BMT tarixi: Ukraina va Belarus qanday qilib uning ta'sischisi va a'zosi bo‘lgan edi?
1945 yil 26 iyunda AQShning San-Fransisko shahrida dunyoning 50 mamlakati vakillari yig‘ilib, Ikkinchi jahon urushigacha faoliyat yuritgan Millatlar Ligasi o‘rniga Birlashgan Millatlar Tashkiloti nomi bilan ataluvchi yangi tashkilot tuzish haqida kelishuv imzolaydi va uning ustavini qabul qiladi. BMTning ustavi 1945 yil 24 oktyabrdan kuchga kiradi va u shu sanadan o‘z faoliyatini boshlaydi. O‘shanda, BMT ta'sischilari safida SSSR bilan birgalikda, uning tarkibiga kiruvchi Ukraina SSR va Belorussiya SSR ham bor edi.
Birinchi jahon urushi g‘oliblari tomonidan 1919 yilda Versal kelishuviga ko‘ra Millatlar Ligasi xalqaro tashkiloti tuzilgan edi.
Millatlar Ligasi, garchi dunyodagi siyosiy-iqtisodiy vaziyatni nazorat qilish uchun tuzilgan bo‘lsa-da, amalda hech narsani nazorat qila olmaydi. Ikkinchi jahon urushi boshlangandan keyin bu xalqaro tashkilot amalda o‘z faoliyatini to‘xtatadi.
BMTning tashkil etilishi
Gitlerga qarshi urushda SSSRning qo‘li baland kelib Germaniyaning yengilishi aniq bo‘lib borar ekan, dunyodagi siyosiy vaziyatni nazorat qilish uchun yangi xalqaro tashkilot tuzish ehtiyoji tug‘iladi.
Dunyodagi barcha mustaqil davlatlarni qamrab oladigan hamda yer yuzidagi siyosiy jarayonlarni nazorat qiladigan yangi xalqaro tashkilot tuzish g‘oyasi 1943 yilda, SSSR, AQSh, Buyuk Britaniya davlat rahbarlari Iosif Stalin, Franklin Ruzvelt va Uinston Cherchill ishtirok etgan Tehron konferensiyasida ilk marta muhokama qilingan edi.
1944 yil 28 avgustda Vashington shahri yaqinidagi Dumbarton-Oks shaharchasida yuqoridagi uch davlat delegatsiyasi ishtirokida yangi tuziladigan xalqaro tashkilotga kimlarni a'zo qilish masalasida konferensiya o‘tkaziladi va ko‘pgina masalalar kelishib olinadi.
1945 yil 4-11 fevral kunlari Yaltada o‘tgan konferensiyada SSSR, AQSh va Buyuk Britaniya (yana Stalin, Ruzvelt, Cherchill ishtirokida) rahbarlari BMTni tuzish masalasida muzokaralarni davom ettiradi.
1945 yil 25 aprelda AQShning San-Fransisko shahrida dunyoning 50 davlatidan kelgan delegatsiya Birlashgan Millatlar Tashkilotini tuzish uchun xalqaro konferensiyaga yig‘iladi. Qizig‘i, bu konferensiyada sobiq ittifoqdan uchta, SSSR delegatsiyasi bilan birga Ukraina va Belorussiya ham o‘z delegatsiyalari bilan qatnashadi. Konferensiya ikki oy davom etadi va 26 iyungacha davom etadi.
San-Fransisko konferensiyasida SSSR delegatsiyasini avvaliga SSSR tashqi ishlar xalq komissari Vyacheslav Molotov boshqaradi. Oradan bir necha kun o‘tib delegatsiya rahbarligi SSSRning AQShdagi elchisi Andrey Gromikoga topshiriladi (Bu inson keyinchalik SSSRning BMTdagi vakili, 1957 yildan 1985 yilgacha SSSR tashqi ishlar vaziri lavozimlarida ishlaydi).
26 iyun kuni konferensiyaning so‘nggi kunida delegatsiyalar tomonidan 1945 yil 24 oktyabrdan kuchga kiradigan BMT ustavi imzolanadi.
Shu tariqa, 1945 yil 24 oktabr kuni BMT faoliyatini rasman boshlaydi. San-Fransisko konferensiyasiga yetib bora olmay BMT ustavini 15 oktyabrda imzolab, ro‘yxatga keyin qo‘shilgan Polsha bilan birga dunyoning 51 davlati uning ilk ta'sischilari bo‘ladi.
