Jamiyat | 20:55 / 12.08.2020
9920
18 daqiqa o‘qiladi

«Niyatingiz xolis bo‘lsa, fikringiz asosini keltiring» - Huquqshunos ijtimoiy tarmoqdagi «negativ»lar haqida

Tarozining ham ikki tomoni bor, bir tomoniga o‘z manfaatingiz uchun og‘irroq tosh qo‘ysangiz, muvozanat buziladi. Dastlab kimgadir, so‘ngra butun jamiyatga ziyon yetadi. Shu tariqa, jamiyatda adolatsizlik yuzaga keladi. Jamiyat tarozining og‘ir tomoniga qarab og‘ib ketishi ham mumkin. Ana keyin haqiqiy falokat, jamiyatni «xaos»ga yetaklaydi.

Keyingi paytlarda, ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlarda hayotdan nolish, noliyverish, nimaiki islohotga qo‘l urilmasin hali o‘sha islohot boshlanmasidanoq, unga ishonchsizlik bildirish, hech bir fuqarolik mas'uliyatini his qilmay turib, masalani chuqur anglamay, osongina negativ fikr bildirish holatlari bolalab deymizmi, sun'iy urchib deymizmi, nima bo‘lganda ham xullas ko‘payib ketyapti.

Alloh taolo shunday marhamat qiladi: «Ey, mo‘minlar! Agar sizlarga biror fosiq kimsa xabar keltirsa, sizlar (haqiqiy ahvolni) bilmagan holingizda biror qavmga aziyat yetkazib qo‘yib, (keyin) qilgan ishlaringizga pushaymon bo‘lmasligingiz uchun (u xabarni) aniqlab (tekshirib) ko‘ringiz!» («Hujurot» surasi, 6-oyat).

Hayronman, jamiyatda biror bir mavqega erishmagan, hatto o‘z yaqin atrofdagilardan mehr ko‘rmagan, mehrni virtual olamdagi «layk»lar va «to‘g‘ri masala ko‘tardingiz, bularni tanobini tortib qo‘yish kerak», «rahmat sizga», «yuragingiz ikkitami deyman... qoyil-yey», «sizni qo‘llab-quvvatlayman» deyiladigan sharhlar yig‘ishga «kasal» bo‘lib qolganlar, divanda yotib olib, ijtimoiy tarmoqdagi kanallarida oqibatini ham o‘ylab ko‘rmasdan, o‘rtaga to‘la asoslanmagan «negativ»larni tashlab mazza qiladiganlar faoliyati urfga kirib ulgurdi.

Bugun ijtimoiy tarmoqlarning «piar» nomli to‘ridagi o‘ziga o‘xshagan tor doirada fikrlaydiganlar bilan «ijtimoiylashgan», virtual muloqot olamining faollarimiz deydigan, bir tomonlama dunyoqarashi shakllanib borayotgan, o‘zi quruq tanqiddan boshqa jamiyat uchun biror-bir foydali ish qilmay, soxta (reallikdan ancha yiroq) bo‘lgan o‘z virtual olamida «menman» (mening bitta negativ postim butun muammoni hal etadi, o‘sha masalani men ko‘tarib chiqdim, men hal qildim) degan qabilida, aslida masalaning faqat bir tomoninigina ko‘radigan, boshqa tomoniga «tupurgan»lar (chunki u tomoni unga kerakmas) soni ko‘payib bormoqda.

Ushbu toifa masalani real qo‘ysa, maslakdoshlari uni qo‘llamaydi. Maslakdoshlar faqat negativ fikrlilarni qo‘llaydi. Shuning uchun ham u masalaning negativ tomoniga zo‘r beradi, pozitiv tomoniga esa taqiq qo‘yadi (nopozitiv) yoki masalani boshqa tomoni uning virtual olamdagi «piar» imijiga salbiy ta'sir etadi...

Yana bir gap, ijtimoiy tarmoqlarda kanallar ochish, a'zolarni ko‘paytirish, «virtual shou-biznes» vakiliga aylanish, shu orqali daromad manbayiga ega bo‘lish yoki ayrim guruh va shaxslar manfaatida ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish - bular boshqa bir alohida mavzu bo‘lishi mumkin...

