Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«MYu» - «Liverpul», «Barsa» azaliy raqibiga qarshi, Shomurodov Rimga boradi. Hafta o‘yinlari anonsi
Yevropada milliy chempionatlar eng qizg‘in pallaga kirmoqda. Italiyada agar «Atalanta» qoqiladigan bo‘lsa, shu turdayoq «Inter» rasman chempionlikni nishonlashi mumkin, Ispaniya va Fransiyada esa g‘olib eng oxirgi turda aniqlanadigan ko‘rinadi. Angliyada bu savolga javob deyarli topilgan bo‘lsa-da, odatiy ravishda YeChL yo‘llanmalari uchun kurash avj olgan.
Biz ham odatga xilof qilmagan holda e'tiboringizga dam olish kunlaridagi eng qiziqarli uchrashuvlar anonsini havola qilamiz.
APL. 34-tur
1 may (shanba)
BRAYTON – LIDS
O‘yin boshlanish vaqti: 19:00
Turnir jadvali, maydonda harakat qiladigan nomlardan qat'i nazar, juda qiziqarli, ikki o‘ziga xos murabbiyning bahsini tomosha qilmoqchi bo‘lsangiz, ushbu to‘qnashuvni o‘tkazib yubormang. Belsa shundoq ham hammaga ma'lum va qiziq, Potterning joriy jamoasi esa aytish mumkinki, mavsumning kashfiyotlaridan biri bo‘lmoqda. To‘g‘ri, hozirda «Brayton» xavfli zonadan uzoq emas, hatto Premer-ligani tark etishi mumkin. Ammo ko‘rsatilgan o‘yin sifati, ayniqsa, top-raqiblarga qarshi o‘yinlardagi ishonchli taktikalar tufayli ko‘pchilikning e'tibori qozonildi.
Bu borada so‘nggi paytlardagi «Lids» ham tahsinga loyiq. Jamoaning mag‘lubiyatsiz seriyasi 6 uchrashuvga yetdi (bu mavsumdagi eng yaxshi davr) va ahamiyatlisi, mana shu 6 uchrashuvda «Lids» «Chelsi», «Liverpul», «Manchester Yunayted» va «Manchester Siti» kabi jamoalarga qarshi o‘ynadi. Aynan shu taqvim tufayli «Lids»ning pastga sho‘ng‘ishini kutgan mutaxassislar endi jamoaning yevrokuboklar uchun raqobatdagi imkoniyatlarini chamalay boshladilar.
Xullas, ikki o‘ziga xos, har qanday sharoitda o‘z falsafasidan qaytmaydigan murabbiylar o‘rtasidagi duel juda qiziq bo‘lishi kutilmoqda. Yuqorida aytilganidek, turnir ahamiyati ham bor – masalan, «Brayton» hozirda xavfli zonaga eng yaqin jamoa bo‘lib turibdi. O‘rtada 7 ochkolik farq bor. Demak, bundan keyin har bir mag‘lubiyat Potter shogirdlari uchun katta bosim yuklab boradi.
Tarkiblardagi yo‘qotishlar borasida har ikki murabbiyda muhim futbolchilar yo‘q, ammo bu yo‘qotishlar so‘nggi o‘yinlarda imkon qadar o‘rni to‘ldirilayotganini ham e'tirof etish kerak. Mezbonlar safida Lallananing holati shubha ostida bo‘lsa, «Lids» yana Rafinya va Rodrigoning xizmatlaridan foydalana olmaydi. Shuningdek, «Etihad»dagi o‘yinda maydondan chetlatilgan Liyam Kuper diskvalifikatsiyani o‘tashda davom etmoqda.
