O‘zbekiston | 08:40 / 14.07.2020
8776
2 daqiqa o‘qiladi

Navoiy viloyatida ekologiya xodimlar tomonidan yoshi bir asrdan o‘tgan daraxtlar nazoratga olindi

O‘zbekistonda yoshi bir asrdan katta bo‘lgan daraxtlar soni 1 ming 14 tani tashkil etadi. Ularning barchasiga tabiat yodgorligi maqomi berilgan.

Foto: Navoiy viloyati Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasi

Navoiy viloyati Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasining inspektorlari tomonidan viloyatning Qiziltepa, Xatirchi, Karmana, Nurota va Navbahor tumanlarida 10 tup 100 yoshdan oshgan chinor, 17 tup 300 yoshdan oshgan tut, 3 tup 110 yoshdan oshgan akatsiya va 2 tup 150 yoshdan oshgan archa ko‘p yillik daraxtlari davlat nazoratiga olindi.

Samarqand viloyati bo‘yicha 47 ta daraxtga «Davlat tabiat yodgorligi» maqomi berilgan. Ularning 33 tasi sharq chinori hisoblanadi.

Urgut tumanidagi «Chorchinor» mahalla fuqarolar yig‘inida 1000 yoshdan 1087 yoshgacha bo‘lgan 6 ta, ming yoshgacha bo‘lgan 4 ta chinor daraxti sayyoramizdagi sanoqli daraxtlar sirasiga kiradi. Xuddi shunday qadimiy chinorlar Toyloq tumanidagi «Payshanba siyob», Payariq tumanidagi «Xo‘ja Ismoil» mahallalari va Oqdaryo tumanida mavjud bo‘lib, ular orasida 500 dan 1000 yoshga yetganlari ham bor. Yuqoridagi chinorlarning barchasi muhofaza etiladi.

Shuningdek, Narpay tumanidagi 150 yoshli baobab, 120 yoshli do‘lana va 100 yoshli qayrag‘ochni, Qo‘shrabot tumanidagi 200 yoshdan oshgan tut daraxtini, Urgut tumanidagi 152 yoshli qrim qarag‘ayi va 105 yoshli yong‘oq daraxti ham «Davlat tabiat yodgorligi» maqomiga ega.

Samarqand shahri Universitet xiyobonidagi botqoq sarv daraxti esa yurtimizdagi eng noyob daraxtlardan biri hisoblanadi. 100 yoshdan oshgan bu daraxt YuNeSKO muhofazasiga olingan.

Ma'lum bo‘lishicha, bir gektar yerga ekilgan daraxtlar 200 kishi nafas olganda chiqariladigan SO2 gazini singdirib, kislorod ajratib chiqaradi. Shuni inobatga olgan holda, yurtimizni ko‘kalamzorlashtirishda chinorlarni ayovsiz kesish emas, balki ularni ko‘paytirish lozim.

Mavzuga oid