Bugungi xavotirim esa, butun dunyoda, hatto «manaman» degan eng taraqqiy etgan davlatlarda ham amalda mavjud hamda yechimi bilan kundalik va tizimli shug‘ullanish lozim masalalarni ham ushlab olib, «O‘zbekistondagi u rahbar qayerga qarayapti? Bu rahbar qayerga qarayapti? Bu hukumat o‘zi nima qilmoqchi? », «Kim-kim, mendek insonni ijtimoiy tarmoqda bildirgan mutlaq fikrim javobsiz qoldi», «Qani adolat? Qani demokratiya, qani inson huquqlari?» deydiganlar virus singari urchib boryapti.

Viruslarni bilasiz, aksariyat ziyon keltiruvchilar hisoblanishadi. Lekin, foydali viruslar ham bor. Bizga ayni dam ofat yog‘diruvchi, zarar keltiruvchi viruslar ortiqcha...

Aytmoqchimanki, hammaga kunday ravshan bo‘lgan masalani bayroq qilib olib, bo‘lar-bo‘lmasga hadeb noliyvermang...

Biror masala yuzasidan negativ fikr berdingizmi, agar niyatingiz xolis bo‘lsa, maqsadingiz toza-pok bo‘lsa, davlat va jamiyat, xalq manfaatini ustuvor bilsangiz, fikringiz asosini keltiring! Mayli u ilmiy maqola bo‘lmasin. Biroq, hech bo‘lmasa quruq gapdan xoli, obektiv axborotlar, asoslar bo‘lsin!

Qolaversa, o‘zingiz ko‘tarayotgan muammoning yechimini ham taklif qiling! Chora-tadbirlarini ko‘rsating, balki, davlat idoralariga foydangiz tegar, balki, ular siz bilgan narsani bilmas, ko‘rilayotgan masala yuzasidan taklif, dastur yoki boshqa bir yechimni ishlab chiqishga faqatgina Siz qodirsiz...

Yaqinda ijtimoiy tarmoqlar orqali hukumat unday qildi, hukumat bunday qildi, siyosiy partiya tuzsam u qilaman, bu qilaman deb aravani quruq olib qochish ham boshlandi. Agar maqsad davlat va jamiyat manfaatiga xizmat qilishdek shaffof, ochiq bo‘lsa, bu uchun siyosiy partiya tuzmasdan, taklif yo‘llash, faol fuqarolik pozitsiyasini to‘g‘ridan to‘g‘ri vakolatli organga murojaat qilish orqali bildirish ham mumkin-ku... Mabodo maqsad o‘zgacha bo‘lmasa...

Endi pozitiv fikr yuritishga va faol fuqarolik pozitsiyasini obektiv bildirish uchun asoslar sifatida keyingi uch yilda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning ayrimlarini keltirib o‘tsam:

