Iqtisodiyot | 17:25 / 10.09.2020
50287
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonning davlat tashqi qarzi yarim yilda qanchaga oshgani ma'lum bo‘ldi. Eng ko‘p qarz OTB va Jahon bankidan

Moliya vazirligi O‘zbekiston Respublikasining davlat qarzi holati va dinamikasi sharhini e'lon qildi.

Qayd etilishicha, 2020 yil 1 iyul holatiga O‘zbekiston Respublikasi nomidan va uning kafolati ostida jalb qilingan qarz qoldig‘i dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra 19,4 mlrd. dollar ekvivalentini yoki yalpi ichki mahsulotga (YaIM) nisbatan 34,0 foizni tashkil etdi.

Xususan, dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, joriy yilning I yarim yilligida davlat tashqi qarzi 1,6 mlrd. dollarga yoki yil boshiga nisbatan 10,5 foizga oshib, joriy yilning 1 iyul holatiga 17,31 mlrd. dollarga yoki YaIMga nisbatan 30,3 foizga yetdi.

Shundan:

- Hukumat nomidan jalb qilingan tashqi qarz - 11,6 mlrd. dollar;

- Hukumat kafolatlagan tashqi qarz – 5,7 mlrd. dollar.

Davlat ichki qarzi dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra 21,6 trln. so‘mni (2,1 mlrd. dollar) yoki YaIMga nisbatan 3,7 foizni tashkil etdi.

Shundan:

- Hukumat nomidan jalb qilingan ichki qarz – 4,3 trln. so‘m (0,4 mlrd. dollar);

- Hukumat kafolatlagan ichki qarz – 17,3 trln. so‘m (1,7 mlrd. dollar).

Ma'lum qilinishicha, davlat qarzining so‘ngi yillardagi o‘sishi dinamikasiga qaramay, xalqaro me'yorlarga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi davlat qarzi (YaIMga nisbatan - 34,0 foiz), shu jumladan davlat tashqi qarzi (YaIMga nisbatan - 30,3 foiz) mo‘'tadil darajada saqlanib qolmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi davlat tashqi qarzi portfeli valuta tarkibining 69,4 foizi - dollar, 11,9 foizi - yapon iyenasi, 10,7 foizi – SDR (maxsus qarz olish huquqlari), 4,5 foizi – yevro, 3,5 foizi - boshqa valutalardagi tashqi qarz hissasiga to‘g‘ri keladi.

Davlat tashqi qarzining kreditorlar kesimida taqsimlanishi:

  • Osiyo taraqqiyot banki - 3,9 mlrd dollar;
  • Jahon banki - 3 mlrd dollar;
  • Xitoy eksimbanki - 2 mlrd dollar;
  • Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi - 1,7 mlrd dollar;
  • Xitoy davlat taraqqiyot banki - 1,3 mlrd dollar;
  • Xalqaro investorlar - 1 mlrd dollar;
  • Islom taraqqiyot banki - 0,8 mlrd dollar;
  • Yaponiya xalqaro hamkorlik banki - 0,4 mlrd dollar;
  • Boshqa xalqaro moliyaviy tashkilotlar - 3,2 mlrd dollar.

Mavzuga oid