Davlat mulki obektlarini xususiylashtirish tartibiga tuzatishlar kiritildi
Endi davlat korxonalari va davlat muassasalarini AJ yoki MChJga o‘zgartirish to‘g‘risidagi arizani Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (Agentlik) saytiga elektron shaklda yuborish mumkin.
Norma’ning yozishicha, u ERI bilan tasdiqlangan, unda quyidagi ma'lumotlar ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak:
ariza beruvchi jismoniy shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi, STIRi, mobil telefon raqami va elektron pochta manzili;
ariza beruvchi yuridik shaxs bo‘lsa, tashkilot nomi, tashkilot STIRi, tashkilot rahbarining mobil telefon raqami va elektron pochta manzili.
Qoidaga ko‘ra, u bo‘yicha buyurtmanoma kelib tushgan davlat tashkilotining muassisi va mahalliy hokimiyat organi uni o‘zgartirishning maqsadga muvofiqligi to‘g‘risida xulosa berishlari kerak. Biroq ular xususiylashtirishga qarshi bo‘lgan taqdirda qanday xatti-harakat qilishlari kerakligi shu paytgacha qonun hujjatlarida qayd etilmagan edi.
Tuzatishlar bilan quyidagi ssenariy nazarda tutilgan. Davlat tashkilotining rahbari joriy tashkiliy-huquqiy shaklini saqlab qolish zarurligi haqida Agentlikni (uning hududiy boshqarmasini) yozma ravishda xabardor qiladi. So‘ng u o‘zi va, tegishincha, Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi Raisi, viloyat yoki Toshkent hokimi tomonidan imzolangan va muhr bilan tasdiqlangan tegishli xulosani taqdim etishi kerak. Davlat tashkilotini rivojlantirishni nazarda tutuvchi ushbu hujjatga quyidagilar ilova qilinadi:
Prezident, Vazirlar Mahkamasining qarori bilan yoki Vazirlar Mahkamasining tegishli Kotibiyati rahbari tomonidan tasdiqlangan tarmoq jadvali;
yuqori turuvchi tashkilot (u bo‘lmagan taqdirda – mintaqaviy ijroiya hokimiyati rahbari) tomonidan tasdiqlangan dastur.
Shundan so‘ng Agentlik o‘zgartirish tashabbusi bilan chiqqan ariza beruvchiga rad javobini beradi. Biroq dasturda yoki tarmoq jadvalida belgilangan muddatlarda chora-tadbirlar bajarilmasa, Agentlik yoki uning hududiy boshqarmasi mintaqadagi hokimlarning xulosasiga binoan davlat tashkilotini uning muassisi (yuqori turuvchi tashkilotining) roziligisiz, bu haqda uni 5 kun mobaynida ogohlantirgan holda, xususiylashtirish dasturiga kiritishga haqli bo‘ladi. Bu ta'lim (shu jumladan maktabgacha tarbiya) muassasalari, sog‘liqni saqlash, jismoniy tarbiya va sport bo‘yicha ta'lim muassasalariga tatbiq etilmaydi.
Davlat ko‘chmas mulk obektlarini xususiy shaxslarga sotish shaklida xususiylashtirish doirasida ham xuddi shunday mexanizm amal qiladi. Biroq uning o‘ziga xos jihatlari bor. Bunda quyidagi hollarda obekt balansda saqlovchining roziligisiz xususiylashtiriladi:
a) u tegishli so‘rovnoma kelib tushgan kundan boshlab 10 ish kuni ichida obektni davlat mulkida saqlab qolish zarurligi haqidagi xulosani taqdim etmagan bo‘lsa. Obekt binolarning (inshootlarning) umumiy maydoniga qarab xususiylashtirish dasturiga kiritiladi:
2 ming m2 gacha – 3 oydan keyin;
2 ming m2 dan ortiq– 6 oydan keyin;
b) dastur yoki tarmoq jadvalidagi chora-tadbirlar 12 oy davomida bajarilmasa. Obektni xususiylashtirish dasturiga kiritish to‘g‘risidagi qaror xuddi shu muddatlarda qabul qilinadi. Bu holda ular Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi, viloyat yoki Toshkent hokimligining xulosasi (dastur/tarmoq jadvali bajarilmayotgani to‘g‘risidagi) olingan sanadan boshlab hisoblanadi.
Hujjat 7.07.2020 yildan kuchga kirgan.
Mavzuga oid
07:50 / 24.10.2024
Davlat mulki obektlarini “nol” xarid qiymati bo‘yicha realizatsiya qilish tartibi bekor etilyapti
10:20 / 19.10.2024
Iqtisodiyotda xususiy mulkning ulushi yanada oshiriladi
19:11 / 04.10.2024
Tashkent city hududidagi banklar binolarini sotib olishga 4 investor qiziqish bildirdi – Davaktiv
09:12 / 14.09.2024