O‘zbekiston | 20:33 / 17.07.2020
19680
11 daqiqa o‘qiladi

Korrupsiyaga yumshoq qonunchilik, lavozimiga nomunosib hokimlar, deklaratsiya tizimi va offshorlar - Akmal Burhonov bilan suhbat (2-qism)

Kun.uz Korrupsiyaga qarshi kurash agentligi direktori lavozimiga tayinlangan Akmal Burhonov bilan intervyu uyushtirgan edi. Quyida intervyuning ikkinchi qismi bilan tanishishingiz mumkin.

– Agentlikka direktor sifatida qo‘yilganingizdan keyin ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab munosabatlar bildirildi. Ularning aksariyatida agentlikka ishonchsizlikni sezish mumkin.

Masalan, ayrim foydalanuvchilar «Agentlik 100-200 dollarlik maishiy korrupsiya bilan ishlaydigan, faqat o‘qituvchi va shifokorlarni ortidan ta'qib qiladigan tashkilot bo‘lib qoladi», – deyishmoqda. Xo‘sh, agentlik haqiqatan katta-kichikning qilmishlariga bir xil munosabatda qaray oladigan tashkilot bo‘lishiga ko‘zingiz yetadimi?

– Agentlik tashkil qilingach o‘nlab vazir va hokimlarning qamalishi, pora bilan ushlanishi, pastdagi ishchilarning pora bilan ushlashini kutish noto‘g‘ri. Bu bizning asosiy mezonimiz emas. Kutilayotgan eng katta o‘zgarishlardan biri agentlik jamoatchilik bilan ish olib boradi. Fuqarolar bilan aloqa o‘rnatish imkonini beruvchi platforma ishga tushiriladi. Korrupsiya bilan bog‘liq qanday holatlar bo‘lsa, bizga murojaat qilishlari mumkin, biz tezkor choralarni ko‘ramiz.

Ya'ni faoliyatimiz faqatgina jinoiy ta'qib bilan shug‘ullanishdan iborat emas. Maqsadimiz – katta bo‘ladimi, kichikmi, har qanday darajadagi korrupsiyani aniqlash. Daromadlarni deklaratsiyalash, hokimlarning xatti-harakatlari, davlat xaridlari bo‘yicha nazorat yuritiladi.

Afsuski, hozirgacha davlat budjetidan pul o‘zlashtirish holatlari hatto korrupsiya deyilmagan.Oxirgi 6 oy-1 yilda katta masshtabdagi davlat xaridlari yoki davlat tomonidan moliyalashtirilgan obektlar bo‘yicha holatlarni ko‘rdik. Bu ishlar jamoatchilikka oshkor qilinishi kerak. Eng kichik ishlargina OAV orqali ko‘rsatilib, katta jinoyatlar ko‘rsatilmagan. Biz jinoyatni katta-kichikligidan qat'iy nazar protsessual tartib qoidalarga amal qilgan holda ommaga oshkor qilinishini ta'minlaymiz. Hozirgacha bo‘lib o‘tgan hodisalar bo‘yicha ishlar qo‘zg‘atilgan. O‘shalar bo‘yicha jarayonlarni ham jamoatchilikka oshkor qilib borish vazifasi qo‘yilgan.

–  Akmal aka, turli davlatlarning korrupsiyaga qarshi qonunlarini tez-tez o‘zgarib, yuridik qarashlarga, zamonga moslashtirilishini ko‘ramiz. Shu ma'noda, O‘zbekiston Jinoyat kodeksida korrupsiya uchun beriladigan jazo jahon tajribasi, amaliyoti bilan solishtirganda juda yumshoq va eskirgan emasmi?

Qonunlarimizda korrupsiyaga qarshi jazo choralarini kuchaytirish masalasiga fikringiz qanday?

– Ijobiy qarayman. Aynan korrupsion jinoyatlar bilib turib qilinadi. Bilib turgan holda davlatga, jamiyatga xiyonat qilinadi. Unga nisbatan javobgarlik choralarini kuchaytirish tarafdoriman. Faoliyatimiz avvalida qonunchilikni inventarizatsiyadan o‘tkazmoqchimiz. Qaysi yo‘nalish korrupsiyaga moyil? Qonunchilikdagi “fortochka”larni aniqlab, ular uchun javobgarlikni belgilaymiz.

