Joylashtirish xizmatlarini ko‘rsatish va hostellar tashkil etish tartibi tasdiqlandi
Vazirlar Mahkamasining 10.07.2020 yildagi «O‘zbekiston Respublikasida turizm sohasini tiklash va rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 433-son qarori qabul qilindi.
Hujjat bilan quyidagi nizomlar tasdiqlangan:
• O‘zbekiston Respublikasi hududida joylashtirish bo‘yicha xizmatlarni ko‘rsatish tartibi to‘g‘risidagi nizom (1);
• O‘zbekiston Respublikasida hostellar faoliyatini tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizom (2);
• Turar joylarni ijaraga berishning Yagona elektron reyestrini yuritish va ularni sertifikatlash tartibi to‘g‘risidagi nizom (3).
Norma’ning yozishicha, nizomga (1) muvofiq mehmonxona xizmatlariga, shu jumladan ularning hajmi va sifatiga doir talablar, qonun hujjatlarida boshqa talablar nazarda tutilmagan bo‘lsa, bajaruvchi va tashrif buyuruvchining (buyurtmachining) kelishuviga binoan belgilanadi. Bunda nomer (joy) narxi bajaruvchi tomonidan mustaqil belgilanadi.
Mehmonxona xizmatlari doimiy yashash joyi, fuqarolik, jismoniy shaxslarning qarindoshlik va nikoh munosabatlari, shuningdek shaxsiy hayot huquqini cheklovchi boshqa omillardan qat'i nazar ko‘rsatilishi lozim.
Mehmonxona xizmatlarini ko‘rsatish va ulardan foydalanishning ichki qoidalari tashrif buyuruvchiga ma'lum qilinadi. Joylashtirish vositasiga tashrif buyuruvchining kelish vaqtidan boshlab va uning ketishigacha bo‘lgan muddatda u band qilgan nomerga (joyga) turar joy daxlsizligi to‘g‘risidagi qonun hujjatlari normalari tatbiq etiladi.
Joylashtirish vositalari majburiy ravishda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi huzuridagi «Turizm xizmatlarini sertifikatlashtirish markazi» DUK tomonidan sertifikatlanadi va belgilangan toifaga muvofiq bo‘lishi kerak.
Mehmonxona to‘g‘risidagi ma'lumotlar tashrif buyuruvchilar tanishishi uchun qulay bo‘lgan joyda, shuningdek rasmiy veb-saytga (mavjud bo‘lganda) joylashtirilishi lozim.
Shuningdek Nizomda quyidagilar keltirilgan:
• mehmonxona xizmatlarini taqdim etish, shu jumladan nomerlarni bron qilish, bepul tarzdagi xizmatlarni ko‘rsatish tartibi;
• bajaruvchi va tashrif buyuruvchining javobgarligi.
Nizom (2) hostellar faoliyatini tashkil etish va hostel xizmatlarini taqdim etish tartibini belgilaydi.
Hostel egalari faqat ular Oilaviy mehmon uylari va hostellar yagona reyestriga kiritilgandan so‘ng mehmonxona xizmatlari va vaqtincha yashash bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish huquqiga ega bo‘ladi. Nizomda xostellarni Reyestrga kiritish va undan chiqarish tartibi, shuningdek Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining ma'lumotlar bazasini yuritish va yangilab borish tartibi keltirilgan.
Reyestrga kiritish uchun arizaga yong‘in xavfsizligi va sanitariya-gigiyena nazorati bo‘yicha vakolatlangan nazorat organlarining xulosalari nusxalari, shuningdek hostellarning standartlashtirishga oid normativ hujjatlarda belgilangan talablarga muvofiqligini tasdiqlovchi hujjatlar ilova qilinishi kerak.
Yangidan tashkil etilgan hostellar uchun ulardan foydalanish kunidan boshlab bir yil davomida ko‘rsatib o‘tilgan hujjatlar o‘rniga davlat komissiyasining foydalanishga qabul qilish to‘g‘risidagi dalolatnomasi nusxasi ham taqdim etilishi mumkin.
Vakolatli organ hostellarning Nizom va standartlashtirish bo‘yicha normativ hujjatlar talablariga muvofiqligini o‘rganib chiqadi. Monitoring quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
• joylashtirish vositalari va ular tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlarning belgilangan talablarga muvofiqligini o‘rganish orqali;
• hostellarga tashrif buyuruvchilarni (turistlarni) vakolatli davlat organi tomonidan tasdiqlangan shaklda anketalashtirish yo‘li bilan.
Nizom (3) amaldagi avtomatlashtirilgan maxsus elektron dasturda ijaraga beriladigan turar joylar va yashovchilar hisobini yuritish, shuningdek sertifikatlashtirish va Turar joylarni ijaraga berishning yagona reyestrini yuritishning tartibini belgilaydi.
Nizomda belgilanishicha, jismoniy va yuridik shaxslar tasarrufida bo‘lgan, turistlarga 30 kungacha ijaraga beriladigan turar joylar soliq solish maqsadlarida ro‘yxatdan o‘tkaziladi, shuningdek turistlar turgan joyi bo‘yicha vaqtincha ro‘yxatdan o‘tkaziladi. Ular turar joylar Reyestrga kiritilgandan so‘ng ijaraga berish huquqiga ega bo‘ladilar.
Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi huzuridagi «Turizm xizmatlarini sertifikatlash markazi» DUK tomonidan soddalashtirilgan tartibda sertifikatlash amalga oshiriladi va Reyestr yuritiladi. Markazga onlayn-rejimda taqdim etilgan arizalar va ilova qilingan hujjatlar bir kun ichida ko‘rib chiqiladi. O‘rganib chiqish natijalari bo‘yicha turar joy Reyestrga kiritiladi va bu haqda turar joy egasiga avtomatik rejimda QR-koddan foydalangan holda xabar yuboriladi.
Ijaraga berilayotgan turar joy «Turistik xizmatlar, joylashtirish vositalari va umumiy talablar»ga muvofiq bo‘lishi lozim. Ijaraga beruvchi turar joydagi sanitariya-gigiyena va yong‘in xavfsizligi uchun javobgar bo‘ladi.
Reyestrga kiritish to‘g‘risidagi arizani ko‘rib chiqish uchun yig‘im har bir turar joy uchun quyidagi miqdorlarni tashkil etadi:
• jismoniy shaxslar (yakka tartibdagi tadbirkorlar) uchun – BHMning 50%i;
• yuridik shaxslar uchun – 1 BHM.
Shuningdek Nizomda quyidagilar qayd etilgan:
• turar joy egasining belgilangan talablarga rioya qilishini monitoring qilish tartibi;
• turar joy egalari Turizm xizmatlarini sertifikatlash markazining huquq va majburiyatlari.
Hujjat 10.07.2020 yildan kuchga kirdi.
Mavzuga oid
23:32 / 13.11.2024
Florensiya «haddan ziyod turizm»ga qarshi kurash bo‘yicha yangi choralar qabul qildi
21:49 / 04.11.2024
O‘zbekistonliklar 2024 yilda Qozog‘istonda eng ko‘p pul sarflagan xorijliklar qatoriga kirdi
10:26 / 03.11.2024
O‘zbekistonga xorijdan kelgan sayyohlar soni ma’lum qilindi
22:45 / 24.10.2024