La Liga. 34-tur
1 may (shanba)
ELChe – ATLeTIKO
O‘yin boshlanish vaqti: 19:15
TV-translatsiya: FutbolTV

«Atletiko» ushbu mavsumda qay darajada omadli yoki omadsiz, buni faqat eng oxirida aytishimiz mumkin. Go‘yoki, qishdayoq chempionlikka hech kim xalaqit bera olmaydigan darajada ustunlikni boy bergan Simeone shogirdlariga achinish kerakdek, shu bilan birga eng hal qiluvchi pallalarda «Real» va «Barselona» ham kutilmagan qoqilishlari bilan hali ham «Atletiko»ning peshqadam bo‘lib turgani mo‘jizaga qiyoslansa arziydi. Hali «Kamp Nou»ga og‘ir safar borligini bilib tursak-da, hozirda barchasi «Atletiko»ning qo‘lida, qolgan uchrashuvlardagi g‘alaba ularni chempionga aylantiradi. Odatda, taqvimga qaralganda, aynan nomdorroq, kuchliroq raqiblarni baholashga o‘rganib qolganmiz, lekin «Barselona»ga safar oldidan eng muhim va qiyin bo‘lishi kutilayotgan uchrashuv aynan «Elche» bilan kechishi ham mumkin. Sababi, «Elche» turnir jadvalida 30 ochko bilan 18-o‘rinda turibdi va yana 3 jamoa bilan elitada qolish uchun kurash olib bormoqda. Yuqoridagi «Valyadolid»da ham 30, «Alaves»da 31, «Xetafe»da 34 ochko bor. Ikkinchidan, «Elche» o‘z maydonida har qanday raqibga muammo tug‘dira oladi. Masalan, bu stadionda «Real» ham g‘alaba qozona olmagan, «Sevilya» mag‘lub bo‘lgan. Chempionlar ligasini ham qo‘shganda, qatorasiga besh o‘yindan beri safarda g‘alaba qozona olmayotgan «Atletiko» uchun tabiiyki, «Elche» muammo tug‘dira oladi.
G‘alaba madridliklarga Barselonaga turnir peshqadami sifatida borish imkoniyatini taqdim etsa, mag‘lubiyat umuman jamoani 4-o‘ringa ham tushirib yuborishi mumkin.
A Seriya. 34-tur
2 may (yakshanba)
LATsIO – JYeNOA
O‘yin boshlanish vaqti: 15:30
TV-translatsiya: FutbolTV/UzReport

Yakshanba kungi o‘yinlarga Rimdagi bahs start beradi. So‘nggi turda «Milan»ni yirik hisobda mag‘lub etgan «Latsio» navbatdagi uchrashuvda «Jyenoa»ni mehmon qiladi. Genuyaliklar tarkibidagi Eldor Shomurodov so‘nggi o‘yinda golsizlik seriyasiga barham berib, Rimga ko‘tarinki kayfiyatda tashrif buyurishi aniq. Ballardini jamoasi himoyaviy futboli bilan nom qozonayotgan bo‘lsa, Indzagi jamoasi hujumkorligi bilan e'tirof etiladi. Ikki xil uslubdagi jamoalar bahsida mezbonlar favorit sanalishsa-da, «Jyenoa» va Eldorning Rimdagi o‘yini o‘zbekistonlik muxlislar diqqat markazida bo‘ladi.
APL. 34-tur
2 may (yakshanba)
MANCheSTeR YuNAYTeD – LIVeRPUL
O‘yin boshlanish vaqti: 20:30
TV-translatsiya: FutbolTV/UzReportTV
2014 yildan beri «Liverpul» «Old Trafford»da g‘alaba qozona olmayotgan bo‘lsa-da, aynan hozir Yurgen Klopp uchrashuv maydoni sifatida «Old Trafford»ni tanlasa kerak. Chunki «Enfild» 2021 yilda «Liverpul» uchun eng omadsiz stadionga aylandi – oxirgi 12 uchrashuvdan atigi 1 g‘alaba, 4 durang va 7 mag‘lubiyat. O‘tgan turda «Liverpul»ning juda katta ustunligi ostida o‘tgan «Nyukasl»ga qarshi uchrashuvda ham g‘alaba ushlab qolinmagani alamli bo‘ldi. Oqibatda «Chelsi» va «Lester»ni mos ravishda 4 va 8 ochkoga oldinga qochirib yubordi. Demak, «Liverpul» bu safar g‘alaba qozonishi shart, aks holda farq yanada kattalashib Chempionlar Ligasi yo‘llanmasi uchun imkoniyat juda pasayib ketadi.

