Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekistonda tadbirkorlikka litsenziya olish uchun shunchaki xabardor qilish mexanizmi ishga tushadi - Davletov
Lisenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish jarayonlari to‘liq elektronlashtiriladi, deya ma'lum qildi adliya vaziri Ruslanbek Davletov.
Vazirning aytishicha, buning uchun «Lisenziya» axborot tizimi ishlab chiqiladi.
Natijada barcha litsenziya, ruxsatnoma va xabarnomalarni olishga hujjatlarni yagona portal orqali topshirish, ko‘rib chiqish va uni berish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.
Davletov shu yilning avgustida qabul qilingan prezident farmoni asosida, 1 yanvardan boshlab litsenziyalash sohasidagi ko‘plab muammolarga nuqta qo‘yilishini qayd etdi.
266 ta litsenziya turlaridan 70 tasi birdaniga bekor bo‘ladi yoki muqobil shaklga o‘tkaziladi. Ruxsatnomalardan esa 34 tasi bekor bo‘ladi yoki muqobil shaklga o‘tkaziladi.
Shuningdek, litsenziya va ruxsatnomalarni maxsus qog‘oz blankalarda rasmiylashtirish amaliyoti bekor qilinib, QR-kod qo‘yilgan elektron hujjatlar taqdim etish yo‘lga qo‘yiladi.
Prezidentimizning joriy yil yanvar oyida Oliy Majlisga qilgan murojaatnomasida tadbirkorlarni ko‘p qiynaydigan soha – litsenziyalash va ruxsatnomalar berish tartiblarini jiddiy o‘zgartirish haqida topshiriqlar berilgan edi.
Topshiriqqa asosan vazirlik tomonidan soha mutaxassislari va tadbirkorlarning takliflari asosida biznes muhitni yaxshilashga qaratilgan tizimli ishlar olib borildi.
«Muqobil shakl – biznes faoliyatini tartibga solishda xabardor qilish tizimi hisoblanadi. Bu tizim biznes sub'yektlari faoliyatini tartibga solishda O‘zbekistonda ilk marotaba qo‘llanilmoqda.
Muqobil shakl asosida, tadbirkor o‘z ichki tizimini qonunga asosan yo‘lga qo‘yib, faqat davlatni xabardor qiladi va uni talablarga mos yoki mos emasligi tekshirilmaydi. Avtomatik ravishda tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish imkoniyati paydo bo‘ladi.
Bu yerda biznes va davlatning orasida yangi bo‘g‘in shakllanadi. Aralashuvsiz, ortiqcha tekshiruvlarsiz, elektron tarzdagi munosabat asosida faoliyat boshlash imkoniyati berilyapti.
17 ta litsenziya oladigan faoliyat va 14 turdagi ruxsatnomalar – jami 31 ta holatda shunday xabardor qilish tizimi orqali o‘zining faoliyatini boshlash mumkin», – dedi vazir 2020 yil yakunlari bo‘yicha bergan intervyusida.
Ta'kidlanishicha, shu orqali ma'muriy tartib-taomillarni amalga oshirishdagi korrupsion holatlar cheklanadi, tadbirkorlarning Toshkent shahriga kelib-ketishi bilan bog‘liq vaqt va moliyaviy xarajatlari iqtisod qilinadi, davlatning maxsus blankalarni olishga bir yilda yo‘naltiradigan 13 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘lari tejaladi va qariyb 3,5 mln dona qog‘oz sarfining oldi olinadi.
Mavzuga oid
08:50 / 06.06.2026
Markaziy bank litsenziyalash qoidalariga yangi talablarni joriy qildi
19:13 / 30.05.2026
Migratsiya agentligi xorijga ishga boruvchilarni to‘lov qilishda aldanib qolmaslikka chaqirdi
17:45 / 01.05.2026
Barcha davlat tibbiyot muassasalari bosqichma-bosqich majburiy litsenziyalanadi
11:13 / 17.11.2025