  • yurtimizda so‘z va fikr yuritish hamda e'tiqod erkinligi huquqi amalda ta'minlandi;
  • diniy e'tiqod, diniy bag‘rikenglik masalasida 2016 yildan boshlab ilk bor taqiqlangan guruhlar a'zolari afv etila boshlandi, 20 mingdan ortiq yurtdoshlarimiz «qora ro‘yxat»dan chiqarildi, amalda «qora ro‘yxat» degan tushuncha yo‘q qilindi. Ayniqsa, prezidentning BMTda «Ma'rifat va diniy bag‘rikenglik» rezolyutsiyasi hamda «Yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro konvetsiyasi»ni qabul qilish tashabbusini ilgari surib, bunga erishgani bu yurtimizda davlat siyosati negizida insonning har qanday huquqlari ustivorligini anglatadi;
  • bolalarning majburiy mehnatiga amalda chek qo‘yildi;
  • paxta «umummilliy harakati» isloh etildi. Paxta rejasi degan tushunchaga barham berilib, mehnatga yarasha to‘lov joriy etildi. O‘qituvchi va sog‘liqni saqlash xodimlari, talabalar hamda boshqa davlat tashkilotlari xodimlarining beminnat xizmatlaridan foydalanish amaliyoti deyarli tugatildi;
  • Toshkent shahri va Toshkent viloyatida ko‘chmas mulkni olishda O‘zbekiston fuqarolari uchun ushbu hududlarda doimiy propiskaga ega bo‘lish talab qilinishi bekor qilindi, O‘zbekistonda propiska tizimi, shubhasiz, bosqichma-bosqich barham topadi;
  • qator davlatlar bilan vizasiz tizim joriy etildi va O‘zbekiston fuqarolari uchun ham qator davlatlarda viza tartibi bekor qilindi. Turizm rivojlanish sari qadam tashladi. Turistlar soni to‘rt baravar oshdi, bu sohada xizmat ko‘rsatishning kompleks tarmog‘i shakllana boshladi, sohada minglab aholiga yangi ish o‘rinlari yaratilmoqda;
  • O‘zbekistonning chet eldagi elchilari faoliyatidan endi chet ellardagi fuqarolarimiz kengroq boxabar bo‘la boshladi. Bir so‘z bilan aytganda, elchilarni xalq tanidi, elchilarning xalqaro iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishdagi roli sezilarli oshirildi;
  • chegaralar ochildi, tashqi siyosatda yaxshi qo‘shnichilik – yaqin qo‘shnichilikda «yangi bahor» siyosati o‘rnatildi;
  • «YaIM 8 foiz o‘sdi, budjet 2 foiz profitsit bilan bajarildi», degan hisobotlardan voz kechildi;
  • davlat budjeti, YaIM tarkibi va xarajatlar, valuta va oltin zaxirasiga oid ma'lumotlar, davlat g‘aznasiga oid hisobotlar ochiqlandi;
  • qanchalik murakkab bo‘lmasin valutani liberallashtirish siyosati izchillik bilan olib borilmoqda;
  • Bobotog‘da yashayotgan pensioner nafaqasini ilk marta naqd pulda oldi. Endi u tuman markaziga pul to‘lab transportda boradi, sir emaski, ungacha naqd pul olmagandan keyin yayov yurishga ham majbur edi, ungacha joylarda transportlarda naqdsiz pul to‘lovi shakllanmagandi;
  • naqd va naqdsiz to‘lov tafovutlari yo‘q qilindi. Endi uzoq tumanlarda ham naqdsiz xarid qilgan mahsulotingiz uchun ortiqcha 20 foizgacha ustama to‘lamaysiz;
  • davlat idoralari faoliyati ochiqlandi. Davlat idoralari rahbarlari jamoatchilik oldiga chiqib bemalol gapiradigan bo‘ldi;
  • ortiqcha yo‘l patrul postlari olib tashlandi;
  • korrupsiyaga qarshi kurashga alohida mas'ul agentlik tashkil etildi. Bu esa, ayni sohada ham islohotlar ortga qaytmasligidan dalolatdir;
  • inson huquqlarini ta'minlash borasida amaliy ishlar qilinmoqda. Avvalo, qiynoqlar tan olindi. Tergov faoliyati isloh etilmoqda. «Jasliq» jazoni ijro etish muassasasi faoliyati tugatildi;
  • bugun sudlarda oqlov hukmlari chiqarish odatiy holga aylandi. Ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq jazo choralarini tayinlash sezilarli ravishda kamaydi;
  • sudlar mustaqillik sari ilk qadamlarini tashlashga ulgurdi;
  • odil va mustaqil sudlovni ta'minlash, sud va tergov organlarida inson huquqlarini amalda samarali ta'minlash, ishonchli huquqiy himoya va advokatura institutini mavqeyini oshirish yuzasidan Davlat rahbari tomonidan 16ta farmon, qarorlar qabul qilindi. Shu asosida qonunlarga tuzatishlar kiritilib, hayotga izchil tatbiq etilmoqda. Isbot tariqasida joriy yil 24 iyunda qabul qilingan «Sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Farmon hamda kuni kecha imzolangan «Sud-tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmon ushbu islohotlarning mantiqiy davomidir desak bo‘ladi;
