Jahon | 23:06 / 26.04.2021
7866
2 daqiqa o‘qiladi

Chexiya senati mamlakat prezidentini vatanga xiyonatda ayblash imkoniyatini ko‘rib chiqadi

Senatdagilarning ta'kidlashicha, davlat rahbari Vrbetitsedagi ish bo‘yicha e'lon qilish mumkin bo‘lmagan ma'lumotlarni fosh qilgan.

Foto: EPA-EFE/MARTIN DIVISEK / Milosh Zeman

Chexiya parlamenti senati (yuqori palata) Vrbetitsedagi hodisa bo‘yicha xalqqa murojaati yuzasidan mamlakat prezidenti Milosh Zemanni vatanga xiyonat qilishda ayblash imkoniyatini ko‘rib chiqadi. Bu haqda yuqori palata spikeri Milosh Vistrchil ma'lum qildi.

Senatdagilarning ta'kidlashicha, davlat rahbari ushbu ish bo‘yicha e'lon qilish mumkin bo‘lmagan ma'lumotlarni fosh qilgan.

«Biz prezident vatanga xiyonat qilishda gumonlanishi munosabati bilan konstitutsion shikoyat berish imkoniyati bilan shug‘ullanamiz. Hozir kerakli ma'lumotlarni to‘plash va mavjud vaziyat bo‘yicha konstitutsion huquq ekspertlari fikrini o‘rganish lozim», – dedi Vistrchil.

Avvalroq Zeman mamlakatning kontrrazvedka xizmati taqdim qilgan hisobotda portlashlarga rossiyalik agentlarning aloqadorligini isbotlovchi ma'lumotlar yo‘qligini ma'lum qilgandi.

Chexiyadagi qator siyosatchilar Zemanning bu bayonotidan norozilik bildirishdi.

17 aprelda Chexiya bosh vaziri Andrey Babish mamlakat maxsus xizmatlaridan Vrbetitsedagi hodisaga Rossiya bosh razvedka boshqarmasi xodimlari aloqadorligi haqida axborot olganini ma'lum qildi. Bu ayblovlar Chexiya va Rossiya o‘rtasidagi munosabatlar taranglashishiga olib keldi. 

Vrbetitsedagi portlashlar 2014 yil 16 oktyabrda va 3 dekabrda yuz bergan. Portlashlar oqibatida 2ta ombor yo‘q bo‘lgan, 2 kishi halok bo‘lgan.

Bir yarim oydan keyin birinchi ombordan bir kilometr uzoqlikda joylashgan boshqa omborda kuchli portlash sodir bo‘lgan. Bu yerda 100 tonnaga yaqin o‘q-dori saqlangan.

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid