta'siridagi kasb kasalliklar kelib chiqish ehtimoli bor. Misol uchun: virusli gepatitlar, tuberkulez, bronxial astma va boshqalar. Shuningdek, uzoq vaqt tik turib ishlash (xirurg, anestiziolog va boshqa) oqibatida tayanch-harakat tizimi kasalliklari rivojlanishi mumkin.

Bu sohadagi insonlarda kasallikning oldini olish uchun mehnat muhofazasi qoidalariga rioya qilishlari, ish va dam olish soatlarini to‘g‘ri tashkil qilish, himoya vositalardan to‘g‘ri foydalanish, mehnat sharoitlarini yaxshilash, sog‘lomlashtiruvchi chora-tadbirlarni o‘tkazilishi, sog‘lom turmush tarzi prinsiplariga rioya qilish zarurdir.

— Koronavirusga qarshi kurashgan shifokorlarning kasallikka chalinish xavfi ham kasb kasalliklari doirasiga kiritilmoqdami?

Chunki, koronavirusga qarshi kurashayotgan shifokorlar hozir 24 soatlab va xuddi urush paytidagi jangchidek ishlayapti. Ular uchun nimalarni maslahat bergan bo‘lardingiz?

— COVID-19 koronavirus pandemiyasi sababli ko‘plab tibbiyot xodimlari kasallangan bemorlarga yordam ko‘rsatish va davolashda qatnashmoqda.

Tibbiyot xodimlarining bemorlar bilan yaqin muloqotda bo‘lganliklari, ximoya vositalaridan foydalanishda shaxsiy ehtiyotkorlik talablarini to‘liq bajarmaganliklari sababli virus yuqish 300 ga yaqin holati kuzatildi. Bular nafaqat shifokorlar, ular orasida o‘rta va kichik tibbiyot xodimlari ham ko‘pchilikni tashkil qiladi.

Bunda xizmat faoliyati davomida virusni yuqtirgan tibbiyot xodimlari O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi qarori bilan o‘tkir kasallik yuqtirgan hisoblanadi. 

Agar tibbiyot xodimida COVID-19 infeksiyasi yuqtirish natijasida davolangandan keyin organ va tizimlar funksiyasini buzilishiga olib keluvchi asoratlar aniqlansa va bu asorat kasalliklar xodimning mehnat faoliyatini olib borishiga monelik ko‘rsatsa, ya'ni ish qobiliyatini yo‘qotsa hamda virus ish faoliyati natijasida yuqqanini tasdiqlovchi hujjatlari bo‘lsagina kasb bilan bog‘lanishi mumkin. Ammo bizga hujjatlari bilan murojaat qilgan tibbiyot xodimlarining kasallik tarixlari o‘rganib chiqilganda, ularda davolanganlaridan so‘ng virus aniqlanmagani va kasallik asorat qoldirmagani aniqlandi.

Ilyos Safarov suhbatlashdi.

Mavzuga oid