16:39 / 22.09.2021
22132

«Maktabning, muallimning nufuzini ko‘tarmasak, birorta jiddiy samaraga erisha olmaymiz» – Shavkat Mirziyoyev 

Xorazm viloyatida ham 1-4 sinf o‘quvchilariga bepul tushlik berish yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev ma'lum qildi.

“Ta'lim, ta'lim, ta'lim! Men bu gapni qaytarishdan charchamayman. Ta'lim sohasida mutlaqo yangi tizim yaratamiz. Nafaqat Qoraqalpog‘istonda, balki Xorazm viloyatida ham kelgusi yildan boshlab 1-4 sinf o‘quvchilariga bepul tushlik berishni yo‘lga qo‘yamiz. Bilasizlarmi, bundan bolalar kayfiyati qancha o‘zgaradi? Maktabga kelish ham boshqacha bo‘ladi. Bittagina tuxum yeb, shirin choy ichib olgan bolaning vujudi tetik bo‘ladi. Bilaman, buni amalga oshirish qiyin, lekin men o‘z bolalarimdan hech narsani ayamayman.

Ta'lim sifatini oshirish bo‘yicha aniq choralar ko‘riladi. Birinchidan, maktabgacha ta'lim bilan qamrab olish darajasi 82 foizga yetkaziladi. Jumladan, qamrov darajasi past bo‘lgan Hazorasp, Xiva, Bog‘ot, Urganch va Yangiariq tumanlarida bu ko‘rsatkich 100 foizga olib chiqiladi. Buning uchun, 104 ta davlat va 43 ta xususiy, 379 ta oilaviy bog‘chalar tashkil etiladi. Ayniqsa, bular birorta ham bolalar bog‘chasi bo‘lmagan 40 ta mahallada ishga tushiriladi.

Ikkinchidan, kelgusi besh yilda 17 ta yangi maktab quriladi, 248 tasi rekonstruksiya qilinadi va kapital ta'mirlanadi. Buning hisobiga, maktablar yuklamasi 30 foizga kamayadi. Ushbu maqsadlar uchun, budjetdan 1,4 trillion so‘m ajratiladi. Shuningdek, 160 ta maktab sport zallari ta'mirlanadi. Sport anjomlari va cholg‘u asboblari bilan jihozlash uchun, har bir maktabga yiliga 10 million so‘mdan, bog‘chaga esa, 5 million so‘mdan mablag‘ ajratib boriladi.

Shuningdek, kelgusi o‘quv yilidan boshlang‘ich 1-4 sinf maktab o‘quvchilari uchun bepul tushlik berish tizimi Xorazmda ham joriy etiladi.

Oliy ta'limga qabul kvotalari 2,4 barobarga oshirilib, qamrov darajasi 52 foizga yetkaziladi. Buning uchun, texnika, qishloq xo‘jaligi, turizm sohalari uchun kadrlar tayyorlashga ixtisoslashgan 3 ta oliygoh tashkil etiladi. Urganch davlat universiteti qoshida Muhammad Xorazmiy nomidagi xalqaro matematika markazi va jamg‘armasini tashkil etamiz. Shuningdek, viloyatdagi oliygohlar uchun qo‘shimcha 3,5 ming o‘rinli 8 ta talabalar yotoqxonasi quriladi.

To‘rtinchidan, AyTi sohasini yangi bosqichga olib chiqish uchun, Birlashgan Arab Amirligi bilan hamkorlikda Ay-Ti klaster faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Ushbu klaster loyihasi doirasida Xalqaro Universitet, Muhammad al-Xorazmiy raqamli texnologiyalar forumi tashkil etiladi. “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida 100 ming nafar yoshlar o‘qitilib, dunyodagi ilg‘or Ay-Ti kompaniyalarida ishlash imkoniyati yaratiladi.

Shuningdek, 73 ta ixtisoslashgan maktabga xorijiy til egalari bo‘lgan o‘qituvchilar olib kelinadi. Viloyat maktablarida 300 ta zamonaviy kompyuter sinfxonalari tashkil etilib, 15 ming nafar yoshlarni AyTi-texnologiyalariga o‘qitish tashkil etiladi”, – dedi prezident yig‘ilganlarga qarata.

Top