Afsuski, normativ-huquqiy hujjatlar u yoki bu idoraning manfaatini ko‘zlagan holda ishlab chiqiladi. Chunki bizda qonun loyihalarini idoralarning o‘zlari ishlab chiqishi amaliyoti mavjud. Javobgarlikni faqatgina pora olish va pora berishda emas, balki davlat mulkini talon-toroj qilganlik va boshqalar uchun ham kuchaytirish nazarda tutiladi. Maqsad jazolash emas. Biz jamiyatda korrupsiyaviy holatlarning o‘zini kamaytirish uchun harakat qilamiz.

Agentlikning faoliyat natijadorligini baholashda korrupsiya uchun javobgarlikning kuchaytirilishi, korrupsionerlarning ushlanishi, tergov harakatlarning oshkoraligi, jarayonda jamoatchilikning fikri eshitilishi kabilar sirasida eng katta mezon – tadqiqot o‘tkazganda oz bo‘lsa ham odamlarda qaysidir sohada korrupsiya kamaydi, degan fikrning paydo bo‘lishidir. Fuqarolarda korrupsiyaga nisbatan munosabatni o‘zgartirish kerak.

Bir jihatki, mentalitet degan so‘z hech bir qonunchilikda yo‘q. Ammo bizda hamma narsani mentalitet bilan bog‘lash singib ketgan. Oddiy misol, tantanalarda davlat tashkiloti rahbariga sovg‘a berish odati bor. Chet davlatlarda bu jinoyat hisoblanadi. Xizmat safarlariga borganda ham o‘zimiz bilan sovg‘a olib borsak, buni ekspertizaga beramiz, narxi belgilangan miqdordan oshsa, uni deklaratsiya qilib, muzeyga topshiramiz, deyishadi. Ammo sovg‘a berish bizda oddiy hol, mentalitetga yo‘yamiz. Rahbar to‘y qilsa, pul yig‘ib berish, rahbar bo‘lgani uchun ham ko‘proqdan yig‘ib berish odati bor. Maishiy masala deb qaralgani bilan, aslida bu ham korrupsiogen holat. Mana shu kichik narsalar ham zanjirni kattalashtirib yuboradi.

Korrupsiya faqatgina biron ishini bitirib berish uchun pul oldi-berdi qilish degani emas. Yana bir misol. Bizda sudya va advokat ishdan tashqari paytda istasa choyxonada o‘tira oladi. Ayrim davlatlar borki, sudya va advokatning bunday iliq munosabatlarini jamoatchilik ko‘rib qolsa, iste'fo berishi kerak. Bular ham rol o‘ynovchi omillar. Shuning uchun biz muammoga kompleks yondashishga harakat qilamiz.

– Bugun ko‘plab tuman, shahar va viloyat hokimlari ham moddiy, ham strukturaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlanyapti. Lekin ularning bu daraja, imkoniyatlarga qanchalik loyiq bo‘layotgani masalasi afsuski, kishini o‘ylantiradi.

Tan olish kerak, ma'lum bir toifa hokimlar bu imkoniyatlarni ko‘tarolmayapti. Ular vazifasini nima xohlasam shuni qila olaman, deb tushunmoqda. Va tabiiyki, xalqimiz bundan norozi. Sizningcha, bu yerda asosiy kamchilik, muammoning tuguni nimada?

– Buning juda ko‘p omillar bor. Lekin hokimlarni ham tushunsa bo‘ladi. Ular ayrim narsalarni oddiy hol deb o‘ylashadi. Masalan, pul tarqatishni. Hokimning kimgadir avtomobil sovg‘a qilishi, kimgadir pul tarqatishi ular uchun oddiy hol bo‘lib tuyuladi. Hokimga mumkin, deb o‘ylashadi. Shuning uchun ham biz davlat idoralari rahbarlarini, mansabdorlarni o‘qitishimiz kerak. Qaysi holat korrupsiogen vaziyat hisoblanadi, qaysidir holat oddiy tuyulsa hamki unda jinoyat alomatlari borligini o‘rgatishimiz kerak.

Agentlikni tashkil etishda ham uning vazifalaridan biri sifatida hamkor tashkilotlar bilan birgalikda hamma soha uchun modul – dastur ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.

Ikkinchidan, qonunchilikda imkoniyat yaratib qo‘yganmiz. Qonunchilik bo‘yicha hokimlarga ko‘p vakolatlar berilgan.