«Yunayted»ning ham o‘z vazifalari bor. Sulsher uchun shogirdlarining o‘tgan mavsumdan ko‘ra, yaxshiroq natija bilan, ya'ni 2-o‘rinda tugatishlari ahamiyat kasb etadi. Hozirda «Lester» bilan farq 5 ochkoni tashkil qilsa-da, qatorasiga ikki o‘yinda ochko yo‘qotish qo‘shimcha bosimga sabab bo‘lishi hech gap emas. Umuman olganda «MYu»ning ishlari yaxshi, 13 o‘yindan iborat mag‘lubiyatsiz seriya, «Old Trafford»da qatorasiga besh g‘alaba, jumladan, «Roma»ga qarshi Yevropa ligasi yarimfinalidagi 6:2 yordamida deyarli final yo‘llanmasi...
Ammo shu Yevropa ligasi «Liverpul»ga qo‘l kelishi mumkin. Tabiiyki, payshanba oqshomida asosiy tarkibda maydonga tushgan «Yunayted» jismoniy tarafdan raqibiga yutqazib qo‘yishi mumkin. Tarkiblar borasida «MYu»da hammasi joyida, «Liverpul»da jarohatlanganlar guruhi hali safga qaytgani yo‘q. Yurgen Klopp o‘yindan oldingi matbuot anjumanida Virjil van Deykning holati haqida fikr bildirdi. Ma'lum bo‘lishicha, niderlandiyalik himoyachi endi yugurishni boshlagan va hali jamoa bilan shug‘ullanishga vaqt bor. Katta ehtimol bilan uni ushbu mavsumda ko‘rmasak kerak.
Jamoalar o‘rtasidagi birinchi davradagi uchrashuvda hisob ochilmagandi. Oradan bir hafta o‘tib, Angliya kubogi doirasidagi bahsda esa «MYu» o‘z maydonida 3:2 hisobida ustun kelgandi.
La Liga. 34-tur
2 may (yakshanba)
VALeNSIYa – BARSeLONA
O‘yin boshlanish vaqti: 23:55
TV-translatsiya: FutbolTV/UzReport
Ispaniya chempionatida 20 ishtirokchi jamoa bilan o‘ynash boshlanganidan buyon hali hech qachon 5 tur qolganda birinchi va to‘rtinchi o‘rinlar orasidagi farq bu qadar qisqa bo‘lmagan ekan. Ha, peshqadamlar qoqilib, yiqilib ketayotgan joyga «Sevilya» ham yetib keldi va endi chempionlik uchun da'vogarlar soni 4 taga yetdi.

«Atletiko»ning Bilbaodagi mag‘lubiyati va «Real»ning qatorasiga ikki durangidan so‘ng «Barselona» go‘yoki turnirning yaqqol favoritiga aylangandi. Ammo jadvalning o‘rtalarida yurgan «Granada»ni yutib, 1-o‘ringa ko‘tarilib olish imkoniyatini Messi va sheriklari boy berib qo‘yishdi. Tabiiyki, intriga yanada oshdi. Kelasi hafta bo‘lib o‘tadigan, yuqorida ham tilga olingan «Atletiko»ga qarshi yil o‘yini oldidan «Barselona»ni qiyin safar kutib turibdi. Ha, «Valensiya» o‘zining eng beqaror mavsumlaridan birini o‘tkazmoqda, ammo tarixan ham, futbolchilarning motivatsiyasi nuqtai nazaridan ham valensiyaliklar peshqadamlar uchun qiyin raqib bo‘lib qolaveradilar.
