O‘zbekiston | 22:23 / 17.08.2021
9207
4 daqiqa o‘qiladi

“O‘zgidromet” rahbari: Toshkentda atmosfera havosi ifloslanishiga qurilish, chang va iqlim o‘zgarishlari ham sabab bo‘lyapti

17 avgust kuni Gidrometeorologiya xizmati markazi mas'ullari ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

Anjumanda mas'ullarga O‘zbekistonda yiliga atmosferaga qariyb 2,5 mln tonna zaharli gazlar chiqarilayotgani va bu raqamlar yildan yilga o‘sib borayotgani haqida savol berildi.

“O‘zgidromet” bosh direktori Sherzodxo‘ja Habibullayevga ko‘ra, haqiqatan ham 2018–2020 yillar davomida transport vositalaridan ajralib chiqadigan zaharli moddalar miqdori 14 foizga, turg‘un manbalardan chiqadigan zaharli moddalar esa 62 foizga o‘sgan.

“Bu faqat transport vositalari emas. Unga og‘ir metallar ishlab chiqarish va qurilishda ishlatiladigan gazlar ham kiradi. Biz bu ko‘rsatkich bo‘yicha Toshkent shahridagi ko‘rsatkichlarni alohida kuzatib boramiz. Toshkentda bu ko‘rsatkichlar keskin oshishiga haqiqatan ham qurilish, chang va iqlim o‘zgarishlari sabab bo‘lyapti.

Biz vazirlik va idoralar bilan o‘rganishlar o‘tkazganmiz. Bu balki savolingizga qisman javob bo‘lar. Qarang, yaqinda Toshkent viloyatidagi “Piramida” dam olish maskanida bo‘ronli shamol kuzatildi. Bu yilning shu davrigacha ikkinchi marta kuzatilmoqda.

Bizda shamol yo‘llarining xaritalari bor. Biz bu yo‘llardan tashqari, shamol yurmaydigan yo‘llardan ham yurdik. Unga ko‘ra, aholi tomonidan chorvani olib o‘tish, boqish yo‘llari 2 yil ichida 15 barobarga ko‘paygan. Ya'ni yashil hududlar o‘rnida toshli yo‘llar ko‘paymoqda. Bu o‘z o‘rnida qurg‘oqchilikka ham sabab bo‘ladi. Bu joydagi oddiy shamollar esa bo‘ronga ko‘tarilmoqda. Bu shamollar esa Toshkentgacha ham yetib kelayotgani kuzatildi.

Bu ham ekologiya. Ya'ni faqat gaz, zaharli moddalarning o‘zi emas. Bizning asosiy vazifamiz bularga chora ko‘rish emas, kuzatish», – dedi Sherzodxo‘ja Habibullayev.

“O‘zgidromet” bosh direktori Sherzodxo‘ja Habibullayev

“O‘zgidromet” rahbari mamlakatda atmosferaga chiqadigan 2,5 mln tonna zaharli gazlarning 60 foizi avtotransport vositalaridan chiqadigan gazlar hissasiga to‘g‘ri kelishi hamda bu rivojlangan davlatlarda belgilangan standartlardan 3 baravar ko‘pligi haqidagi savolga ham javob qaytardi.

“Bu sodda qilib aytganda “yevrostandartlar” deyishadi. Biz bu raqamlar bilan tanishib boramiz. Bu borada benzinni sifatlisiga o‘tkazib ham o‘rganish olib borishgan. Baribir natija yaxshi emas. Buni elektrdan quvvat oluvchi avtomobillarga o‘tish orqali kamaytirish mumkin.

Bu ko‘rsatkichlarni, shuningdek, katta-katta avtomobil yo‘llarini qisqartirish va avtomobillarni kamaytirish hamda odamlar ko‘proq piyoda yurishi orqali ham yaxshilash mumkin.

Bu yerda juda ko‘p faktorlar bor. Yo‘llar, daraxtlar, suv kamayishi, qurilishlar esa shamol yurish yo‘llarini hisobga olmay qilinayotgani natijasida ham bizda salbiy natijalar yuqori”, – dedi u.

Mavzuga oid