Deputatlarda ham aslida vakolat bor. Lekin nega bu narsa ularda emas, hokimlarda ko‘proq ko‘rinyapti? Demak, birinchidan, saviya, huquqiy madaniyat ham bir masala. Ikkinchidan, qonunchilikda korrupsion imkoniyatlar berilgan nuqtalarni tamomila qaytadan ko‘rib chiqish. Uchinchisi, qat'iy javobgarlikning bo‘lishi. Qonun barchaga bir xil ishlashini ta'minlash kerak.

Agentlikning maqomi ham hukumatga bog‘lab qo‘yilmadi, to‘g‘ridan-to‘g‘ri prezidentga bo‘ysunadi, parlamentga hisob beradi. Agentlik jamoasi vazifani to‘g‘ri tushunib, halol bo‘lsa, vazifasiga sidqidildan yondashsa, jamoatchilikka ochiq bo‘lsa, oz bo‘lsa ham natija ko‘rsata oladi.

– Jamoangiz kimlardan iborat bo‘ladi?

– Korrupsiya barcha yo‘nalishlarda mavjudligini aytib o‘tdik. Iqtisod, soliq, tibbiyot, buxgalteriya, axborot-kommunikatsiya sohasidagi malakali mutaxassislarni jalb qilishni rejalashtirganmiz. Huquqni muhofaza qiluvchi idoralarda tajribasi borlarni ham jamoada ko‘rishni istardik. Jamoaga qabul qilish ochiq tanlov asosida amalga oshiriladi.

–  Agentlikka yuklatilgan vazifalardan biri sifatida davlat xizmatchilarining daromad va mol-mulkini deklaratsiya qilish tizimini joriy etish hamda deklaratsiyadagi ma'lumotlarning haqqoniyligini tekshirish ekanligi belgilandi.

Bizda bu tizim hali yangi hisoblanadi. Shu paytgacha biror vazir, davlat maslahatchisi, hokim yoki boshqa lavozim egasi deklaratsiya to‘ldirishi amaliyotda bo‘lmagan. Xo‘sh, bu tizimning O‘zbekistondagi amaliyoti qanday bo‘ladi?

– Bu tizim haqida ikki yildan beri gapirilmoqda. Davlat xizmatchilari va mansabdorlar bunga tayyor bo‘lishlari kerak ham edi. Oxirgi 2-3 yilda davlat xizmatchilarining maoshi sezilarli darajada oshdi. Ertaga javob berishga ham, javob bera olmaslikka ham tayyor ular.

Davlat budjetidan pul oladigan barcha xizmatchilarning daromadini bosqichma-bosqich deklaratsiyalash yo‘lga qo‘yiladi. Yaqin orada fuqarolarning soliqlari hisobiga oylik oladigan barchaning daromadi to‘la deklaratsiya qilinishi ta'minlanadi. Tizim 2021 yilning boshidan ishga tushadi. Ish eng katta mansabdorlardan boshlanishi kerak, bu mantiqan ham to‘g‘ri bo‘ladi.

Nafaqat daromadlarni, balki davlat idoralari tomonidan qilinadigan xarajatlarning ham hisobi yuritilishi kerak. Davlat idoralari qilgan har bir xarajat haqida OAV orqali ma'lum qilinishiga erishmoqchimiz. Bunday sharoitda korrupsiya imkoniyati qiyinlashadi, mansabdorlarning mas'uliyati ham oshadi.

– Offshor kompaniyalarga qarshi kurashish holatlari qanday bo‘ladi?

– Agentlikka faqatgina deklaratsiya tizimini joriy qilish emas, balki daromadlar deklaratsiyasining haqqoniyligini tekshirish masalasi ham bor. Shartnomalarning asl tagiga yetish ham vazifalardan biridir. Offshor masalalarning tagiga ham huquqni muhofaza qilish organlari bilan birgalikda yetiladi.

Korrupsiya bilan barcha – fuqarolar ham, davlat idoralari ham, jamoatchilik ham birgalikda kurashishi kerak. Jamoat tashkilotlari, barcha fuqarolarni hamkorlikka chaqirib qolardim. Biz ularning fikrlarini tinglashdan manfaatdormiz. Har bir holatni nazorat qilish va ular uchun jazoning muqarrarligini ta'minlash uchun barcha imkoniyatlarni ishga solishga va'da beraman.

Ilyos Safarov suhbatlashdi,

Tasvirchi: Nuriddin Nursaidov.

Mavzuga oid