Aytaylik, birinchi davrada Barselonada bo‘lib o‘tgan o‘yinda 2:2 hisobi qayd etilgan. Mestalyadagi so‘nggi uchrashuv o‘tgan yilning yanvaridagi bahsda esa mezbonlar 2:0 hisobida ustun kelishgandi. Umuman Valensiyadagi oxirgi 7 o‘zaro o‘yinning atigi 2tasida «Barselona» uch ochko bilan ketganini e'tiborga olsak, Kuman shogirdlariga oson bo‘lmasligi aniq.
2 may (yakshanba)
MONAKO – LION
O‘yin boshlanish vaqti: 23:55
TV-translatsiya: Match Futbol
Hammaning ko‘zi Ispaniyadagi intrigada ekani tabiiy, ammo e'tibordan biroz chetda bo‘lgan Fransiya chempionatida ham undan kam bo‘lmagan kurash ketyapti. Biz La Ligadagi azaliy peshqadamlar va ularning kurashiga o‘rganib qolganmiz, yil ora kuzatib turamiz, Fransiyadagisi esa rostanam unikal – so‘nggi 8 yilda ikkinchi marta (birinchisi «Monako»ning yulduzli mavsumi) chempionlik uchun «PSJ»ga raqobatchilar paydo bo‘ldi. Bir emas, bu safar uchta.
«Lill» 73 ochko bilan peshqadam, taqvim bo‘yicha ham u qadar kuchli raqibi bo‘lmagan Galte shogirdlari qolgan to‘rt o‘yinda g‘alaba qozonib, chempionga aylanishlari mumkin. Lekin orqadan quvib kelayotgan «PSJ»da 72, «Monako»da 71 ochko bor. Imkon tug‘ilganda «gazni bosish» uchun bu klublar ham tayyor turishibdi. «Lion» ham mana shu guruh ichida bo‘lishi mumkin edi, lekin o‘tgan turda «Lill»ga qarshi o‘yinda g‘alabani qo‘ldan chiqarib, 67 ochko bilan 4-o‘rinda qolishdi. Ammo nazariy tomondan lionliklarda ham imkoniyat borligini qayd etish kerak.
Har qadamda ochko yo‘qotishi mumkin bo‘lgan «Lill» («Monpele» bilan durang, «Nim»dan mag‘lubiyat), bir ko‘ngli Chempionlar ligasida bo‘lgan «PSJ» bilan raqobatda «Monako»ning imkoniyati yomon emas, buning uchun «Lion» ustidan g‘alaba qozonish kerak bo‘ladi. Bu ishni orolliklar yaqinda, 22 aprel kuni Fransiya kubogi chorakfinalida ham amalga oshirgandi. Folland va Ben Yyedderning gollari mehmonlarga g‘alaba keltirgan. Chempionatda esa «Lion» «Monako»ga qarshi oxirgi ikki o‘yinni yirik hisobda g‘alaba bilan yakunlagan.
Mezbonlarga juda ko‘p futbolchilarning jarohatlangan ekanliklari katta muammo tug‘diradi. Jumladan, Golovin, Matsima, Matazo, Miyo, Martinsh, Diatta, Diop, hamda Yovetich kabi futbolchilar bir necha haftaga safdan chiqishgan.
BOShQA O‘YINLAR
1 may. PSJ – Lans (20:00), Krotone – INTeR (21:00), CheLSI – Fulhem (21:30), MILAN – Benevento (23:45), ReAL – Osasuna (23:55), EVeRTON – Aston Villa (23:55)
2 may. Nyukasl – ARSeNAL (18:00), NAPOLI – Kalyari (18:00), Sassuolo – ATALANTA (18:00), Udineze – YuVeNTUS (21:00), TOTTeNHEM – Sheffild (23:15), LILL – Nitssa (23:55).
Mavzuga oid
22:18 / 01.04.2026
Abduqodir Husanov «Manchester Siti»da uchinchi marta oyning eng yaxshi futbolchisi bo‘ldi
12:16 / 23.03.2026
Madrid derbisida “Real” ustun keldi, “Barselona” minimal hisobda g‘alaba qozondi
16:00 / 19.02.2026
Angliyada poyga boshlandi. «Arsenal»ga nima bo‘lyapti?
23:09 / 06.02.2026