BMTning ilk ta'sischilari va a'zolari
1. Argentina
2. Belorussiya SSR (hozir Belarus)
3. Braziliya
4. Buyuk Britaniya
5. Haiti
6. Gretsiya
7. Daniya
8. Dominikan
9. Misr
10. Britaniya Hindistoni (hozir Hindiston)
11. Eron
12. Xitoy Respublikasi (hozir XXR)
13. Nikaragua
14. Kuba
15. Livan
16. Lyuksemburg
17. Yangi Zelandiya
18. Paragvay
19. Peru
20. Polsha
21. Salvador
22. Saudiya Arabistoni
23. Suriya
24. AQSh
25. SSSR (parchalanib ketgan)
26. Turkiya
27. Ukraina SSR (hozir Ukraina)
28. Filippin
29. Fransiya
30. Chexoslovakiya (hozir Chexiya va Slovakiya)
31. Chili
32. Efiopiya
33. Yugoslaviya (hozir parchalanib ketgan)
34. Avstraliya
35. Belgiya
36. Boliviya
37. Venesuela
38. Gvatemala
39. Honduras
40. Iroq
41. Kanada
42. Kolumbiya
43. Kosta-Rika
44. Liberiya
45. Norvegiya
46. Panama
47. Urugvay
48. Ekvador
49. Janubiy Afrika Respublikasi
50. Meksika
51. Niderlandiya
Stalinning ayyor rejasi
O‘shanda, San-Fransisko konferensiyasida BMT ta'sischilari orasida SSSR delegatsiyasi bilan birga Ukraina SSR va Belorussiya SSRdan borgan vakillarning qatnashishi bejiz emasdi. 1944 yil 28 avgustda Dumbarton-Oksda o‘tkazilgan konferensiyada SSSR delegatsiyasini boshqargan sovet ittifoqining AQShdagi elchisi Gromiko yangi tuziladigan tashkilotga SSSRdagi barcha 16ta ittifoqdosh respublikani (o‘sha paytda SSSRda 16ta ittifoqdosh respublika bo‘lgan) a'zo qilish haqida gapiradi. O‘sha paytda bu taklif Stalindan chiqqan, u BMTning ilk ta'sischi davlatlari qatorida o‘z tarafdorlari ko‘proq bo‘lishini xohlagan edi.
Oradan uch kun o‘tib, 1944 yil 1 sentyabrda AQSh prezidenti Franklin Ruzvelt SSSRning bu taklifiga qarshi ekanini Stalinga ma'lum qiladi. U SSSRdagi ittifoqdosh respublikalar hatto yarim mustaqil davlat emasligi va shu sababli ularni BMTga alohida davlat sifatida a'zo qilish maqsadga muvofiq bo‘lmasligini aytadi. O‘shanda Ruzveltni Buyuk Britaniya ham qo‘llab-quvvatlaydi.
Ammo Stalin ham anoyi emasdi, u AQShga BMT ta'sischilari orasida Hindiston, Yangi Zelandiya, Kanada kabi Buyuk Britaniyaning, Gaiti, Filippin kabi AQShning yarim mustaqil dominionlari borligini, bunga SSSR ko‘z yumayotganini eslatadi. Shundan so‘ng ular Ukraina SSR va Belorussiya SSRning BMT a'zosi bo‘lishiga rozi bo‘lishadi. Qolaversa, Stalin ayyorlik bilan BMTda o‘z tarafdorlari ko‘proq bo‘lishi uchun harakatni ancha oldin boshlagan va bu uchun SSSRdagi ayrim qonunlarni o‘zgartirgan hamda yangilarini qabul qilgan edi.
SSSRda, 1944 yilda tuzilgan «Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi»
SSSR delegatsiyasi Dumbarton-Oks konferensiyasida 16ta ittifoqdosh respublikani BMT ta'sischilari qilishga uringani bejiz emasdi. Stalin bunga BMTni tuzish haqida ilk g‘oyalar berilgan paytlardan tayyorgarlik ko‘ra boshlagan edi.
1944 yilda SSSRdagi ittifoqdosh respublikalar birdaniga «mustaqil davlatlar» bo‘lib qoladi. «Pravda» gazetasi 1944 yil 28 yanvar sonida o‘sha kuni «Butunittifoq bolsheviklar kommunistik partiyasi Markaziy qo‘mitasi yig‘ilishi bo‘lib o‘tganini, yig‘ilishda Xalq komissarlari qo‘mitasi (Sovnarkom) tomonidan «Ittifoqdosh respublikalarga mudofaa va ichki ishlar masalasida kengroq huquqlar berish haqida» taklif berilgani hamda taklif bir ovozdan qabul qilinib, bu haqda qaror qabul qilingani haqida» xabar beradi.
Xabarda yozilishicha, «SSSR Oliy Kengashining ushbu sessiyasida Sovnarkom raisi va tashqi ishlar vaziri Vyacheslav Molotov o‘z dokladida taklif etgan ikkita, «Ittifoq respublikalarining harbiy tuzilmalarini shakllantirish to‘g‘risida» hamda «Ittifoq respublikalariga tashqi aloqalar sohasida kengroq vakolatlar berish to‘g‘risida» qonun qabul qilinadi».
Shundan so‘ng, ittifoqdosh respublikalarda 1946 yilgacha faoliyat ko‘rsatgan tashqi ishlar xalq komissarligi va Respublika qurolli kuchlari tuziladi.
Dumberton-Oksda o‘tkazilgan konferensiyada Gromiko ana shuni asos qilib ittifoqdosh respublikalarning har birini BMT ta'sischilari va a'zolari bo‘lishini talab qilgan edi.