  • tadbirkorlarni tekshirishlar amalda keskin qisqardi;
  • hukumat muammolarni tan olmoqda va ochiq munosabat bildirmoqda;
  • qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yerlar sotuviga ruxsat berildi;
  • endilikda xususiylashtirish natijalari amalda qayta ko‘rib chiqilmaydi;
  • ta'lim va sog‘liqni saqlash tizimidagi tizimli muammolar e'tirof etildi, tan olindi. Ularning yechimiga qaratilgan islohotlar hayotga tatbiq qilinmoqda;
  • oliy ta'lim tizimida kvota institutini yo‘q qilish sari ishlar izchil amalga oshirilmoqda. Fuqarolarimizning chet davlat OTMlaridan O‘zbekiston OTMlariga o‘qishini ko‘chirish sodalashtirildi, hatto joriy yil o‘qishni ko‘chirishga yalpi ravishda ruxsat berildi;
  • maktabgacha ta'limda qamrovni to‘la ta'minlash sari amaliy ishlar davom ettirilmoqda, xususiy sektor ham bunga keng jalb etildi;
  • o‘qituvchilar oyligi va mavqeyini oshirish siyosati tizimli davom ettirilmoqda. O‘qituvchilarni boshqa majburiy mehnat va jamoat ishlariga jalb qilish amaliyotiga deyarli chek qo‘yildi;
  • fidokor mehnat muhojirlarimiz endilikda rasmiy statistikalarda ham tan olindi. Ularga munosib sharoit yaratish, ularning oila a'zolarini uy-joy bilan ta'minlash bo‘yicha prezident farmoni imzolandi, bu borada izlanishlar olib borilmoqda;
  • aynan prezident xalq qabulxonalari tomonidan aholining arzon va umuman uy-joyga bo‘lgan yuqori talabi, kambag‘al fuqarolar, nogironligi bo‘lgan shaxslarning nochor ahvoli ko‘tarib chiqildi. Joylarda tezkorlik bilan qulay ipoteka shartlarida arzon minglab turar joylar qurilib egalariga berilmoqda. Muhtojlarni tekin uy-joy bilan ta'minlash masalasi ham chetda qolmadi. Masalan, birgina o‘tgan 2019 yilning o‘zida Toshkent shahrida 500dan ortiq kvartira hech bir sharsiz muhtojlarga tekinga berildi. Ushbu ezgu ish respublika miqyosida davom etmoqda;
  • yillar davomida yig‘ilib qolgan va ko‘z yumilgan aholining ijtimoiy (ba'zan tabiiy ehtiyojiga oid muammolar ham) muammolarini hal etish uchun davlat budjeti va grand va boshqa budjetdan tashqari jamg‘armalar hisobidan, «Xalqimiz bugun yaxshi yashashi kerak» degan tamoyil asosida amalda qo‘rqmay, ochiq-oshkora mablag‘ ajratish keng yo‘lga qo‘yildi. Asosini birgina Mo‘ynoq tumaniga olib borilgan ichimlik suvida ham ko‘rish mumkin. Yoki Orolni o‘rmonzorga aylantirish yuzasidan qilingan amaliy tashabbus va amaliy ish respublika aholisini shu tashabbus doirasida birlashtirgan umumharakat sifatida aks etganini eslash kifoya;
  • amalda jamoatchilik nazorati uchun barcha tashkiliy-huquqiy shart-sharoitlar yaratildi. Jamoatchilik palatasi tashkil etildi, Yoshlar parlamenti tuzildi, Nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risidagi kodeks loyihasi ishlab chiqildi;
  • ma'muriy islohotlar konsepsiyasi amalga kiritildi. Davlat funksiyalari NNT o‘tkazish ishlari davlat siyosatining muhim yo‘nalishi sifatida belgilandi. 100dan ortiq vazifalar NNTlarga o‘tkazildi. Bu jarayon davom etadi;
  • Parlament va mahalliy vakillik organlari vakolatlari kengaytirildi. Bu boradagi islohotlar ham mantiqiy davomlilikka egadir;
  • «davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi», «inson manfaatlari ustuvorligi» tamoyili davlat siyosatining bosh maydoniga olib chiqildi. Xalq qabulxonalari, virtual qabulxonalar, Davlat xizmatlari agentligi orqali davlat xizmatlarini ko‘rsatish keng yo‘lga qo‘yildi. Elektron hukumat, byurokratiyasiz faoliyat sari tizimli ishlar qilinmoqda.
  • huquqni muhofaza etuvchi organlar va Milliy armiya isloh etildi. Milliy armiya reytingi bir necha bor yuqoriladi. Mudofaa sanoati yo‘lga qo‘yildi, bu uchun maxsus qo‘mita tashkil etildi. Yangi tashkil etilgan - Milliy gvardiya xalq ichiga kira oldi;
  • eng asosiysi esa, davlat va hukumat har bir murojaat va munosabatga imkon qadar e'tibor qaratmoqda. Jamoatchilikning fikr va mulohazalarini o‘rganmoqda va hisoblashmoqda.