SSSR Oliy Sovetining ikkita yangi qarori o‘shanda mamlakat bo‘ylab o‘tkazilgan yig‘ilishlarda «SSSRdagi milliy masalalar bo‘yicha eng to‘g‘ri yechim bo‘lgani va bu mamlakat rahbariyatining Lenin g‘oyalaridan chekinmay olg‘a borayotganini anglatishi» deb talqin qilinadi.
Shundan so‘ng, ayrim respublikalarda, masalan Ukraina SSRda Vasiliy Gerasimenko Mudofaa vaziri etib tayinlanadi va sovetlar armiyasi bilan birgalikda, qisqa muddatga alohida Ukraina qurolli kuchlari ham faoliyat yuritadi.
Amerikaliklarga Stalinning rejalari ancha tushunarsiz ko‘rinadi. AQShning SSSRdagi elchisi Uilyam Harriman Oq uyga shunday xabar jo‘natgandi: «SSSRda ittifoqdosh respublikalarga mudofaa va tashqi ishlar masalasida keng vakolat berilyapti. Shuningdek, Markaz ham o‘z vakolatlarini saqlab qoladi. Bu juda g‘alati».
Nega aynan Ukraina va Belorussiya?
Stalinning uzoqni ko‘zlab amalga oshirayotgan ishlari, jumladan ittifoqdosh respublikalarga qog‘ozda bo‘lsa ham qisman mustaqillik berishi hamda o‘sha paytda SSSR tarkibida bo‘lgan 16ta respublikani BMT tarkibiga tiqishga urinishi albatta AQSh va Buyuk Britaniyada jiddiy e'tirozlar uyg‘otadi.
Ancha vaqt davom etgan muzokaralardan so‘ng, SSSRning «urush g‘olibi» bo‘lishida hamda fashizmni tugatishda Ukraina va Belorussiya munosib hissa qo‘shgani uchun ular bu ikki respublikaning BMT ta'sischilari hamda a'zolari safida bo‘lishiga ko‘nishadi.
Sodda tilda aytganda, SSSR 1944 yilda, SSSR Oliy Soveti qarori bilan ittifoqdosh respublikalarga tashqi siyosat hamda mudofaa masalalarida «erkinlik» bergan bo‘lsa ham AQSh va Buyuk Britaniyaga o‘sha berilgan «erkinlik»ni isbotlab bera olmaydi. Ammo baribir ikkita respublikani BMT ta'sischilari safiga qo‘sha oladi. Aslida, SSSR o‘shanda ittifoqdosh respublikalarga tashqi ishlar hamda mudofaa masalalarida katta erkinlik bermagani, hammasi qog‘ozda ekani AQSh va Buyuk Britaniyaga ma'lum edi. Ammo, SSSRning fashizm ustidan g‘alaba qozonishi aniq bo‘lib borayotgani tufayli ular bu davlat bergan taklifni batamom rad eta olmasdi. Shuning uchun ham ular Ukraina va Belorussiyaning BMTning ilk ta'sischilari safida bo‘lishiga rozi bo‘lishadi. Qolaversa, yuqorida aytilganday ularning o‘zi ham yarim dominion hududlarni BMT ta'sischilari orasida bo‘lishi uchun jon-jahdi bilan harakat qilayotgan edi.
Shu tariqa, Ukraina va Belorussiya 1945 yil 26 iyun kuni qabul qilingan BMT ustavining ta'sischilari va 24 oktyabrdan boshlab BMTning teng huquqli a'zosi bo‘ladi.
San-Fransisko konferensiyasida Ukraina delegatsiyasini Ukraina tashqi ishlar xalq komissari Dmitriy Maniulskiy boshqargan va BMT ustaviga u imzo chekkan.
Shu o‘rinda qiziq fakt shuki, Ukraina va Belorussiya 1946 yilga kelib Stalin taqdim etgan «tashqi siyosat va mudofaa ishlari»da berilgan keng vakolatlardan ayriladi. Bu ikki respublika delegatsiyasi BMT yig‘inlarida ham qatnashmay qo‘yadi. Ammo, ularning xalqaro tashkilotdagi a'zoligi davom etaveradi. Ukraina va Belorussiyaning tarix kitoblarida bu ikki davlat BMT ta'sischilari bo‘lgan holda ushbu tashkilotga 1945 yil 24 oktyabrda a'zo bo‘lgan deb yozilgan.
Bugun Belarus rahbari Aleksandr Lukashenko «Belarus bir paytlar BMTni tuzgan davlatlardan biri bo‘lgani» haqida tez-tez faxrlanib gapirib turadi.
Mavzuga oid
22:44
Tramp ma’muriyatida Ukraina bo‘yicha maxsus vakil bo‘ladi - OAV
21:24
Kuraxovodagi ukrain garnizoni qurshovga tushishi mumkin. Frontdagi eng murakkab yo‘nalishlardan birida nimalar bo‘lmoqda?
18:53
Boris Jonson Ukrainaga britan harbiylari yuborilishi shartini aytdi
14:54