Misol uchun, birgina bizning yigirmaga yaqin taklifimiz prezidentning parlamentga joriy yilgi Murojaatnomasida aks etdi va tegishli davlat dasturidan o‘rin egalladi.

Har qanday xushomaddan xoli ravishda, obektiv yondashib, yuqoridagi kabi islohotlar ro‘yxatini ancha davom ettirish mumkin. Lekin, asl muddao bunda emas.

To‘g‘ri, hayotga tatbiq etiladigan islohotlar har doim ham silliq ketib, kutilganidek natijani taqdim qilavermaydi. Islohotlarning 20-30 foizi kutilgan samarani taqdim etmasligi yoki qabul qilingan qonun hujjatlarining ham aynan shuncha foizi o‘z vaqtida ijro etilmasligi yoxud umuman ijro etilmasdan qolib ketishi ham mumkin. Bu jarayon va holat ham falokat emas, taraqqiy etgan davlatlar tajribasiga tayansak ham, bu tabiiy holat, bekamu-ko‘st islohotlar jarayonining o‘zi jahon tajribasidagi noyob holatlardandir.

Shunday ekan, keng qamrovli islohotlar jarayoni albatta, katta kuch, tajriba, fidokorlik (Janubiy Koreya fuqarolari kabi qimmatbaho toshlarini ham davlatni qo‘llab-quvvatlash uchun topshirganini misol qilmoqchi emasman), mehnat, mablag‘ va belgilangan vaqtni talab qilishini oxir-oqibat tushunishimiz, yo bo‘lmasa tushuna bilishimiz, anglab yetishimiz yoki shunga xohishimiz bo‘lishi, buni tan olishimiz muhimligini aytmoqchiman, xolos.

Illo, yurtimizdagi bugungi shiddatli islohotlar paketlarini tan olmaslik, ko‘rib ko‘rmaslikka olishga hech birimizning na ma'naviy na huquqiy jihatdan haqqimiz bor.

Bil'aks, bu islohotlar jarayoniga faqatgina negativ fikrlarga asoslangan arzon populizmga mukkadan ketish, faol fuqarolik pozitsiyamizdan, davlat va jamiyat, ona xalqimiz va jonajon Vatanimiz oldidagi farzandlik burchimizdan biroz yiroqlashtirishi ehtimoldan xoli emas.

Uzoq izlamaylik. Bugun G‘arbni qiynayotgan eng asosiy ikki muammo: ikkinchisi - migrantlar oqimini to‘xtatish masalasi bo‘lsa, birinchisi – siyosiy (ijtimoiy) populizmdir.

Bizdagi qanotchalarini yozib shakllanayotgan shaxsiy piar, arzon ijtimoiy (siyosiy) populizmni xavfi esa, o‘n barobar yuqori negaki, buning asosi bir tomonlama negativ faktorlar doirasiga tayansa, populizmdagi munozara va muhokama jarayonlari faoliyatga emas ko‘proq shaxslarga qaratilib, madaniy ahamiyat kasb etmayapti. Tajovuzkorlik kayfiyatini belgilari sizib chiqmoqda. Bu esa, nafaqat ijtimoiylashuv jarayoni qoidalariga, balki, jamiyatning ijtimoiy qadriyatlariga putur yetkazishi mumkin...

Yana bir gap, hadisda keltirilganidek, «Barcha amallar niyatga qarab bo‘ladi». Pok niyatlar bilan boshlangan xayrli ishlar, albatta ijobat bo‘ladi. Agar islohotlar jarayoniga o‘z hissamizni qo‘shmas ekanmiz hech bo‘lmasa, bu jarayonlarda jamiyat umumkayfiyatiga salbiy ta'sir etuvchi, asossiz negativlar o‘rniga foydali ish bilan mashg‘ul bo‘lish xayrliroqdir.

Agar, parlamentga Murojaatnomadagi so‘zlar bilan aytsak, barchamiz bir tan-u bir jon bo‘lib, yakdil va ahil bo‘lib harakat qilsak, halol-pok bo‘lib, yaxshi niyat bilan mehnat qilsak, har qanday marralarni egallashga, boshqacha aytganda, tariximizning yangi sahifasini yaratishga qodir xalqmiz.

Bu yo‘lda qanday qiyinchilik va mashaqqatlar bo‘lmasin, barchasini mardona yengib o‘tishga tayyormiz. Bunday ezgu ishlarda bizga Yaratganning o‘zi, buyuk ajdodlarimizning pok ruhlari madadkor bo‘ladi.

Nuriddin Murodov, huquqshunos

Muallif fikri tahririyat nuqtayi nazarini ifodalamaydi.

Mavzuga oid